Saboq yoxud qabr yonida ko‘ngildan kechgan bezovta o‘ylar

Qarshimda bir uyum tuproq. Bir quchoq qoramtir, namchil do‘ngsak. Toshkent degan shahri azimning «Teshik qopqoq» deb atalmish mozoridagi eng yangi bu qabrda taniqli jurnalist, tarjimon va adib Rustam Obid yotibdi.
…Hozir qo‘yildi. Besh daqiqa yo o‘tdi, yo yo‘q. Ehtimol, hali joni sovimagandir, ruhi turgandir oramizda jovdirab, termulib. Kim bilsin…
Qur’on tilovat qilayotgan domlaning bosiq, vazmin ovozi bir zaylda qabrlar oralab suzayotir. Ketmon orqasi bilan qabrni shibbalab tekislayotgan go‘rkovlardan bo‘lak hammaning boshi xam, hamma og‘ir, zil-zambil o‘ylarga botgan.
Bunday lahzalarda, kimdir umrning omonatligini, kimdir o‘z sulolasidan o‘tganlarni, kimdir ota-onasi, bobo-momosi, qarindosh-qondoshlari, tanish-bilishlarini eslaydi. Kimdir xatolari, gunohlari esiga tushib, afsuslanadi. Endi hech kimning dilini og‘ritmayman, ranjitmayman, g‘animlik, munofiqlik, ayyorlik, fitnakorlik qilmayman, bari-barisidan voz kechaman, kapalakkayam ozor yetkazmayman, deya unsiz tavba-tazarru qilayotganlar ham bo‘ladi, albatta.
Bular – inson zotiga xos tabiiy holatdir. Qabriston shunday makonki, uning ostonasiga qadam bosgan zahoti ilkis hushyor tortasan, dunyo, hayot to‘g‘risida o‘ylaysan, ¬boshqacha bo‘lib ketasan, ruhingda allaqanday halimlik paydo bo‘ladi, ko‘ngling tozaradi. Eh, dunyo ham, hayot ham o‘tkinchi, deysan chuqur uhlar tortib, cheksiz armonlar ichida.
Lekin rostdan ham shundaymikan? Rostmikan bu dunyoning, hayotning o‘tkinchiligi? Axir, dunyo ham, hayot ham o‘z joyida turibdi-ku! Biz emasmi aslida o‘tkinchi – yo‘lovchilar?
Biz! Buniyam qabriston sukunati anglatgandek bo‘ladi, aynan shu manzilda his qilamiz mana shu oddiy va beshafqat haqiqatni. Ammo, qabriston darvozasidan chiqqan hamono…
Yo, alhazar!
Unutamiz.
Unutamiz va yana shiddatli, sershovqin, serg‘alva hayot daryosiga qo‘shilib, oqib ketaveramiz; kundalik tashvishlar, katta-kichik muammolar qop-qora bulutday bosib-¬qoplab oladi dunyoyu dunimizni; zumda siyrak tumandek tarqab ketadi qabristondagi tavba-tazarrular – qumursqaday tinib-tinchimas, hamishagi odamga aylanib qolamiz yana.
Rustam Obid ham ikki kun avval omon-omon lahzalar og‘ushida edi. Eski yilning eng oxirgi kunida, kechpeshinda, dumog‘i chog‘ edi, hayotdan mamnun edi, atrofda yaxshi insonlarning mo‘lligidan boshi osmonda edi, duolar yog‘diruvdi to‘lib-toshib ularning sha’niga.
«Ishonch» gazetasidagilar tabriknomayu bir dunyo sovg‘a-salomlar yuborganini, yana kimlardir, Yangi yil bahona, yo‘qlaganini, Yaratgan Egamga ming shukurlar aytaman, deya tilidan bollar tomib gapirgan edi telefonda.
Oradan atigi ikki kun o‘tib-o‘tmay, Yaratgan Egamning O‘zi Rustam Obidga atagan hayot ne’matlarini qaytib oldi, uni manguliklar mamlakati sari abadiy safarga jo‘natdi.
Rustam Obid endi jisman oramizda bo‘lmaydi. Yoqa yirtib, faryod ursak ham, yer tirnab yalinib-yolvorsak ham, baland cho‘qqilarga chiqib hayqirsak ham befoyda. Endi yo‘q. Hech qachon davralarimizga kelmaydi, abadul-abad kelmaydi. Ketdi. Ketdi – borsa kelmas o‘lkalarining mangu fuqarolari safiga. Ketdi – chin dunyo, deb atalmish boqiy ¬dunyolarga.
…Rustam Obidning o‘tib qolganini shoira singlimiz Go‘zal Begimdan eshitganda, sirayam ishongim kelmadi. Bir necha daqiqa, noto‘g‘ri eshitgandirman, Go‘zal Begim boshqa birovga adashtirayotgandir, degan xayollarda o‘zimni ovutmoqchi, chalg‘itmoqchi bo‘ldim.
Lekin unga Rustam Obid istiqomat qilib turgan pansionat yaqinidagi ko‘p qavatli uyda turadigan tanishi aytgani va yana falonchiga tez yetkaz, boshqalargayam xabar qilsin, deb tayinlaganini bilgach, ichim to‘kilib ketdi. Nima qilarimni bilmay serrayib qoldim anchagacha. So‘ngra o‘zimni arang qo‘lga olib, atoqli adib va adabiyotshunos olim Xurshid Do‘stmuhammadga qo‘ng‘iroq qildim. Xurshid aka bilan Rustam Obid uzoq yillar «Fan va turmush» jurnalida birga ishlagan, bir xonada yonma-yon o‘tirgan, hammaslak, hamfikr, qalin do‘st edilar.
– Xurshid aka, – dedim. Dedimu, tomog‘imga mushtday bir narsa qadalgandek bo‘g‘ilib qoldim. – Rustam…
– Rustam? Rustamga nima bo‘ldi? – bezovta, shoshilinch savol berdi u.
Xurshid akaning qattiq shamollab, kamida to‘shakda yotganini ovozining xirillab chiqayotganidan sezdim.
– Aka, Rustamdan ayrilib qoldik.
– Voh! – ingrab yubordi Xurshid aka. Chidash qiyin edi uning alamli faryodiga. – Rustamdan-a?! Rustamdan ajrab qoldikmi?
– Ollohning irodasi…
– Men… hozir, hozir yetib boraman.
– Chiqmang, qimirlamang, o‘zingizni avaylang. Xudoyim shifo bersin… – Shu so‘zlarni aytasolib, telefonni o‘chirdim.
Qarasam, barmoqlarim sezilar-sezilmas titrayapti, o‘zimni o‘nglab olguncha oradan bir muddat vaqt o‘tdi. Shundan keyin boshqa do‘stga sim qoqdim. Shum xabar buniyam yig‘latadi, faryodi Xurshid akanikiga o‘xshab yana yurak-bag‘rimni ezadi, degan o‘ylar ichida bezovtalanib turgandim, lekin, yo falak, hech kutilmagan javob keldi:
– Ayolim bilan bir joyga bormoqchi edik. Ilojini qilsam, boraman.
Behis, beparvo so‘zlarni eshitgan quloqlarimga ishongim kelmasdi. Institutda birga o‘qigan, qancha serzavq damlarni birga o‘tkazgan jo‘ramiz, jo‘rajonimiz…
Yana bir do‘stimizni xabardor qilmoqchi edim, bu gaplardan so‘ng yuragim betlamadi, ikkilandim. Buyam shunaqa bir bahona topsa-ya… Keyingi vaqtlarda echki soqolchani qo‘yvolib, mullolikka o‘tgan, qo‘lidan tasbeh tushmaydigan bo‘lib qolgan bu og‘aynimizning shunga o‘xshash yo‘l tutishiga negadir ishongim kelardi. Ammo, nima degandayam, xabar Xudoyimning qarzi. Telefon qildim. Olmadi. Yengil tortdim.
Bu jo‘ramiz to‘g‘risidagi gaplarim tuhmatga o‘xshab qolmasligi uchun bir misol keltiray. Rustam pansionatga kelib qolganidan so‘ng, bir-ikki yil o‘tmasidan ijara pulini to‘lolmay, qarzdor bo‘lib qoldi. Bexabar qolmasin degan xayolda, Rustamning tashvishlarini unga aytdim. Javobini eshitgandan keyin esa ko‘nglim tamomila sovib ketdi. Nimamish, yordamlashsak, o‘rganib qolib, yelkamizga minib olar emish…
Sebzor dahasiga, janozaga – Rustam yashagan ko‘p qavatli uyga borayotib, shular o‘tdi xayolimdan. Kelib qolar, dedim ichimda. Kimdandir eshitar, internetga qarar, tez-tez ijtimoiy tarmoqlarni chuqalab turadi-ku. Kutdim, hech kimga bildirmay kutdim. ¬Qabristondayam ilhaq bo‘lib turdim. Yo‘q, kelmadi. Unisiyam, bunisiyam kelmadi.
Albatta, tirik jon, bir-biridan zarur yumushlar oz emas, o‘ta muhim tashvishlar bilan ovoradir. Bilmay turib, birovni ayblash gunoh. Hech kimni ayblamoqchi emasman men ham. Faqat jo‘rayu, jo‘rachilikning emas, odamning, odamgarchilik, mehr-oqibat degan muazzam daryolarning qadri ham kamayib ketmayaptimikan, degan gumon anchagacha shuurimni tark etmadi. Tark etmasligining yana bir sababi marosimda qalamkash-ijodkorlarning kamligida edi. Taniqli jurnalist Husan Ermatov, fotograf Abdug‘ani Juma, keksa jurnalist Hamid Sultonov, yana bir kishi, o‘zini taniyman, ismi esimda yo‘q…
Vaholanki, necha yuzlab jurnalistlar, adiblar, blogerlar bor Toshkentning o‘zida. Yaxshiyamki, mahalla-ko‘y bor – yaxshi-yomon kuningga yaraydi, issiq-sovuqda boshingga soyabon bo‘ladi, yiqilganda suyaydi.
Shu yerda davlatimiz, davlat rahbarimiz ne bois mahalla institutiga bunchalar katta e’tibor qaratayotganlari behuda emasligiga yana bir karra iqror bo‘ldim. Prezidentimiz Yangi yil tabrigida 2022 yilni «Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili» deb e’lon qilishi zamirida qanday ulug‘ maqsadlar mujassamligini fahmladim…
Institutda jizzaxlik Ma’mur Nosir, sirdaryolik Ravshan Shodi va haligi ikki o‘rtoq hamisha birga yurardik. Hozirgi Bobur, G‘afur G‘ulom nomidagi bog‘larning ko‘kalamlarida chordona qurib boshlangan bahsu munozaralarimiz uzoq-uzoq cho‘zilib ketardi. Davraboshi edi Rustam Obid hamisha. Hammaning, hatto, muallimlarimizning havasi kelardi unga. Ona tilimizdan tashqari, rus, arab, fors tillariniyam mukammal egallagan edi u. Adabiyot esa jonu jahoni edi. Adabiyot, desa, tomdan tashlaydiganlar sirasidan edi Rustam.
Biz u bilan bor-yo‘g‘i bir yil, birinchi kursda birga o‘qidik xolos. Ikkinchi kursda bizlar kunduzgi bo‘limga o‘tdik, eng a’lochi, eng fikrli talaba – Rustam esa armiyaga ketdi.
Ammo ana shu arzimas bir yil bizga – turli viloyatlarning turli qishloqlaridan kelgan studentlarga bir umrlik dars, bir umrlik saboq bo‘ldi. Domlalardan, darslik¬lardan emas, Rustam Obiddan oldik bizlar eng kuchli saboqni. Tubsiz xazina, sehrli zot edi Rustam biz uchun.
Biz «Gulliverning sayohati»ni o‘qib, o‘zimizcha adabiyotchi bo‘laman, deya g‘ururlanib yurganda, u allaqachonlar jahon adabiyoti durdonalarini mutolaa qilib bo‘lgan; biz tuman gazetida chiqqan shappotday maqolamiz bilan hovliqib-gerdayganda, uning qator hikoyayu qissasi respublika matbuotida e’lon qilingan, yozganlari o‘quvchilar, adabiy jamoa e’tiboriga tushgan, Tohir Malik, Safar Barno, Mahmud Sa’diy, Murod Xidir, Mahkam Mahmudov, Cho‘lpon Ergash kabi taniqli ijodkorlar e’tirofiga sazovor bo‘lgan; biz gazet-jurnallardagi suratlariga qarab, o‘zlarini ko‘rish orzusida bo‘lgan yozuvchi-shoirlarning ko‘pi bilan esa aka-uka bo‘lib ulgurgan edi u. G‘ayratiy, Quddus Muhammadiy, Rauf Parfi, Nosir Fozilov, Gulchehra Nurillayeva, eh-he, yana qancha e’zozli ustozlari bor edi uning. Abdulla Qahhorning gurunglarida qatnashgan, necha martalab Abdulla Oripov va Erkin Vohidovdek ulug‘lar bilan suhbatdosh bo‘lgan edi, hatto!
Bilmagan sohasi yo‘q edi: antik adabiyot deysizmi, O‘rxun – Enasoy bitiglariyu, So‘g‘d yozuvlari deysizmi, «Devonu lug‘otit turk», «Qutadg‘u bilig» yoxud «Hibat-ul-haqoyiq» deysizmi – bilar edi hammasini.
Bedil, Navoiy, Bobur, Mashrab, Huvaydo g‘azallarini domlalarimizdan ham tushunarliroq tahlil qilardi. Chernishevskiy, Belenskiy, Dobrolyubov degan rus adabiyotshunos-tanqidchilarining asarlarini chuqur o‘zlashtirgan; Balzak, Dyuma, Konan Doyl, Jyul Vernlarning butun-butun kitoblarini yodlab olgan edi go‘yo.
O‘qimagan kitobi, bilmagan yozuvchisi yo‘q edi. Joni-dili edi fantastika. Fantastik-sarguzasht janridagi hikoyalarini o‘qib, lolu hayron qolar edik. Muallim – ustozlarimiz Rustamni kelajakda atoqli olim bo‘ladi, deb e’zozlashsa, biz – do‘stlari, kursdoshlari, institutning «Chashmalar» to‘garagi a’zolari dunyoga mashhur yozuvchi bo‘ladi, deya faxrlanar edik.
Bandalariga qobiliyat tarqatayotib tangri-taolo navbat Rustamga kelganda, saxovati jo‘shib, qo‘shqo‘llab talant bergandek edi go‘yo unga. Do‘stimizning kamtarligi, odamoxunligi va kirishimliligi esa biz tugul ustoz-muallimlarimizniyam ajab¬lantirar, hayratlantirardi. Sochlari qordek oppoq Natan Mallayev, Tesha Salimov, Abdurahmon Alimuhamedovdek donishmand domlalarimizning hidi kelardi o‘n to‘qkiz yoshli jo‘ramizning so‘zlaridan.
Hech kimdan yordamini ayamaydigan, hammaga samimiy, hamdard, kuyunchak, ko‘ngli toza, begidir bunday yigit yer yuzida yo‘q edi, nazarimizda. «Shaharlikka o‘xshamaydigan shaharlik», deb ta’riflar edik orqavarotdan. Ayrim «gorodskoy» teng-to‘shlariga mansub oliftagarchiliklardan asar ham yo‘q edi uning tabiatida.
Samimiyati shu qadar salim ediki, qishlog‘imizga birinchi borishidayoq, sinfdoshu qarindoshlarimning hammasini maftun-mahliyo qilib qo‘ydi. Ular mendan ko‘ra o‘n karra ko‘proq yaxshi ko‘rib qolishdi uni. Qachon qishloqqa borsam, hatto mehribonlikda tengi yo‘q enam ham o‘zimdan avval Rustamni so‘rar, sog‘-salomat yuribdimi, nega op kelmading, deb o‘pkalanardi.
Ammo inson taqdirini oldindan bashorat qilish ko‘p qiyin savdo ekan.
Rustam harbiy xizmatdan qaytganidan so‘ng bir yonda eski do‘stlardan uzoqlashuv, bir yonda oilaviy sharoit sabab bo‘ldi, chamasi, ko‘ngli o‘qishdan biroz sovidi. Bir yil, biz institutni tamomlaguncha kechqurungi o‘qishlarga chala-chulpa qatnab turdi, keyin o‘qishni sirtqiga ko‘chirdi va umrining oxiriga dovur talaba bo‘lib qoldi hamda talabaligicha bu yorug‘ olamni tark etdi.
«Meni Gennes kitobiga yozishlaring kerak, – deb hazillashardi shu mavzudan so‘z ketganda hamisha yasama g‘urur bilan jilmayib. – Yer yuzida mendek uzoq o‘qigan student yo‘q. Men haliyam pedinstitut talabasiman».
Otasi ham, onasi ham oddiy ishchi, Rustam oilaning to‘ng‘ichi, ro‘zg‘or katta, yordam berish kerak edi. Rustam shunday qildi: harbiy xizmatdan keliboq, qarorgohi Beshyog‘ochda joylashgan «Yangi texnika» nomli jurnalga ishga kirdi. «Mehnat daftar»chasi shu dargohda ochildi. Keyin «O‘zbekiston fizkulturachisi», «Fan va turmush» nashrlarida jurnalistlik faoliyatni davom ettirdi.
Undan keyin jurnalda ishlash barobarida, ko‘p yillar televideniyedagi «Olamga sayohat» ko‘rsatuvini olib bordi, «Qalb ko‘zi», «Sirli olam» nashrlarida ishladi. Dunyoga mashhur adiblarning bir necha asarlarini mahorat bilan o‘zbekchaga o‘girdi. Hikoyalar, qissalar yozdi. Ilmiy jurnalist, mistika va parapsixologiya tadqiqotchisi sifatida tanildi. Ko‘p ishladi, ishlab rohatlandi. Ammo hech qachon, hech qayerda pul, boylik orttirishni o‘ylamadi, biron marta bo‘lsa hamki, maoshining qanchaligi bilan qiziqmadi. Vaqti-soati kelib, nafaqaga chiqayotganida bildiki, qayerda ishlagan bo‘lsa, hamisha eng kam oylik maosh belgilangan ekan unga.
Keyinchalik boshiga tushgan savdolarning birinchi sababkori ham aslida aynan shu – cho‘ntakning quruqligi edi. Shu sabab, aziz makonidan chiqib ketdi. Shu sabab, necha yillar uysiz, joysiz yurdi. Shu sabab, qariyalar pansionatidan panoh izlashga majbur bo‘ldi.
Fojianing boshlanishi mana bunday.
Qo‘qondan qadrdon do‘sti kepqoldi kunlarning birida. Tabiiy, uyga taklif qildi. Yo‘l-yo‘lakay yana ikki qadrdon qo‘shildi. Uyda esa bir bo‘lak go‘sht tugul, bir to‘g‘ram non ham yo‘q edi o‘sha kuni. Doimo ish bilan ovora bo‘lib, ro‘zg‘orga ahamiyat bermaslik shu kuni o‘z «kuchi»ni ko‘rsatdi. Necha vaqtdan beri qora qozonni qaynatish tashvishida, asabiylashib yurgan Adibaxon ilkis portladi. «Mehmon boshlab keladigan boyvachcha avval dasturxonni to‘kis qilib qo‘ymaydimi?!», deya yig‘lab yubordi.
Mulzam bo‘lgan mehmonlar, bo‘sag‘adan orqaga qaytdilar. Rustam hay-haylab beshinchi qavatdan ko‘chagacha ergashib bordi ularning orqasidan.
Mehmonlar qaytishmadi.
Rustam tepaga qaytib chiqdi-da, uch-to‘rt kitob va bir-ikkita kiyim-kechagini qo‘ltiqqa qisib, men endi bu uyga boshqa qadamimni bosmayman, degancha chiqdi-ketdi. Ketdi va shu ketgancha xuddiki qasam ichganday, umrining oxirigacha qasamini buzmadi.
Ro‘zg‘orda, er-xotin o‘rtasida boshqa gaplar ham bo‘lgandir, ehtimol. U yog‘i o‘zlariga ayon, bizga qorong‘i. Ma’lumi shuki, o‘sha kuni ikki dilni bog‘lab turgan muhabbat iplari uzildi.
…Rustam Obid go‘zal Adibaxonni ilk marta u Alisher Navoiy nomidagi adabiyot muzeyida ishlayotganida ko‘rgan, keyinroq adabiyot to‘garagi mashg‘ulotlarida ko‘ngil qo‘ygan edi unga. Muhabbat rishtalarining bog‘lanishida Adibaxonning dilbar she’rlari ham muhim rol o‘ynaganini alohida ta’kidlash o‘rinlidir. Ham sirtdan o‘qib, ham ishlayotgan Adibaxonimning mashqlari tez-tez chiqib turar edi gazetalarda. Afsuski, sevishib qurilgan turmush dovulga uchradi. Oilaviy imorat derazalariga tekkan tosh billurdek oynalarni chil-chil sindirdi.
Odamlar esa… G‘idi-bidiga, dedi-dediga o‘ch odamlar turli-tuman mish-mishlar tarqatdilar. El og‘ziga elak tutib bo‘lmaydi. Birov «ayb ayolda», desa, birov «Rustamning o‘zida», dedi. «Er-xotinning urushi – doka ro‘molning qurishi», vaqti kelib yarashib ketadi», deydiganlar ham bo‘ldi. Lekin unday bo‘lmadi.
Uch farzand – bir o‘g‘il, ikki qiz onaning qo‘lida qoldi. Adibaxon balkonida gul o‘stirib, maktablarga, bog‘chalarga sotib, yedirib-ichirdi bolalarni. Rustam ham qo‘li mablag‘ ko‘rganda yordam berib turdi, baholi qudrat, albatta.
Shu zaylda bolalar voyaga yetdi, biri uzatildi, biri uylandi. Faqat kenja qizning uyda o‘tirib qolgani yaxshi bo‘lmadi… Yanayam ayanchlisi, ona-bola ikkinchi marta koronavirusga chalinib, og‘ir ahvolda to‘shakda mixlanib yotgani uchun janozada ishtirok etisholmadi.
Men bu achchiq qismatni aytayotib, kimnidir oqlash yoxud qoralash fikridan juda uzoqman. Odamzodning umr yo‘llari naqadar o‘ydim-chuqur, taqdiri naqadar chigal va beshafqat ekanidan ezilyapman, xolos.
Xullas, yigirma yil avval uydan chiqib ketgan Rustam goh do‘stlarining, goh tanish-bilishlarining uylarida, dala hovlilarida yotib yurdi. Vokzallarning yog‘och o‘rindiqlarida g‘ujanak-kulcha bo‘lib tong ottirgan oqshomlari ham ko‘p bo‘ldi.
Keyin, bir necha yillik sarsonliklardan keyin, taqdir uni shoir Qadam Said Murodga (joyi jannatdan bo‘lsin) ro‘para qildi. Qadam Said Murodning ko‘magi va maslahati bilan bir amallab pansionatga joylashdi.
Bu dargohdan panoh topishning ikki xil qoidasi – yo‘li bor edi. Birinchisi – davlat budjeti hisobidan, ikkinchisi – o‘z hisobidan. Hech kimi yo‘q, yolg‘iz qariyalar birinchi yo‘lga mansub edilar. Yeyish-ichish, yotish-turish – barchasi tekin edi ularga. ¬Rustamga o‘xshab uyi, xotini, bola-chaqasi bo‘lganlar esa yonidan to‘lashi shart edi xarajatlarning hammasini. Nafaqa puli oylik to‘lovlarga yetmas, shu bois pul topishga majbur edi ¬Rustam.
Bironta gazetdami, jurnaldami ishlay desa, onameros silla qurish kasali kuchaygan, avtobuslarga osilib ishga borib kelish murakkablashgan, bir marta ikki bekat piyoda yurib borib, yo‘l chetida yiqilib qolganidan keyin, ayniqsa, qo‘rqib qolgan, ehtiyot bo‘lishga majbur edi. Mardikor bozoriga chiqay desa, yana o‘sha muammo – kuch yo‘q, quvvat yo‘q.
Kalavaning uchini topolmay, gangib turgan damlarida Qadam Said Murodning paydo bo‘lishi, chin ma’noda bebaho baxt bo‘ldi Rustam uchun. Qadam Said Murod nashriyotlardan tarjimalar, tahrir qilinadigan ishlar, gohida esa turli mavzulardagi ilmiy maqolalar topib kelar, Rustam esa tunlarni tonglarga ulab, qo‘lyozmalarni tahrir qilar, yaramaydiganlarini boshqatdan yozib, «odam» qilardi.
U ana shu tariqa adabiy mardikorchilikni o‘rgandi va qarzdorlik tashvishidan qutuldi. Mavzuning qandayligiyu, buyurtmachining kimligi qiziqtirmasdi Rustamni. Fizika yoki matematikami, kimyo yoki astronomiyami, biologiya yoki falsafami – buyurtma bo‘lsa, kifoya – hammasini ko‘ngildagidek ado etardi.
Sohalarining eng atoqli arboblari ham qalam tekizolmasdi uning yozganlariga. Umrida ko‘rmagan, tanimagan odamlar nomidan necha o‘nlab kitoblar, risolalar yozdi. Kim-kimlar uning mashaqqatli mehnati orqasidan nomzodlik dissertatsiyalarini yoqlab, olim bo‘lib ketdilar. Ne-ne boyvachchalar otalari, bobolari, momolari haqidagi semiz-semiz kitoblarning «muallifi» bo‘ldi.
Shu taxlit hayot bir me’yorda davom ¬etayotgan edi. Rustam tinch, xotirjam edi. Ora-orada kitob o‘qishga, hikoyalar yozishga ham vaqt topilib qolardi. Taqdirning nomardligini ko‘ringki, uning mana shu yarimta baxtigayam ko‘z tegdi. 2013 yili, sira kutilmaganda, shoir Qadam Said Murod olamdan o‘tdi.
Rustam yana go‘yo qo‘l-oyoqsizday bo‘lib qoldi. Buyurtma yo‘q, ish yo‘q, mardikorchilik ham barham topdi.
Qariyalar qarorgohining o‘ziga xos temir qoidalari bor: ijara haqini o‘z vaqtida to‘lamaganlar haydab yuboriladi. O‘zining ibratli sa’y-harakatlari bilan alohida hurmat-e’tibor qozongani tufayli, albatta, Rustam Obidni necha bor avayladilar, qoidaga xilof esa-da, to‘lov muddati o‘tib ketganda ham ogohlantirdilaru ko‘chaga quvmadilar.
Dunyoda yaxshi odamlar ko‘p ekan. O‘shalarning ko‘magi bilan kechikib bo‘lsa hamki, qarzlardan qutulib yurdi. Biroq vaqt o‘tgan sari to‘lov haqi ko‘payib, qarzlar bolalab ketaverdi. Hamisha xavotirda yashash azobi esa surunkali silla qurish kasalini yana junbushga keltirdi. Yotib qoldi. «O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist» degan faxriy unvon shunday og‘ir kunlarda joniga oro kirdi. Unvonda belgilangan imtiyoz bo‘yicha ikkinchi raqamli hukumat shifoxonasida yotib, davolandi.
Bu orada do‘stlar, qarindosh-urug‘lar necha martalab uyga qaytishga, bolalari yonida yashashga undadilar Rustamni. O‘g‘li Dilshod pansionatga keldi, ada, mahallada bosh ko‘tarib yurolmayapman, hamma otasini boqolmay, qariyalar uyiga tashlab qo‘yibdi, deb la’natlaganday bo‘lyapti, yuring, uyga boraylik, birga yashaylik, deya oyog‘iga yiqildi, yalindi-yolvordi.
U ko‘nmadi. Menga shu yer qulay, o‘rganib qoldim, o‘zimga o‘xshash keksa suhbatdoshlar bor, do‘xtirlar yonimda, sal mazam qochsa, asta yo‘talib qo‘ysam, kifoya, chopib kelishadi, dori-darmon berishadi, qarashadi, tuzatishadi. Uyga ketsam, kasalimni bilasan, do‘xtir kelguncha yiqilib qolsam, o‘lib-netib qolsam, nima bo‘ladi, bolam, dedi o‘g‘liga. Sen odamlarning so‘zlariga parvo qilma, men sendan ham, opang Azizadan ham roziman, sen onangga qara, onangni ehtiyot qil, deb yupatdi Dilshodini. Yupatdi, lekin unga ergashib uyiga qaytmadi, yashayverdi cholu kampirlar saltanatida.
Bilaman, bugun yoki ertaga, yana turli-tuman mish-mishlar tarqaladi. Kimlardir yolg‘on-to‘qima gap-so‘zlar chiqaradilar, kimlardir shosha-pisha ularga ergashadilar, malomatlar qiladilar. Ijtimoiy tarmoqlarda bunday «dedi-dedi»larning ishqivozlari, ayniqsa, serob. Birovning fojiasi to‘yga aylanib ketadi ular uchun go‘yo.
Hey, birodarlar, birodaru azizlar, bilmay turib xulosa qilishga shoshilmaylik, yolg‘on mish-mishlarning orqasidan ot qo‘ymaylik, bitta yolg‘on gohida necha-necha chin so‘zlarning terisini shilishi, qancha begunoh kishilarni yomonotliq qilishi mumkinligini unutmaylik. Hech bo‘lmasa, Sa’diy Sheroziy hazratlarining:
Shoshib har kishiki qilich ushlagay,
Pushaymon bila o‘z qo‘lin tishlagay,
degan hikmatlarini esga olaylik.
Yana Rustam Obid aytgan mana bu so‘zlarga ham e’tibor berib, mag‘zini chaqishga intilishlaringizni iltimos qilaman: «Beayb Parvardigor. Gunohlarim, xatolarim oz emas. Men o‘zimni o‘zim jazolayapman. O‘zimga mahrumiyat e’lon qilganman. Bilasiz, moddiy dunyoga azaldan qiziqish yo‘q. Yaratgan Egam dunyodagi barcha moddiy ne’matlarni sizlar uchun yaratdim, degan bo‘lsa ham, men shularning baridan voz kechganman. Yagona suyanchim – ilm qilsam, odamlarga yordamim tegsa, deyman. Boshqalarni baxtli qilish – bu ¬dunyoda baxtli bo‘lishning eng to‘g‘ri yo‘lidir, degan Pol Golbax degan faylasuf. Jahonga mashhur o‘nta fantast yozuvchining sara asarlarini tanlab, to‘plab qo‘yibman, tarjima qilishim kerak. Ikkita qissam chala yotibdi. Katta romanni kallada pishitib qo‘yganman. Hammasiga ulgurishim kerak».
Rustam Obidning so‘nggi yillardagi eng muhtasham orzu-armoni mana shular edi. Na oilasidan, na ayolidan, na bolalaridan, na do‘stlaridan – hech kimdan xafa yoki norozi joyi yo‘q edi. Qo‘li kalta bo‘lishiga qaramay, o‘g‘li Dilshod, ukalari Adham bilan Hikmat, nabiralari Habibulla, Hamidulla muntazam xabar olib turar edilar. Akasi xonimni yaxshi ko‘rgani uchun Aziza singlisi katta tovoqda bug‘i buruqsib turgan lazzatli xonim pishirib kelganini necha martalab gapirib bergan edi Rustamning o‘zi.
Yagona tashvishi – tobora ko‘payib ketayotgan qarz edi. «Jo‘ra, darding bo‘lsa bo‘lsin, qarzing bo‘lmasin ekan. Gurju maqolida aytilganiday, qarz tovush chiqarmaydi, ammo uxlashgayam qo‘ymaydi. Bir necha milliyondan oshib ketdi, mening qarzlarim. Endi qo‘yishmaydi, tugadi bu yerdagilarning sabri, oxiriga yetdi mening izzatim ham. Haydab yuborishadi. Ko‘chada qolaman… O‘ylasam, vahima bosadi, uxlolmayman. Eng dahshatlisi, hamma rejalarim havoda muallaq osilib qolyapti. Qani endi heshtimani o‘ylamay, odamga o‘xshab xotirjam yozsang, ijod qilsang…»
Yaratganning karami keng ekan. Boshi berk ko‘chadan qanday chiqib ketishni bilolmay turganida, uning holidan xabar olgani Milliy massmediani qo‘llab-quvvatlash va rivoj¬lantirish jamoat fondi Vasiylik kengashi raisi Komil Allamjonov va uning o‘rinbosari Saida Mirziyoyeva Qoraqamishdagi urush va mehnat faxriylari pansionatiga kelishdi. Nafaqat barcha qarzlar to‘lab berildi, balki Rustam qarz degan balodan butunlay ozod bo‘ldi – Massmedia fondi uni o‘z otalig‘iga oldi.
«Abdisayit, jo‘rajon, xuddi shirin tush ko‘rayotganday edim, ishongim kelmasdi, – deya to‘lqinlanib, hayajonlanib so‘zlab bergan edi o‘sha voqeani Rustamning o‘zi. – Ulardagi samimiyat, kuyunchaklik… Ayniqsa, Saidaxonning ko‘zlaridagi mehr, domla, avvalroq bilmabmiz-da, endi xotirjam ijod qilasiz Xudo xohlasa, deya afsus aralash aytgan iliq so‘zlari yuragimni qalqitib yubordi. Rosa duo qildim. Keyin, mehmonlar ketishganidan keyin, xonamni ichidan berkitvolib, qariganda ko‘ngil yumshoq bo‘lib qolarkanmi, boladay yig‘ladim, sevinchimni ichimga sig‘dirolmay yig‘ladim…».
Biroq kech kelgan quvonchning umri qisqa ekan. Kambag‘alning og‘zi oshga yetganda, boshi toshga tegadi. Yigirma yil deganda ilk marta betashvish, xotirjam ijod qilishni boshlagan daqiqalarida, yana eski dard bosh ko‘tardi – qon bosimi to‘satdan pasayib ketdi. Doktorlar qancha harakat qilishmasin, chorasini topolmadilar. Bugun, Yangi yilning ikkinchi kuni ne-ne sinovlarga chidagan, ne-ne dovonlardan eson-omon o‘tgan zahmatkash yurak urishdan to‘xtadi…
Birodarlar, azizlar, hozir o‘qiganlaringiz marsiya ham, madhiya ham, tobut oldida marhum sha’niga aytiladigan so‘ngso‘z ham emas. Bir insonning peshonasiga bitilgan yorug‘ va tumanli kunlar, achchiq-chuchuk, uzuq-yuluq voqealarning chala-chulpa hikoyasi xolos. — Qadrdon jo‘ramning hayoti nega bunday kechdi? Nima bu kuyga soldi? Taqdirmi, ko‘rgulikmi, g‘ururmi, or-nomusmi? O‘ylayman, o‘ylayman, o‘ylab adog‘iga yetolmayman…
Qarshimda bir uyum tuproq. Taniqli jurnalist, tarjimon va yozuvchi Rustam Obid yotibdi shu tuproq uyumi ostida. Qur’on tilovat qilayotgan domlaning bosiq, vazmin ovozi bir zaylda qabrlar oralab suzayotir…
Abdusaid KO‘ChIMOV,
O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter