Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Tramp Isroil borasida Kongress talabiga qarshi bordi

Tramp Isroil borasida Kongress talabiga qarshi bordi

Tramp Isroil davlatini hech qanday shartlarsiz qo‘llab-quvvatlamoqda.

AQSh prezidenti Donald Tramp ma’muriyati Isroilga 7,4 milliard dollarlik qurol-aslaha paketi savdosini ma’qulladi. 

Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahuning Vashingtonga tashrifi yakunida Oq uy o‘z ittifoqchisiga navbatdagi qurollar paketini yetkazishga qaror qilgan.

Reuters agentligi Kongressdagi demokratik partiyaga mansub qonun ijodkorlari Oq uydan qo‘shimcha ma’lumotlar olingunga qadar qurol savdosini to‘xtatib turishni so‘ragani, ammo Tramp bu talabga qarshi borganiga e’tibor qaratgan. 

Vakillar palatasi a’zosi Gregori Miks Oq uyni yirik miqdorda qurol savdosini tasdiqlashga doir amaldagi tartib-taomillarni buzish va Kongressga hurmatsizlikda ayblagan.

Isroilga yetkaziladigan navbatdagi qurollar paketiga raketalar, bombalar, dronlar uchun ehtiyot qismlar va boshqa aslahalar kiritilgan.  

Isroil HAMAS harakati hujumiga javoban 2023 yil 7 oktyabr kuni G‘azo sektoriga bostirib kirganidan keyin boshlangan qirg‘inbarotda 46 mingdan ziyod falastinlik, jumladan, 18 mingga yaqin bolalar va 12 mingdan ziyod ayollar halok bo‘ldi.

G‘azo sektorida Isroil bombardimonlarida minglab tinch aholi vakili halok bo‘lgani ortidan Oxfam hamda Human Rights Watch kabi inson huquqlari tashkilotlari AQShdan yahudiy davlatiga qurol yetkazishni to‘xtatishni talab qildi.https://xabar.uz/dpsj

Qo‘shma Shtatlardagi taniqli siyosatchilardan biri, senator Berni Sanders ko‘p milliardlik ko‘mak berishdan avval Netanyahu ma’muriyati zimmasiga tinch aholi o‘limini kamaytirish borasida majburiyat yuklashni talab etgan.

Avvalroq Davlat departamentining harbiy-siyosiy masalalar bo‘yicha byurosi direktori Josh Pol Vashingtonning Isroilga harbiy ko‘makni oshirish haqidagi qaroriga norozilik ifodasi sifatida o‘z ixtiyori bilan iste’foga chiqqan edi.

Jahon matbuoti xabariga ko‘ra, xalqaro hamjamiyat e’tiroziga qaramay, AQSh Isroilni goh imi-jimida, goh oshkora qurollantirishda davom etgan.

Joriy yil yanvar oyida Jo Bayden ma’muriyati ham Kongressni Isroilga 8 milliard dollarlik qurol-aslaha sotilishi rejasidan xabardor qilgandi.

2023 yil dekabr oyida Davlat departamenti ikki marta qonun chiqaruvchi idora ruxsatini ham kutmay Isroilga ko‘p million dollarlik o‘q-dori yetkazishni ma’qullagan.

Isroilning eng yaqin do‘sti deb ta’riflanayotgan Tramp prezidentlikka kirishganidan buyon yahudiy davlati manfaatlarini shartlarsiz himoya qiluvchi bir qator qarorlar qabul qildi. U, avvalo, Bayden tomonidan joriy etilgan G‘arbiy Sohilda zo‘ravonlik harakatlarini sodir etayotgan yahudiy kelgindilariga nisbatan sanksiyani bekor qildi. Tahlilchilar Trampning bu farmoni G‘arbiy Sohilda yahudiy ekstremistlarining zo‘ravonligini yanada kuchaytirishidan xavotir bildirmoqda.

Keyinroq Tramp G‘azo sektorini “tozalash” maqsadida bu yerda yashovchi ikki milliondan ziyod falastinlikni Misr va Iordaniya kabi davlatlarga ko‘chirish haqida o‘ta bahsli rejani ilgari surdi. Isroil rasmiylari ilgari surayotgan G‘azo sektori aholisini boshqa hududlarga ko‘chirish va keyinroq u yerda yahudiy kelgindilarini joylashtirish g‘oyasiga hamohang yangragan bu tashabbus xalqaro hamjamiyat, jumladan, AQShning ittifoqchisi Yevropa Ittifoqi tomonidan qoralandi.

Kuni kecha esa Tramp Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu va sobiq mudofaa vaziri Yoav Galantni G‘azodagi jinoyatlari sabab hibsga olishga order bergan Xalqaro jinoyat sudiga qarshi sanksiya joriy qildi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring