Sandarmox fojiasi yoki yig‘layotgan daraxtlar
1990-yil edi. Krasnodar viloyatining Novorossiysk shahrida joylashgan Butunittifoq pioner lageri «Orlyonok»da bo‘ladigan o‘quvchi-yoshlarning XIX Xalqaro forumiga Farg‘onadan saylangan ikki vakildan biri edim.
15 yoshdaman, o‘shanda Kavkaz tog‘lari bag‘ridagi Adler shahriga uchoqda emas, go‘yo qanot chiqarganday uchdim. Axir butun dunyodan bilimli, iqtidorli yoshlarni birlashtirgan mazkur anjumanda Vatanimizdan munosib ishtirok etgan o‘ttiz o‘quvchining biri bo‘lish katta sharaf edi-da.
Nazarimda SSSRdan qudratliroq davlat yo‘q. Rossiya buyuk og‘amiz... Forumga delegat bo‘lib kelgan o‘zim kabi sershijoat, serg‘ayrat tengdoshlarim bilan muloqot qilgan sari yangi rejalar, yangi g‘oyalar tug‘ilib yangi zafarlar sari undardi.
Bolaligimda ham turli oromgohlarga borib turardim. Forum bo‘lib o‘tgan «Orlyonok»dan tashqari, Samanta Smit tashrif buyurgan «Artek» Xalqaro lagerini ham o‘z ko‘zlarim bilan ko‘rgach SSSRday bolajon, mehribon hukumat yagona degan xulosaga kelganman.
Biroq... Men ideallashtirgan, deyarli sig‘ingan sovetlar hukumatining boshqa – dahshatli lagerlari ham bo‘lgani, borligi xayolimga ham kelmasdi.
1990-yilning oxirida yana bir anjuman sabab, Moskva, Leningrad, Kiyev, Jitomir bo‘ylab sayohatga chiqdik. Yana bir qancha bolalar oromgohlari bilan tanishib, qudratli Vatanim, bolajon Vatanimga nisbatan faxr tuyg‘ulari yuksalaverdi.
O‘sha dastur so‘ngida Kareliya Respublikasiga ham kichik sayohat bor edi. Yana go‘zal oromgohlardan boshim aylandi.
Agar o‘zboshimchaligim sabab yana bir lager haqida eshitmaganimda, balki ko‘r ko‘zlarim hech qachon ochilmasmidi?
O‘shanda orzularim, kelajakdagi rejalarimni chil-chil sindirgan, dunyoqarashimni o‘zgartirib yuborgan achchiq haqiqatlar bilan yuzlashgan edim.
Kareliyaning Medvejegorsk shahridagi bolalar oromgohida edik. Undan uncha uzoq bo‘lmagan Povenets shahrini rosa maqtashgani uchun uni ko‘rgim kelib qoldi. Ukrain dugonamni ko‘ndirib, yakshanbaligi uchun dam olayotgan guruh rahbarining ko‘zlarini shamg‘alat qilib yo‘lga chiqdik. Shaharni tez aylandigu, qaytishda biz chiqqan avtobus buzilib, Sandarmox degan joyda tushishga majbur bo‘ldik.
Atrof o‘rmon, ammo negadir juda fayzsiz, havosi ham g‘alati, nursiz ovloq bir go‘sha edi. Biroq qiziqishimiz ustun kelib, avtobus tuzalgunicha atrofni aylanib kelishga chog‘landik.
Yo‘l yoqasidan uncha uzoqlashmay, baland qarag‘aylar ostida qing‘ir-qiyshiq eski yog‘och xochlarga ko‘zim tushib etim seskanib ketdi.
Shu on g‘alati shamol turdi va atrofimizdagi daraxt shoxlari tebranib, avval ingroq, so‘ng yig‘i va olamni buzgudek faryodga o‘xshash ovoz chiqara boshladi.
Men bunaqa yig‘i, faryodni hali eshitmagan edim. Yuragimiz yorilay deb, qochishga chog‘landik.
Biroq bizdan yigirma qadamcha oldinda yerga muk tushgancha tilovat qilayotgan odamga ko‘zimiz tushib toshday qotib qoldim. Uning boshida eski bo‘lsa-da ko‘zimga yarq etib tashlangan o‘zbek, aniqrog‘i Marg‘ilon do‘ppisi bor edi.
Bu o‘rmonlarda, dunyoning boshqa bir tarafida hamyurtingni uchratish baribir boshqacha bo‘ladi. Boyagi qo‘rquv ozgina tarqab, men ham yerga cho‘kkaladim. Chunki u hazin ovozda Qur’on tilovat qilardi.
Bir payt Qur’on suralari balandlagan sari daraxtlar ham avjiga chiqib, nazarimda bor ovozda o‘kira boshlashdi. Hamrohimni bilmadimu, yuragim to‘xtab qolganday muzlay boshladim. Ko‘zlarimdan esa duv-duv yosh quyila boshladi.
Yog‘och xochlardan-ku bu yer qabriston ekani aniq. Biroq nasroniy mozori-ku!
Bu ovloqqa minglab chaqirim uzoqlardan kelgan Vatandoshimiz o‘ris mozorida nega tilovat qiladi, degan savol tinchlik bermay, u tilovatini tugatgach, avval salom, so‘ng savol berdim:
– Bu yerda Vatan urushida halok bo‘lgan soldatlar ko‘milganmi? O‘zbeklar ham bormi?
U chuqur xo‘rsindi va titrab bosh chayqadi. So‘ng bu joyda 1937–1938-yillarda minglab siyosiy maxbuslar otilgani va ko‘milganini aytdi.
– Har bir xoch tagida o‘ralar bor. O‘nlab millat, ellat, turli din vakillari o‘ra yoqalarida otilib, pala-partish ko‘milgan...
Ovozim titrab arang chiqdi:
– Siz qayerdan bilasiz?
U yerni titroq barmoqlari bilan silar ekan, ingrab yubordi:
– Bu yerda akam, dadam, hamshaharlarim va yana yuzlab Vatandoshlarimiz bekafan, bejanoza ko‘milib yotibdi. Men esa tasodif tufayli tirik qolganman. Otib, o‘ldi deb o‘ylab ko‘mishgach, o‘radan chiqib ketgan, ammo shu yerda yotganlar bilan birga o‘lgan tirik murdaman bolam.
Yosh emasmanmi, gaplaridan akashak bo‘lib qoldim.
– Tirik murdaman deyapti, o‘radan chiqdim deyapti.
O‘rtog‘imga uning gaplarini tarjima qilishim bilan, rangi dokaday oqarib, avtobus tomon qochib ketdi.
Men esa xuddi oyoq-qo‘lim yerga mixlanib qolganday o‘chib qolgandim.
– Qo‘rqmang qizim.
Bu yerga uncha uzoq bo‘lmagan joyda «Belbaltlag», degan mash’um lager bo‘lgan.
O‘sha yerga oilaviy surgun qilingan edik. Dadam, akam va men. Bir men, aytganimdek mo‘’jiza tufayli tirik qoldim...
Daraxtlarning faryodidan qo‘rqib ketdingiz-a? Men esa ularda akamning, dadamning ovozini eshitganday bo‘laman. Qur’on o‘qisam, qo‘shilib tilovat qilganday avjga chiqishadi.
Atrofda birorta qishloq yo‘q. Chunki hamma bu faryoddan qochadi. Tunda esa bu mozor tepasi yop-yorug‘ bo‘ladi. Chunki minglab odamlarning so‘ngagidagi fosfor nurlanadi.
Bunaqa lagerlardan SSSRda juda ko‘p edi. Agar har birida qancha yurtdoshimiz mana shunday o‘ralarda qolib ketganini hisoblasak, ehhe...
Bunaqa mozorlar ham qattiq sir saqlanadi. Anavi yo‘lda ko‘p avtohalokatlar bo‘lgani uchungina yog‘och xochlarni suqib qo‘yishgan...
Lekin xoch ostida akam va dadamga o‘xshagan musulmonlar ham bor-ku!
O‘shanda men ko‘rgan, bilgan beg‘ubor bolalarni bag‘riga olgan oromgohlardan butkul farq qiladigan lagerlar ham borligiga ishongim kelmay, o‘z ko‘zim bilan ko‘rgim keldi. Istagimni eshitgan qariya keskin bosh chayqadi:
– Birinchidan lager faoliyatini allaqachon to‘xtatgan. Ikkinchidan, u yerlar yopiq va qat’iy qo‘riqlanadigan maxfiy xudud. Fashist konslagerlaridan badtar yerlar bolam...
U «Belbaltlag», degan do‘zaxni tasvirlagan sari sochim tikka bo‘lib borardi.
– Ba’zilar aytganimdek, oilaviy surgun qilingan. Ayollar, bolalar ham bor edi. Ba’zilar esa lagerda oila qurishgan. Barcha bolalar ota-onasidan ajratilib, katta barakda tarbiyalanardi. Go‘yo hukumatga qarshi unsur ota-onalar ularni namunaviy sovet kishisi etib tarbiyalay olmasdi. Bitlagan, kir-chir, kasalmand bolalarning anchasi yoshiga yetmay o‘lib ketardi. Tiriklari ham murdaday, ovoz chiqarmay, jim yurishlari shart edi. Lager ma’muriyatining kayfiyatiga qarab o‘ynashga ruxsat etilardi. Sal harakati yoqmagan bolalar esa o‘ldirilgan.
Bu mozorda yuzlab o‘zbek bolalari ham ko‘milgan. Chunki o‘ta og‘ir sharoitlarda tirik qolish oson emasdi. Qochmoqchi bo‘lgan murg‘aklarning bir qanchasi atrofdagi botqoqlarga cho‘kib o‘lgan. Bu yerlar katta qabriston qizim...
Ko‘z o‘ngimdan ittifoqgina emas, butun dunyo bolalarini ohanrabodek tortguvchi «Artek», «Orlyonok» manzaralari o‘tdi va tomog‘imga nimadir tiqildi. Nazarimda boshqa nafas ololmaydigan ahvolda edim. Demak usti oq, ichi qop-qora bir davlatda yashayotgan ekanmiz-da. Men borgan muhtasham oromgohlar ostida yana qancha odamlarning suyaklari bor?
Mazza qilib dam olgan go‘shalarimda qancha go‘daklar ko‘milgan?
Men chiqib, faxr bilan nutq so‘zlagan baland minbarlar ostida kimning akasi, dadasi, onasi... bekafan, bejanoza yotibdi?
Duv-duv oqayotgan yoshlarimgi artib, hamon tuproq silab o‘tirgan qariyaga yuzlandim.
– Siz bu yerga Vatanimizdan keldingizmi?
O‘shanda ilk marta fashistlar konslageridan qolishmaydigan lagerlari ko‘p SSSRni yuragimdan sug‘urib, o‘z Vatanim haqida so‘radim.
Qariya bosh chayqadi:
– Vatanga qaytsam tirik qolmasdim bolam. Albatta o‘ldirishar edi. O‘rmondagi gadoytopmas bir qishloqda yashab, o‘sha joydan frontga ketdim.
Urushdan so‘ng yana o‘sha qishloqqa qaytdim. Frontda halok bo‘lgan xizmatdoshimning pasporti bilan Muhammaddan Mishaga aylandim. Chunki rasman, shu o‘rada yotganlar bilan o‘lgan edim....
Imkon topib yashirincha ziyoratga kelib turaman, tilovat qilaman.
Akam, dadam bilan xayolan gaplashaman. Ba’zan shu chuqurda yotgan bolalarga o‘zbekcha ertak, topishmoqlar aytaman.
Chunki ularning orasida Marg‘ilonni hech qachon ko‘rmagan jajji marg‘ilonliklarim ham bor edi-da...
O‘sha voqeadan so‘ng, ancha yillar o‘tib, Moskvadan uzatiladigan «Vremya»da «Sandarmox» me’morial kompleksi ziyoratgohga aylantirilgani, chunki u yer ommaviy qabriston ekani haqida lavhalar berildi.
2000 yil esa ziyoratgoh Rossiya madaniy meros ob’yekti deb tan olindi.
O‘sha lagerda qon qaqshagan mahbuslarining ismi-sharifi qayd etilgan, 3500 dan ortiq sahifalarini o‘z ichiga olgan «Ochiq ro‘yxat» e’lon qilindi. Sandarmoxda otilgan mahbuslarning aksariyati kareliyaliklar bo‘lsa-da, ro‘yxatda boshqa millat va ellat vakillari, shu jumladan yurtdoshlarimiz ham bor edi. Ular Sandarmox memorial qabristonining ro‘yxatlarida hisobga olingan...
***
2022-yil, may.
«Milliy ozodlik harakati» kurashchilari haqida film ishlash bahona arxiv ma’lumotlarni izlab vodiydagi muzeylarda bo‘ldik.
Andijon davlat universitetining Qatag‘on qurbonlari muzeyiga kirganimizda, nogoh peshonasiga «Belbaltlag», deb yozilgan burchakka ko‘zim tushdi-yu titrab ketdim.
Qulog‘imga yana o‘sha Qur’on suralari aralash faryod eshitildi. Men shu o‘radan chiqqan tirik o‘likman, degan qariyaning ovozi ham jaranglay boshladi.
Suratlar biri-biridan dahshatli edi.
Oq dengiz-Boltiq kanalini qurish uchun ona Vatanimizdan surgun qilingan insonlarning aks etgan suratlarida o‘sha olis –1990 yilda Sandarmoxda tanishgan qariyaning ham qiyofasini topgim kelardi.
«Belbaltlag»
...1931-yilda maxsus maqsadli lager negizida Oq dengiz – Boltiq bo‘yidagi axloq tuzatish mehnat lageri (Belbaltlag) tashkil etilgan. Uning asosiy vazifasi Oq dengizni Onega ko‘li bilan bog‘laydigan ichki suv yo‘li – Oq dengiz-Boltiq kanalini qurish va saqlash edi. Qurilish Sovet ittifoqining majburiy mehnatdan foydalanish siyosatining ilg‘or xarakterini ko‘rsatishi kerak edi: minimal mablag‘ va faqat mahalliy materiallar bilan, uni eng qisqa vaqt ichida yakunlash kerak edi. Kanal 1933 yil 30 iyunda ochilgan.
Lager 1941 yilda urush hududiga yaqin bo‘lgani uchun tugatilgan. Yillar davomida kanal qurilishi tugagandan so‘ng Oq dengiz-Boltiq kombinatiga xizmat qilgan mahbuslar soni 90 ming kishiga yetdi. 1938 yilda lagerda 4000 ga yaqin ayol bor edi. Aynan Belbaltlagda «ZEK» qisqartmasi – «kanal armiyasi asiri» birinchi marta ishlatilgan.
Loyiha iqtisodiy muvaffaqiyatsizlikka aylandi. Chunki kanalning sayoz chuqurligi sabab Boltiqbo‘yi kemalari o‘ta olmasdi. Loyiha tugatilgach, katta kemalar foydalanishi mumkin bo‘lgan ikkinchi yo‘lni qurish rejalari tuzildi, ammo bu reja amalga oshirilmadi...
Men ham SSSRda tug‘ilib, o‘ynab-kulib, betashvish, beg‘am katta bo‘lganman. A’lochi, bilimli yoshlaridan biri sifatida ancha muvafaqqiyatlarga ham erishganman. Biroq, bu yutuqlarning barchasi Sandarmohda uchratgan bitta Vatandoshimning boshidan kechirgan azob-uqubatlari, taqdiri, ko‘z yoshlaridan ustun emas.
Xurmatli yurtdoshim, balki siz Sandarmoxda bo‘lmagandirsiz?
Men esa 15 yoshimdan beri odamday yig‘layotgan daraxtlarga qo‘shilib ingrayman. Sandarmoxdagi kabi minglab o‘ralarga vatandoshlarimni bekafan, bejanoza ko‘mgan tuzumni qoralayman.
Muazzam Ibrohimovaning facebook sahifasidan olindi
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter