Sankt-Peterburg: «O‘zbekiston madaniy merosi – xalqlar va mamlakatlar o‘rtasida muloqotga yo‘l»
Avval xabar qilinganidek, Rossiyaning Sankt-Peterburg shahrida «O‘zbekiston madaniy merosi – xalqlar va mamlakatlar o‘rtasida muloqotga yo‘l» ikkinchi xalqaro kongressi bo‘lib o‘tmoqda. 7 iyun Rossiya fanlar akademiyasining Maksim Gorkiy nomidagi Olimlar uyida anjumanning tantanali ochilishi bo‘lib o‘tdi.
Ikkinchi xalqaro kongress O‘zbekiston elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi, O‘zbekiston madaniyat vazirligi, bir qator davlat, jamoat va xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikda o‘tkazilmoqda.
Kun davomida «Madaniy merosni saqlash, o‘rganish va ommalashtirishning dolzarb yo‘llari umumjahon muammosi sifatida: O‘zbekiston tajribasi», «Buyuk ipak yo‘li markazida Sharq va G‘arb madaniy an’analarining o‘zaro ta’siri», «Insonparvar va ma’rifiy islom O‘zbekiston madaniy merosida», «Amaliy bezakli san’at: turmush, e’tiqod va go‘zallik uyg‘unligi», «Movarounnahr kitobat san’ati» singari yo‘nalishlar bo‘yicha O‘zbekiston va dunyo olimlarining qiziqarli, rang-barang ma’ruzalari tinglandi.
Ma’ruzachilar o‘z chiqishlarida dunyoning turli hududlarida saqlanayotgan o‘zbek madaniyatining bebaho durdonalari, ularning tarixi, o‘rganilishi, o‘ziga xos jihatlari to‘g‘risida qimmatli ma’lumotlar berishdi.
– Ikki yildan beri «O‘zbekiston madaniy merosi – xalqlar va mamlakatlar o‘rtasida muloqotga yo‘l» xalqaro kongressida ishtirok etib kelayapman, — deydi Igor Savitskiy nomidagi Qoraqalpog‘iston davlat san’at muzeyi direktori Gulbahor Izentayeva. – Loyiha doirasida bizning muzeyimizga bag‘ishlangan kitob-albom ham chop etildi. Bunday ilmiy anjumanlar biz uchun juda katta tajriba maktabi vazifasini o‘taydi. Dunyoning yirik muzeylari vakillari bilan uchrashamiz, ular bilan tajriba almashamiz.
Shuningdek, anjumanda «O‘zbekiston madaniy merosi dunyo to‘plamlarida» turkumida chop etilgan «O‘zbekiston madaniy merosi – davlat din tarixi muzeyida», «O‘zbekiston gilamchiligi: asrlarga tengdosh an’analar», «O‘zbekiston madaniy merosi – O‘zbekiston davlat san’at muzeyi to‘plamlarida», «O‘zbekiston madaniy merosi – Germaniya muzeylarida» kitob-albomlarining hamda ushbu mavzuda suratga olingan hujjatli filmlarning taqdimoti o‘tkazildi.
Ayni paytga qadar «O‘zbekiston madaniy merosi dunyo to‘plamlarida» turkumidan o‘nta kitob chop etildi. Yana beshta kitob-albom chop etilish arafasida. «Zamon press info» nashriyot uyida nashrga tayyorlangan bu kitoblar zamonaviy poligrafiya imkoniyatlari doirasida chop etilmoqda.
– Buyuk o‘zbek shoiri Erkin Vohidov «Tarixingdir ming asrlar ichra pinhon, o‘zbegim» deganida naqadar haq edi, – deydi Turkiyadagi «Mega basin» nashriyot uyining bosh direktori Selim Kondu. – Chindan o‘zbek xalqining madaniy merosi turkiy xalqlar orasida noyob va betakrorligi bilan ajralib turadi. Bu ulkan xazinaning dunyo miqyosidagi targ‘ibotida o‘z hissamizni qo‘shayotganimizdan benihoya mamnunmiz. Mazkur kitob-albomlar ham eng ilg‘or matbaa texnologiyaari, ham qo‘l mehnatidan foydalangan holda chop etilmoqda. Biz bunday keyin ham ushbu hamkorlikni davom ettirish niyatidamiz.
– Ayni paytda O‘zbekistonning Yaponiyadagi madaniy merosi durdonalariga bag‘ishlangan kitob-albom ustidagi ishlarimizni tugatish arafasidamiz, – deydi Yaponiyaning Sigaraki shahridagi Mixo muzeyi maxsus ilmiy xodimi Sergey Laptev. – Biz mazkur albomni yaratish jarayonida Yaponiyaning o‘nta muzeyidagi eksponatlarni o‘rganib chiqdik. Kunchiqar o‘lkada saqlanayotgan O‘zbekistonga oid eng qadimiy artefaktlar VIII asrga borib taqaladi. Bu nodir topilmalar ayni paytda imperator saroyida saqlanadi va yapon xalqining milliy xazinasidan o‘rin olgan. Bu misollar Yaponiya va O‘zbekiston orasidagi madaniy aloqalar juda uzoq tarixga egaligini isbotlaydi.
Eslatib o‘tamiz, ikkinchi xalqaro kongress doirasida Sankt-Peterburgdagi Rossiya etnografiya muzeyi, Kunstkamera, Din tarixi davlat muzeyi, Rossiya milliy kutubxonasida O‘zbekiston madaniy merosiga oid ko‘rgazmalar tashkil etilgan. «O‘zbekiston madaniy merosi – xalqlar va mamlakatlar o‘rtasida muloqotga yo‘l» ikkinchi xalqaro kongressi bugun, 8-iyun kuni o‘z ishini yakunlaydi.
Rustam Jabborov, Sankt-Peterburg
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter