Samarqand viloyat hokimi aholi dardini eshitishga kirishdi
Samarqand viloyat hokimi Turobjon Jo‘rayev viloyat xalq qabulxonasida qirqqa yaqin aholi vakillari bilan uchrashib, ularning muammoli masalalarini eshitdi. Bu haqda viloyat axborot xizmati xabar berdi.
Uchrashuvda fuqarolar tomonidan ijtimoiy himoyaga muhtojligi, uy-joy masalasida yordam ko‘rsatilishi, yer berish tartiblari va egalik huquqlarini olishi, bino va inshootlar qurishda yer-joy ajratish, noqonuniy qurilishlarning oldini olish, tadbirkorlik faoliyati uchun yer, sport maydonchalari qurish kabi masalalarda murojaatlar bo‘ldi.
Jumladan, Nurobod tumanidagi Mehnatkash mahallasida yashovchi Gulhayo Bobomurodova farzandining ko‘zida nuqsoni borligi, uni Rossiyada jarrohlik amaliyoti yo‘li bilan davolashga moddiy imkoniyati yo‘qligini aytib, shu masalada amaliy yordam ko‘rsatishini so‘radi. Mazkur holatni o‘rganib chiqib, qonunda belgilangan tartibda amaliy yordam berish, xorijda tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish va davolash uchun ko‘mak ko‘rsatiladigan bo‘ldi.
Aksariyat murojaatlar shu yerning o‘zida mutasaddilar va tegishli idoralar vakillari bilan muhokama qilinib, ijobiy hal etildi. Ba’zi muammoli masalalar bo‘yicha mutaxassislar tomonidan joyiga borib o‘rganilib, amaliy yordam berishga kelishib olindi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter