Samarasiz soliq va yig‘imlarni bekor qilish haqida Prezident farmoyishi imzolandi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun, 13-fevral kuni «Soliq qonunchiligini tubdan takomillashtirish bo‘yicha tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmoyishni imzoladi. Hujjat matni O‘zA saytida berilgan.
Qayd etilishicha, respublika va mahalliy budjetlar daromadlarini oshirishning qo‘shimcha zaxiralarini aniqlash, soliq ma’muriyatchiligi jarayoniga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish, xorij mamlakatlarining soliq qonunchiligi va ma’muriyatchiligi sohasidagi sinalgan ilg‘or yutuqlarini implementatsiya qilish ishlari qoniqarsizligicha qolmoqda.
Bu respublika soliq organlari faoliyatini, jumladan, ularning soliq to‘lovchilar va davlat organlari bilan o‘zaro hamkorlik qilish, soliq qarzlarini o‘z vaqtida va to‘liq undirish, soliq nazoratining zamonaviy shakl va usullarini joriy etish bo‘yicha faoliyatini yanada takomillashtirish zarurligidan dalolat beradi.
Respublika komissiyasi (A.N.Aripov) tegishli me’yoriy-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqishda quyidagilarga:
— umume’tirof etilgan xalqaro norma va standartlar talablari hamda bozor iqtisodiyoti tamoyillariga javob beradigan normalar yaratilishi;
— soliq nazoratining xorijda keng qo‘llanilayotgan ilg‘or va sinalgan shakl va usullarini joriy etishni hisobga olgan, jumladan, xalqaro ekspert va maslahatchilarni jalb qilgan holda soliq ma’muriyatchiligi mexanizmlarini qayta ko‘rib chiqish;
— respublika strategik manfaatlari hamda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning bugungi bosqichini hisobga olgan holda, soliq sohasidagi xalqaro-huquqiy normalarni milliy soliq qonunchiligiga implementatsiya qilish, shuningdek, samarali davlat soliq siyosatini amalga oshirish;
— soliqqa tortish va soliq ma’muriyatchiligi masalalarini tartibga soluvchi me’yoriy-huquqiy hujjatlardan ikki xil talqin qilinishi mumkin bo‘lgan normalarni chiqarib tashlash maqsadida ularni inventarizatsiya qilish;
— to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qiluvchi normalarni ko‘paytirgan holda, soliq qonunchiligini unifikatsiya qilish;
— soliqqa tortish tizimini soddalashtirish, soliq ma’muriyatchiligini takomillashtirish hamda soliq to‘lovchilar huquqlarining himoyasini izchil ta’minlash;
— soliqlar yig‘iluvchanligi darajasini oshirish, Davlat budjeti va davlat maqsadli jamg‘armalariga soliq va yig‘imlarning to‘liq hajmda tushishini ta’minlash, soliqqa tortilishdan bo‘yin tovlash imkoniyatini istisno qilish;
— xo‘jalik yurituvchi sub’yektlarning umumiy soliq yukini pasaytirish, ishlab chiqarishni rivojlantirish va xizmat ko‘rsatish sohasida soliqlarning rag‘batlantiruvchi rolini kuchaytirish, resurslardan oqilona va tejamli foydalanishni ta’minlash, samarasiz soliq va yig‘imlarni bekor qilish;
— kichik va yirik biznes sub’yektlarining soliq yukini maksimal darajada barobarlashtirishga xizmat qiladigan usullarni joriy etish;
— xorij mamlakatlarining ilg‘or tajribasini hisobga olgan holda amaldagi soliqqa tortish tizimini tanqidiy o‘rganish asosida jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘ini hisoblab chiqish mexanizmini soddalashtirish;
— «soliq imtiyozi» va «soliq preferensiyasi» tushunchalarini aniq chegaralash, vaqtincha imtiyoz berish muddatlarini belgilash, shuningdek, samarasiz va eskirgan soliq imtiyozlarini qayta ko‘rib chiqish va bekor qilish;
— tadbirkorlarga biznesning o‘rta muddatli istiqbolda rivojlanishini asosli ravishda prognoz qilish imkoniyatiga ega bo‘lishlari uchun soliq tizimining barqarorligini ta’minlashga alohida e’tibor qaratadi.
2018-yil 1-iyul kuniga qadar O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksi yangi tahriri loyihasi ishlab chiqiladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter