Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Sahroda bitta bozor – xohlagan bozoringga bor»mi?

«Sahroda bitta bozor – xohlagan bozoringga bor»mi?

Illyustrativ foto

Zangiotalik Baxtiyor Inayev tumanning «Tariq teshar» mahallasi hududida 3 gektar bog‘ining bir chekkasiga bundan 10 yil oldin 300 dona terak ekkandi. Dehqonchilik asnosida teraklarini ham parvarishladi. 2014-yil o‘sha yerga hokimiyat qarori bilan namunali uylar quriladigan bo‘ldi. Tabiiyki, Baxtiyor Inayev ortiqcha muammo qilmay yerni bo‘shatdi, shu jarayonda 200 ga yaqin terakni kesib oldi. Qolgan 100 dan ortiq terak qurilish ishlariga ham, yangi tushadigan uylarga ham xalaqit bermagani bois ularga arra solmadi.

Baxtiyor Inayev bu teraklarni imorat qilsa, yaxshi kunlariga ishlatishni niyat qilgandi. Xonadonida uch o‘g‘il voyaga yetyapti-da.

Ammo 2019-yil 8-oktyabr kuni Baxtiyor akaning turmush o‘rtog‘i M.Inayeva narigi mahalladagi teraklari «g‘oyib bo‘lganini» aytib keladi. Baxtiyor aka bu gapga bir ishonib, bir ishonmay, «bog‘»iga keladi va... ne ko‘z bilan ko‘rsaki, teraklarini kimdir kesib ketibdi!

Surishtirish ishlaridan ma’lum bo‘lishicha, teraklarni mana shu namunali uylarga ko‘chib kelgan Sh. Q. ismli yigit kestirib, odamlarga berib yuboribdi. Sh. Q. bu qilmishini shunday izohlaydi: «Shamol bo‘lganda teraklar qiyshayib, tomimga zarar yetkazmasligi (vaholanki, teraklar uning xonadoni yonidan o‘tgan katta yo‘lning narigi tomonida (!) ekilgan)  va  o‘sha tomondan hovlimga beton ariq olib kelish maqsadida teraklarni kestirdim va o‘zimga notanish bo‘lgan shaxslarga darakladim, 2019-yil 4-5 oktyabr kuni o‘zlari kelib kestirib olib ketishdi». Gapdagi mantiqsizlikni tushunib turibsiz-a? Yo‘lning narigi yuzidagi teraklarning uning xonadoniga zarar yetkizi ehtimoli bormish. O-la, demaslikning ilorji yo‘q. Xo‘p, bu gapga ishondik ham deylik. Nega birovning teraklarini boshqa birovlarga aytib, kestirvorasan? O‘zingniki bo‘lsa, boshqa gap edi... Nahotki, Sh.Q.ni 108 ta terak bu yerga shunchaki kelib qolmaganligi, uning albatta egasi bo‘lishi mumkinligi qiziqtirmagan bo‘lsa?

Xullas, Baxtiyor Inayev Sh.Q.ga talab qo‘yadi: yo teraklarni joyiga qo‘ying yoki pulini bering... Javob qanday bo‘ldi, deng:  «Bir yarim million oyligimdan kechaman, qolganini ehson qilib yubora qoling...».  Holbuki, bozorda bunday teraklarning har biri 300 mingdan sotilmoqda.

Shundan so‘ng ushbu masala mahalla ishtirokida ko‘rib chiqiladi. Ammo tomonlar kelisha olmaydi.

Masala organga o‘tgach, Zangiota tumani IIB surishtiruvchisi, katta leytenant A.Xodjayev Sh.Q.ning harakatlaridan jinoyat alomatlarini topmaydi, go‘yo...  Yakunda Sh.Q.da harakatlarida ma’muriy huquqbuzarlik alomatlari mavjud bo‘lganligi sababli ma’muriy jazo qo‘llash masalasini hal qilish uchun to‘plangan hujjatlar ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish sohasidagi nazorat bo‘yicha Zangiota tuman inspeksiyasiga jo‘natadi. Bo‘ldi, tamom. 

Endi Inspeksiyaning javobini qarang: masala joyiga chiqib o‘rganilganida terak daraxtlari kesilib, tag qismidan olib tashlanganligi sababli ushbu teraklar diametrini olishni imkoni bo‘lmabdi. Bundan anglashiladiki, tergovga qadar surishtiruv ketayotgan paytda teraklarni kesib ketgan (yoki uni kesishga «fatvo» bergan) azamatlar uning to‘nkalarini ham kovlab ketishadi. Toki, tekshiruv paytda yetkazilgan zararni aniqlash imkoni qolmasin! Mana, vaziyat ular o‘ylaganday bo‘lib chiqdi. Inspeksiya ham hech nima qilolmadi, go‘yo...

Demak, teraklar kesilib, hatto to‘nkalari ham kovlab ketilgani inkor etilayotgani yo‘q. Ularni kim va nima uchun kesilgani ham aniq. Biroq aybdorlarni tegishli jazoga tortib, yetkazilgan zararlarni aniqlashning imkoni yo‘q?! Xuddi ertakka o‘xshaydi va... yodingizga arablarning qadim maqoli tushadi: sahroda bitta bozor – xohlagan bozoringga bor!

Nahotki, qo‘shnilarning dalolatnomasida ko‘rsatilgan 10 yillik terakning bahosi o‘lchovsiz ham taxminiy aniqlashning imkoni bo‘lmasa? Ikkinchidan, Sh.Qning ma’muriy javobgarlikka tortilishidan Baxtiyor Inayevga nima foyda?

Xo‘sh, 108 ta terak ekkan va parvarishlagan inson yana ikki qo‘lini burniga tiqib qolaveradimi? Birovning narsasini so‘ramasdan olish javobgarlikning qaysi turiga kiradi?

Shugina savolga zangiotalik huquq peshvolari go‘yoki javob topolmayotganiga nima deysiz?

Barno

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring