Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Men haqimda yozilayotgan turli fikrlarni o‘qidim» – Rustam Xolmatov ijtimoiy tarmoqlardagi gap-so‘zlarga javob qaytardi

«Men haqimda yozilayotgan turli fikrlarni o‘qidim» – Rustam Xolmatov ijtimoiy tarmoqlardagi gap-so‘zlarga javob qaytardi

Foto: Toshkent viloyati hokimining telegram kanali

Toshkent viloyati hokimi Rustam Xolmatov ijtimoiy tarmoqlarda odamlar uning qabuliga kira olmayotgani haqida yozilgan fikrlarga munosabat bildirdi.

«Hurmatli yurtdoshlar! So‘nggi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda mening faoliyatim, xususan fuqarolar bilan qabul jarayonlari haqida yozilayotgan turli fikrlarni o‘qidim. Ayrim o‘rinlarda odamlar meni izlab kelib, qabulimga kira olmayotganlari haqida yozishibdi.

Avvalo, faoliyatimga e’tibor berib, fikr bildirayotganingiz uchun tashakkur aytaman.  O‘z navbatida, shuni ta’kidlashni istardimki, men qachon va qayerda, qanday vazifada ishlagan bo‘lishimga qaramay, har kuni ertalab o‘z ishimni qabulga kelgan fuqarolar bilan suhbatlashishdan boshlaganman. Hozir ham har kuni ish vaqtim fuqarolarni qabul qilish, ular bilan suhbatlashishdan boshlanadi. Toki qabulda birorta ham inson qolmaguncha bu muloqotimiz davom etadi.

Bugungi kunda juda mas’uliyatli vazifada mehnat qilar ekanman, xalq bilan muloqot, odamlarni eshitish, ularga qonun doirasida yordam berish eng muhim masala ekanini chuqur anglayman. O‘z ish tartibimni tuzishda doim odamlar bilan muloqot va suhbatlashishga ko‘proq vaqt ajratishga harakat qilaman. Binobarin, muhtaram Yurtboshimiz bizning oldimizga eng asosiy va qat’iy vazifa sifatida odamlarni rozi qilishni topshirganlar.  

Hurmatli do‘stlar! Biz sizlarni eshitish, yordam berish va birgalikda jonajon Vatanimiz ravnaqiga hissa qo‘shish borasida hamisha sobitqadammiz. Siz bevosita viloyat hokimining aralashuvini talab etadigan har qanday masala yoki takliflaringiz bilan keling, men albatta, siz bilan yuzma-yuz muloqot qilib, baholiqudrat yordam berishga tayyorman.

Shuningdek, telegram kanalimdagi maxsus bot orqali ham masofadan murojaat qilishingiz mumkin», - deya qayd etdi hokim.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring