Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Saida Mirziyoyeva me’moriy meros ob’yektlarini asrash muammosiga e’tibor qaratdi

Saida Mirziyoyeva me’moriy meros ob’yektlarini asrash muammosiga e’tibor qaratdi

Foto:«Facebook»

Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori o‘rinbosari Saida Mirziyoyeva «Facebook»dagi sahifasida me’moriy meros ob’yektlarini asrash va bu boradagi muammolar haqida yozdi. 

«Mamlakatimiz me’moriy meros ob’yektlarini asrash - ham hukumat, ham jamiyatning eng muhim vazifalaridan biri. Afsuski, noto‘g‘ri yondashuvlar qo‘llanishi oqibatida bu boradagi muammolar kun sayin ko‘payib bormoqda. Ham bosma, ham elektron OAVda faol yoritilayotgan bu holat O‘zbekiston turizm sohasining rivojiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi, shuningdek, Agentlikning ustuvor vazifalaridan biri sanalmish mamlakatimizning xalqaro maydondagi imijini targ‘ib etishga to‘sqinlik qilishi mumkin»-deydi agentlik direktori o‘rinbosari.

Sohadagi sabablarni aniqlash va samarali yechimlar ishlab chiqish maqsadida Bosh vazir o‘rinbosari A.Abduhakimov hamda mutasaddi vazirlik va idoralar vakillari ishtirokida ushbu masalalarning batafsil muhokamasi bo‘lib o‘tgan.

Foto:«Facebook»

Tarixiy obidalardan foydalanish va ularni asrab-avaylash borasidagi eng muhim masalalar va choralar ko‘rib chiqilgan. Jumladan, professional restavratsiyani ta’minlash, shahar landshaftini va obidalarning ichki o‘ziga xosligini saqlash, madaniy ob’yektlar yaqinidagi qurilish ishlarini nazorat qilish va boshqa muammolarga e’tibor qaratildi.

«Bizning asosiy vazifamiz ushbu noyob merosni bo‘lajak avlodlar uchun asrab qolishdir. Yurtimiz imijini xalqaro maydonda targ‘ib etishda shu kabi masalalarga alohida e’tibor qaratishimiz lozim, albatta. Sa’y-harakatlarimizni birlashtirib, hamjihat bo‘lib ishlasak, bu sohadagi muammolarni bartaraf etishimiz hamda ertaga farzandlarimiz ko‘zlariga tik qaray olishimiz uchun ham voqealar rivojini o‘zgartirishimiz mumkin bo‘ladi»-deya so‘zini yakunlagan Mirziyoyeva.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring