Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Ruslanbek Davletov: «Notarial idoralarda o‘tkazilayotgan reydlarda notariuslarning ishga surunkali ravishda kech kelishi ma’lum bo‘lmoqda»

Ruslanbek Davletov: «Notarial idoralarda o‘tkazilayotgan reydlarda notariuslarning ishga surunkali ravishda kech kelishi ma’lum bo‘lmoqda»

Kadr: «YouTube»

Notarial idoralarda o‘tkazilayotgan reydlarda notariuslarning ishga surunkali ravishda kech kelishi ma’lum bo‘lmoqda. Bu fuqarolarning uzoq kutib qolishi, ishi vaqtida bitmasligiga va tabiiyki, noroziligiga sabab bo‘lgan. Bu haqda O‘zbekiston adliya vaziri Ruslanbek Davletov adliya idoralarining 2017-yilda amalga oshirgan ishlari sarhisobi va kelgusida bajarilishi lozim bo‘lgan ustuvor vazifalariga bag‘ishlangan kengaytirilgan hay’at majlisida ma’lum qildi.

Vazirning aytishicha, notariat aholidan eng ko‘p e’tiroz tushayotgan soha bo‘lib qolmoqda. Fuqarolar bilan ishlashda hanuzgacha qo‘pol muomalada bo‘lish, ularni sarson qilish, ko‘rsatilgan xizmatlar uchun ortiqcha pul undirilishi holatlari uchrayaptiki, bu bilan mutlaqo murosa qilib bo‘lmaydi. Ana shunday kamchiliklarga yo‘l qo‘ygani uchun 229 nafar notariat xodimiga nisbatan keskin choralar ko‘rilgan. Ayrimlari bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilingan. Ayrim adliya organlarida notarus axborot tizimlari talab darajasida yuritilmagan. Taqiq olib tashlangan holatlar tizimga vaqtida kiritilmagan. Bu fuqarolarning mulkini erkin tasarruf etishiga to‘sqinlik qiladi.

«Mamlakatimizda bugungi kunda 704 notarius faoliyat yuritmoqda. Ularning hammasi ham o‘zi ishini o‘z vaqtida vijdonan ado etyaptimi? — degan savolni o‘rtaga tashlagan Ruslanbek Davletov. — To‘g‘ri, o‘z ishini puxta biladigan, vazifasiga vijdonan yondashib, fidokorona xizmat qiladigan notariuslar ko‘pchilikni tashkil etadi. Notariuslarning mahallalarda fuqarolarni qabul qilishi va notarial harakatlarni o‘sha joyning o‘zida bajarish tizimi yo‘lga qo‘yilgani natijasida 5 mingdan ortiq notarial harakatlar amalga oshirildi.

Biroq ularning ayrimlari o‘zlari uchun qoidalar yaratib, ixtisoslashib olgan. Biri faqat meros, yana biri faqat garov bilan bog‘liq harakatlarni rasmiylashtirgan. Ko‘pchiligi ipoteka kreditiga oid shartnomani tasdiqlashni asossiz ravishda rad etmoqda. Ammo bunga ularning mutlaqo haqqi yo‘q. Notarius davlat notarial idorasiga kelgan fuqaroga bir xil yondashuv asosida bir xil xizmat ko‘rsatishi kerak».

Yig‘ilishda yuqoridagi kabi qonunga zid harakatlari tufayli Toshkent shahrida keyingi 4 oyda 26 notarus intizomiy javobgarlikka tortilgani, 3 nafari ishdan bo‘shatilgani ma’lum qilindi. «Fuqarolarga xizmat ko‘rsatishni rad etadigan, ularni xafa qiladigan notariusdan ko‘ra o‘sha joy vakant bo‘lgani ma’qul», deya ta’kidladi vazir.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring