San’atkorlarning Sardoba fojiasida jabr ko‘rganlar bilan tushgan surati e’tirozlarga sabab bo‘ldi
Kuni kecha ijtimoiy tarmoqda o‘zbek shou biznes vakillarining Sardoba fojiasida jabr ko‘rgan aholi vakillari bilan tushgan surati keng tarqaldi. Sirdaryoda olingan suratda ikki xil kayfiyat, ikki xil dunyo aks etgan deyish mumkin. Xonumonidan ayrilgan musibatzada ayollar nigohida g‘am-qayg‘u qotib qolgan go‘yo. Lablar alamdan qimtilgan, ko‘zlar jiqqa yoshga to‘la. Bola tafakkuri ila fojia ko‘lamini to‘liq anglolmagan norasidalar ko‘zida esa sarosima-taraddud... Jabrdiydalar holidan xabar olgani borgan shou biznes vakillari nigohida esa nimtabassumni ko‘rish mumkin. Bu hol ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilarining keskin e’tiroziga sabab bo‘ldi.
«1997 yil, noyabrning oxirgi kunlari. Nimadir sabab bo‘lib uyimiz yonib ketdi. Faqat devorlari qoldi, hech narsani qutqarolmadik.
Qarindosh-urug‘, qo‘ni-qo‘shni, oshna-og‘ayni yordamga shoshildi. Kim ko‘rpa-to‘shak, kimdir idish-tovoq olib kelgan, kimdir kiyim-kechakdan yordam qilgan...
Ikkita artist qayg‘uga botgan oila oldida tirjayib tushgan rasmini ko‘rib yaxshiyam o‘sha paytlar smartfonu internet bo‘lmagan ekan, dedim. Bitta-yarimtasi qilgan yordamini pesh qilib yig‘lamsirab turgan rasmimni internetga chiqarvorganda nima qilgan bo‘lardim?
Kimdir seni internetda ko‘rdim, desa bola qalbim bunga qanday javob bergan bo‘lardi? O‘ylashni ham xohlamayman...» deb yozdi jurnalist va bloger Sanjar Said.
«Iltimos, Sardobaga borib shunaqa rasmga tushishni bas qilinglar. Rasmga qarang, sizga shaxsiy manfaatingiz uchun kerakdir. Lekin ishonamanki, ularga kerakmas. Ularning siz bilan tushgan rasmingizni ko‘rishga, kommentlarni o‘qishga sensorli telefoni ham, trafigi ham bo‘lmasa kerak. Ularda boshqa dard. Uysiz qoldi. Yillar davomida qurgan «vatan»isiz qoldi», – deb yozdi jurnalist va huquqshunos Zafarbek Solijonov.
«Chindan ham shunaqa ishlarimiz ko‘payib ketdi. Afsus... Bir piyola choy uzatib, Sirdaryo o‘zanini muhtojlar tomon burdim degandek dunyoga jar solyapmiz», – deya taassuf bildirdi jurnalist Mirodil Abdurahmonov.
«O‘ng qo‘l berganini chap qo‘lga ko‘rsatmaslik islomiy odob va axloqda ko‘rsatilgan bo‘lib, musibatzadalar oldida yuzdagi kulgi pozasi bilan rasmga tushish ehson emas tahqirlashga, musibatzadaning yana bir bor nochorligini his qilishiga sabab bo‘ladi», – deya islomiy odobni yodga soldi ahli ilmlardan biri.
«Sirdaryo ahli bor-budidan ayrilgan. Ularning qalbini ertaga qanday hayot kechiraman degan savol parlamoqda. Ko‘zlaridagi mung ayni shundan dalolat bermoqda. Ular yonida esa hayotdan minnatdor insonlar! Xo‘sh, bu suratni e’lon qilishdan maqsad nima? Uch-to‘rt tanga qilingan ehsonni ko‘z-ko‘z qilishmi? Yo birovning musibatidan foydalanib obro‘ olishmi? Mayli, yaxshi gumonda bo‘lib, ular boshqalarni ham saxovatga targ‘ib etish uchun shunday suratga tushishdi deylik. Ammo bolalar va ayollarning yuzini ochiq holda ko‘rsatish shartmi?» – deb shou bizneschilarni savolga tutdi Kamol Salimov ismli foydalanuvchi.
Darhaqiqat, ko‘mak ko‘rsatilgan ayollar va bolalarning yuzini ochiq holda ko‘rsatish etikaga ham, xalqaro me’yorlarga ham to‘g‘ri kelmaydi. Shu bois biz ham muhokamayu munozaralarga sabab bo‘lgan o‘sha fotosuratni e’lon qilmaslikni ma’qul ko‘rdik. Qolaversa, bu hol ilk bor kuzatilayotgani yo‘q. Ehson yoki xayriya olgan qo‘li yupqa oilalar suratini «fotohisobot» tarzida keng ommaga dasturxon qilish urfga ham aylanib borayotgandek...
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter