Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Rustam Obidning so‘nggi kunlari

Rustam Obidning so‘nggi kunlari

«Alloh menga ilmni qarz qilib bergan. Men shu qarzni uzish uchun ham ilmiy jurnalistika bilan shug‘ullandim va bu yo‘lda ozmi-ko‘pmi nimalardir qildim. Keyin esa, qariyalar uyida yashab ham tinimsiz izlanib asarlar yozdim. Parapsixologiya, telepatiya bo‘yicha 4-5 ta kitob tayyorlab, nashriyotga topshirdim. Ammo nashriyotning iqtisodi unchalik yaxshi bo‘lmaganidan kitoblarimning chiqishi kechikib ketdi. Bu yoqda tarjima qilib qo‘ygan qancha asarlarim bor. Ularni ham nashr ettirishga ulgurishim kerak. Alloh meni bu dunyoga bog‘lab qo‘ygani yo‘q. Yozgan kitoblarimning chiqishini ko‘rarmikanman? Shukrki siz, Go‘zal Begim, Abdusaid Ko‘chimov, Murod Xidir, Hamdam Sodiqov kabi do‘stlarim ko‘nglimni ko‘tarib, meni ma’nan qo‘llab turibsizlar. Shungayam shukr... Gohida o‘ylab qolaman: mana shu noutbugimdagi asarlarimni kimgadir meros qoldirishim kerak-ku!..»

Bu — 2022-yil 2-yanvar kuni vafot etgan taniqli jurnalist Rustam Obidning so‘nggi so‘zlari. U bilan 2021-yilning 31-dekabr kuni kechki soat 20:30 larda telefon orqali suhbatlashgan edik.

Men Rustam akaning ko‘nglini ko‘tarib sog‘liq tiladim. «Hali necha-necha saylanma kitoblaringiz chiqadi. Ajab emas, keyingi tug‘ilgan kuningizgacha alohida uyli ham bo‘lib qolsangiz. O‘shanda ijodni uyda bemalol davom etdiraverasiz», dedim.

«Go‘zal Begim Xorazmga — akasinikiga, to‘yga ketibdi. Qaytib kelgach, u bilan kitoblarimni nashrga tayyorlaydigan bo‘ldik. Toshkentga kelsangiz, o‘zingizda saqlanayotgan «Fan va turmush», «Sirli olam», «Saodat» jurnallaridagi maqolalarim nusxasini olib keling. Afsuski, men uchun qadrdon bo‘lgan kunlardagi maqolalarimni saqlay olmaganman, — dedi Rustam Obid.

Men bunga va’da berdim. Biroq, afsuski... maqolalarni u kishiga yetkazish armon bo‘lib qoldi. O‘zbek jurnalistikasi katta yo‘qotishni boshdan kechirdi..

Rustam Obid nomi bugun ko‘pchilik yoshlarga ma’lum bo‘lmasligi mumkin. Zero, internet va ijtimoiy tarmoqlardan bu inson haqida ma’lumot topish qiyin. Ammo mutolaaga berilgan o‘rta avlod, ayniqsa keksa gazetxon-jurnalxonlar, teletomoshabinlar uchun bu ism-sharif juda qadrli. Negaki, Rustam Obidning 1970-yillardan 1993-yilgacha bo‘lgan mehnat faoliyati o‘z davrining mashhur jurnali — «Fan va turmush»da kechgan, shuningdek, «Olamga sayohat» ko‘rsatuvining muallifi sifatida 1985–1991-yillarda O‘zTVda faoliyat olib borgan edi. «Qayta qurish», «jadallashtirish» va mustaqillikning ilk yillarida Rustam Obid eng mashhur ilmiy jurnalist bo‘lib, u va safdoshlarining fidoyiligi, erkin faoliyat yuritishi tufayli «Fan va turmush» nafaqat O‘zbekistonda, balki O‘rta Osiyoda ham eng ko‘p nashr etiluvchi jurnalga aylangan edi.

O‘zining izlanishlari haqida Rustam aka shunday yozgan: «Jurnalistning ilmiy tadqiqot o‘tkazishi ajoyib va maroqli bo‘lar ekan. Chunki u olim emasligi uchun ham quruq dalil-isbotlarning o‘zi bilan o‘ralashib qolmaydi, o‘quvchiga yaqinroq ekanligi bois unga bilim bera oladigan eng kerakli ma’lumotlarni axtaradi. Olim sifatida bir andozaga tushmay, fikrlar xilma-xilligiga asoslanib izlanadi. To‘g‘ri, bu xil izlanish og‘ir, mashaqqatli, mayda ish, lekin bag‘oyat qiziqarli: xuddi sarguzasht asarda izquvar jumboqni qadam-baqadam ochib borishiga o‘xshaydi. O‘zingizni baayni Sherlok Xolms deb bilasiz, jumboq ma’lum muddat ko‘nglingizga yaqin bo‘lib qoladi, ohanraboday o‘ziga tortib turadi. Hamma narsa hal bo‘lganidan keyin esa butun borlig‘ingizni qamrab olgan qiziqish tuyg‘usi ham yo‘qoladi, navbatdagi jumboqqa duch kelguncha Sherlok Xolmsday zerikib yurasiz».

Rustam Obid «Aura nima?», «Numerologiya qanday fan?», «Devor bo‘lsa ham...», «O‘limdan keyingi hayot», «U dunyodan xabarlar», «Inson vujudiga sayohat», «Duoning kuchi», «Juna bo‘lishni xohlaysizmi?», «Tabiatning yangi jumbog‘i», «Buyuk kishilar ishqibozligi», «Yuzni o‘qish san’ati», «Marhumlar nega qaytayotir?», «Bexosiyat va xosiyatli joylar», «O‘zbekiston osmonida uchar likopchalar» singari maqolalari bilan ko‘plab muxlislarga ega bo‘ldi. Ushbu maqolalarning sarlavhalarini o‘qib, «oldi-qochdi ham yozgan ekan-da», deya o‘ylamang. Ulardagi ilmiy fikr, dalil va taqqoslash uslubi maqolalarning yuksak saviyada ekanligini ko‘rsatib turardi.

Bundan tashqari Rustam Obid o‘zbek matbuotida birinchi bo‘lib o‘sha davrning mashhur xalq tabibi Juna Davitashvili va hozirda dunyo mamlakatlarida serqirra faoliyati bilan tanilgan Mirzakarim Norbekovlar haqidagi maqolalar yozdi. Mazkur maqolalarda bu insonlarning hayoti haqida so‘z yuritib qolmay, ularning faoliyatiga bog‘liq og‘riqli muammolarni ham qalamga oldi. «Fan va turmush»ning 1989-yil 8-sonidagi «Qo‘l tegizmay davolash» maqolasi Mirzakarim Norbekov uchun ochilgan istiqbolli yo‘l bo‘lib xizmat qilgan. «Najot — uchinchi daryoda» nomli («Fan va turmush», 1988-yil iyul) suhbat-maqolasida Orol va Orolbo‘yidagi og‘riqli muammolarni davlat darajasiga ko‘tarib chiqqandi. Shuningdek, Moskva va Toshkentda fantastik adabiyot seminarlari, xalq tabobati anjumanlari tashkil etilishida ham faollik ko‘rsatgan, ularning ishini matubotda yoritib o‘tgandi.

O‘zTVdagi «Olamga sayohat»da esa Uzoq Sharq, Vladivostok shahri, Yapon, Barens dengizlari, Kola yarimoroli, Shimoliy Kavkaz, Stavropol o‘lkasi, Kabardin-Bolqor, Qorachoy-Cherkes va boshqa hududlardan qiziqarli ko‘rsatuvlar tayyorlardi. Bu diyorlar haqidagi maqolalarni «Fan va turmush»da e’lon qilib borgan. Bu turkum ko‘rsatuv va maqolalar faqat safar tassurotlari bo‘lib qolmay, geografiya, etnografiyaga xos ilmiy tadqiqot ishilari edi.

Rustam Obid tarjimon sifatida mashhur Juna Davitashvilining «Qo‘llarimni tinglayman», Robert Myorlning «Taiti orolidagi uchrashuv», Spartak Ahmedovning «Shoh» olmosining sarguzashtlari» va boshqa asarlarni o‘zbekchaga o‘girib nashr qildirdi. O‘zining «Duoning kuchi» ilmiy risolasini chiqarishga ulgurgandi.

Afsuski, bozor iqtisodiyotiga o‘tish davridagi muammolar Rustam Obid hayoti va kasbiy faoliyatiga ham ta’sir qildi. Uning hayoti turli qiyichiliklarda o‘tdi. Shu bois matbuotda umuman ko‘rinmay qoldi.

Men bu jurnalistning qariyalar uyida ekanligi to‘g‘risida taniqli adib Anvar Namozovdan eshitib, hayron bo‘lgandim. Shundan so‘ng «Sizni sog‘indik, Rustam Obid» nomli maqola yozib, «Ma’rifat saodati» gazetasining 2019-yil iyul sonida chop ettirdim. Bu paytda Rustam aka qariyalar uyidagi to‘lovlar bois qiynalib yashayotgan ekan.

2021-yilning 13-mart kuni Toshkentning Qoraqamishidagi qariyalar uyini shoira Go‘zal Begim bilan izlab topib bordik. Nihoyat mashhur jurnalist Rustam Obidni ko‘rdik. Karantin sababli u bilan kirish joyidagi uchrashuv xonasida suhbatlashishga to‘g‘ri keldi. O‘shanda Rustam aka pansionatdagi hayot tarzidan ham, oilasi va bu yerga kelib qolishidan ham o‘kinmagan, «taqdir» deb qo‘ya qolgandi. Ko‘p o‘tmay «Hurriyat» gazetasida Go‘zal Begimning ushbu uchrashuvimiz haqidagi maqolasi chop etildi va yaxshigina shov-shuv bo‘ldi...

Xullas, 13-martdan 31-dekabrgacha kechgan suhbatlarning o‘zi alohida kitob. Bu orada men Xorazmda turib, Toshkentga boradigan tanishlardan «Fan va turmush»dagi maqolalarining nusxalarini Rustam akaga yuborib turdim.

«Shayx hazratlari bilan «Islom — ilm demakdir» nomli suhbatimizning «Fan va turmush»dagi nusxasini izlab ko‘ring. U kishi haqida xotiralarimni yozish uchun jurnal menga kerak bo‘lib turibdi. Afsuski, karantin bois Milliy kutubxonaga borishning imkoniyati yo‘q», — degan edi Rustam Obid.

So‘nggi, 31-dekabrdagi suhbatda u yana o‘sha maqolani so‘radi. Men jurnalni topganimni, Toshkentga borsam o‘zim eltishim yoki kimdandir berib yuborishimni aytdim. Afsuski, bunga ulgurmadim.

Bugun negadir Rustam aka bilan gaplashgim keldi. Soat 14:32 da qo‘ng‘iroq qildim. Oldinlari Rustam aka darhol telefonni olardi. Bu gal javob bo‘lmadi. Keyinroq bog‘lanarman, deb ijtimoiy tarmoqlarga kirdim va da’fatan Rustam akaning vafoti haqidagi mash’um xabarga ko‘zim tushdi. Tezda Go‘zal Begimga va Anvar Namozovga telefon qildim...

«Alloh meni bu dunyoga bog‘lab qo‘ygani yo‘q. Yozgan kitoblarimning chiqishini ko‘rarmikanman?» Rustam Obidning bu so‘zlari menga vasiyatdek bo‘lib qoldi...

Men Rustam akaning muxlisi sifatida uning ilmiy maqolalaridan iborat saylanmasi nashr etilishini istardim. Balki O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi bunga bosh-qosh bo‘lar? Respublika jurnalistlari uyushmasi esa Rustam Obiddek o‘z davrining mashhur jurnalistini xotirlab tursa, savob ish qilgan bo‘lardi.

E’tiborsizlik sabab unutib qo‘ygan insonlarni e’zozlay olmagan ekanmiz, vafotidan keyin xotirlash, kitoblarini nashr etishni ado etishimiz kerak. Zero, taniqli adib Tohir Malik «Hayot qayig‘i» kitobida yozganidek, «Rustam Obid g‘oyatda qobiliyatli ijodkor edi».

Umid Bekmuhammad,
tadqiqotchi

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring