Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Rufat Risqiyev: «Metin iroda va sabrning ham chegarasi bor»

Rufat Risqiyev: «Metin iroda va sabrning ham chegarasi bor»

«Har dardning davosi – vaqt», deydilar. Darhaqiqat, eng og‘ir damlar ham fursat o‘tishi bilan unutiladi, hatto yillar ortidan arzimas va oddiy muammo bo‘lib tuyuladi. Nazarimizda, vaqtni nafaqat malham, balki «o‘g‘ri» deb ta’riflash ham mumkin. Boisi, u go‘zallik, sog‘liq, kuch-quvvat, hatto obro‘-mansabni ham «o‘marish»ga juda usta.

Bugungi qahramonimiz Rufat Risqiyev bir paytlar qaddi raso, abjir sportchi, mohir bokschi edi. U Jahon va Olimpiya o‘yinlarida yurt sharafini munosib himoya qilgan, AQSh, Kuba, Avstriya, Yugoslaviya, Ispaniyada o‘tkazilgan xalqaro turnirlarda raqiblari ustidan olamshumul g‘alaba qozongan qahramon edi. Rufat Risqiyevni «Osiyo yo‘lbarsi» deb ta’riflashardi. Bugun u keksalik gashtini surmoqda, sog‘ligi ham avvalgidek emas. Ammo... Yo‘q, xulosa qilishga oshiqmang, Rufat aka bilan uyushtirgan suhbatimizni o‘qigach, fikringizni bayon etasiz...

– Ikki yil avval o‘ng oyog‘imdagi venalar trombozi og‘irlashgani tufayli shifokorlar kesib tashlashdi, – deya so‘z boshladi Rufat Risqiyev. – Bir necha kun komaga tushib qolibman. Hatto meni o‘ldiga chiqarganlar ham bo‘lgan. Shukr, rizqim yerdan uzilmagan ekan, yana hayotga qaytdim, ammo tushkunlikka tushganim yo‘q. Yonimda nabiralarim, do‘stlarim bor. Mana, yaqinda Rossiyadan bir guruh tanish-bilishlar kelib, holimdan xabar olishdi. Eshigim mehmonlar uchun hamisha ochiq.

– Rufat aka, hayotingizni boks bilan bog‘lashingizga nima sabab bo‘lgan? Umuman, umringizni boksga sarflaganingizdan afsuslanmaysizmi?

– Yo‘q, men sport uchun tug‘ilgan insonman! Biz poytaxtning Navoiy ko‘chasida turardik. Uch-to‘rt sinfdoshim bilan kelishib, darsdan keyin akrobatika mashg‘ulotlariga qatnaganmiz, lekin u menga umuman yoqmagan. Shunda sinfdoshlarimdan biri boksga qiziqib, barchamizni murabbiy oldiga yetaklab borgan. Ko‘p o‘tmay, o‘rtoqlarim mashg‘ulotlarga qatnamay qo‘yishdi. Mening hayotim esa boks bilan ipsiz bog‘landi-qoldi. Shundan so‘ng akam meni o‘zining ustozi Aleksandr Baranovga olib bordi. Bu inson menga boksning juda ko‘p sirlarini o‘rgatdi.

– Yulduzlik onlaringiz... Hozir ham ringdagi hayotingizni sog‘inasizmi?

– Yo‘q, endi u damlar ortga qaytmaydi. Men faqat yosh sportchilarga bilganlarimni o‘rgatishim mumkin. Bilasizmi, ilgari bugungidek sharoit yo‘q edi. Hatto dunyo O‘zbekiston deb atalgan mamlakatni bilmasdi. Biz sobiq ittifoq sharafini himoya qilib, ringga tushardik. Millatchilik bo‘lmasin-u, rus murabbiylari nufuzli musobaqalarda o‘z millatidagi sportchilar borishini istashardi. Bu hovlingizda o‘ynayotgan farzandingiz yo qo‘shningizning bolasini chaqirib, ularga non berganingizdek gap edi. Xuddiki nonning katta qismini o‘g‘lingizga tutqazib, qo‘shnining farzandini esa kichik non bo‘lagi bilan aldab qo‘ygandek.

Bir kuni xorijlik murabbiylardan biriga Yevropaning to‘rt chempioni bilan ringga tushib, g‘alaba qozonganim haqida gapirdim. Ishonmadi, hatto miyig‘ida kulib qo‘ydi. Vladimir Tarasenkov, Anatoliy Klimanov, Vyacheslav Lemeshev, Maykl Spinks... Bu nomdor sportchilar nomini eshitgach, qilgan muomalasidan xijolat bo‘ldi.

– Sir bo‘lmasa ayting-chi, bokschi jangga tayyorgarlik ko‘rish chog‘ida nimalarni his qiladi?

– Buni sizga ta’riflab berganim bilan tushunmaysiz. Bu – qo‘rquv, manaman degan bokschi ham qo‘rqadi. Shaxmat – aqliy sport, uni juda murakkab deb o‘ylashadi. Faxriy bokschi sifatida aytishim mumkinki, boks ham aqliy, ham jismoniy mehnatni talab qiladi. Mana, masalan, Vladimir Tarasenkov bilan jangdan avval ikki kun uxlay olmaganman. Boisi, raqibim o‘ta abjir edi. Shunchalik tez harakat qilardiki, javob zarbasi berish ham amrimahol edi. Yarim soniya ham jim turmasdi. Uzoq o‘ylab, Tarasenkovni qanday yengish mumkinligini angladim. Ustozimga qo‘ng‘iroq qilib, roziligini olgach, ringga tushdim. Natija men kutganimdan-da a’lo bo‘ldi. Abjir raqibim bu usulni mendan kutmagani uchun osongina nokautga uchradi. Ko‘ryapsizmi, bokschi qanchalik abjir va kuchli bo‘lmasin, zarbadan to‘g‘ri foydalana olmasa, hammasi bekor.

– Bu usullarni qaysi shogirdlaringizga o‘rgatdingiz?

– Bir kuni Ruslan Chagayevning sobiq menejeri Taymas Niyazov yonimga keldi. Uzoq suhbatlashdik. «Ruslanning zarbasi bor, ammo kuchli emas. U bilan mashg‘ulot o‘tkaza olasizmi?» dedi. Chagayevda professionallikni ko‘rolganim uchun rozi bo‘ldim. «Dinamo»dagi sport zalida mashg‘ulotlar o‘tishni kelishdik. Birinchi kuni sportchini o‘rgandim. Mushtining zarbi, yutuq va kamchiligi... Xullas, ikki hafta zarbalarini kuchaytirdik. Mashg‘ulot yakunlangach, Ruslan men bilan xayrlashib, ertasi kuni AQShga uchib ketdi. Bir oy o‘tmay, qora tanli mashhur bokschi bilan ringga tushib, uni beshinchi raundda mag‘lub etdi. Men o‘rgatgan usullar qo‘llaganini ko‘rib, juda quvondim. Shundan keyin Ruslandan ham, Taymasdan ham darak bo‘lmadi. «Ruslan yoshim yoki darajamni hurmat qilib, oldimga to‘rtta non ko‘tarib kelsa bo‘lardi» dedim o‘zimga o‘zim. Ancha vaqtdan keyin Toshkentda Taymasni ko‘rib qoldim. Hol-ahvol so‘rashgach, dardini aytdi: «Chagayevning ayoli men bilan shartnomani to‘xtatib, menejerlikni o‘zi egalladi. Mendan ranjimang, bunday bo‘lishini bilmagandim».

– Yulduzlik kasaliga chalinish hollari sportchilarga ham begona emas.

– Atrofdagilarda gap ko‘p. Yoningizda sizni va faoliyatingizni tushunadigan insonlar borligi yaxshi. Biroq sizdan bir sog‘in sigirdek foydalanadiganlar bo‘lsa, juda chatoq. Chagayev – kuchli sportchi, agar ozgina harakat qilganida, Mayk Taysondan ham o‘zib ketardi. Afsus, Taymasning shuncha harakatlari bir pul bo‘ldi. Hosilga yetdim deganida uni o‘yindan chiqarishdi. Mayli, Taymas yo‘lini topib ketadi, faqat Chagayevga achinaman...

– Inson boshiga ish tushganida atrofdagilari sinovdan o‘tadi. Siz musibatga yo‘liqib, sog‘lig‘ingiz yomonlashganida bu odamlar kimligini angladingizmi?

– Ha! Ishonganlarim meni tashlab qo‘yishmadi. Tanish-bilishlar esa... Ularning hayotimdan ketganiga achinmayman. O‘z nomi bilan shunchaki tanish-bilishlar edi. Do‘stlarim anchagina siyraklashib qoldi, ko‘pchiligi bu olamni tark etishdi. (O‘ylanib). Bir do‘stim bor, ismi – Po‘lat. U bilan bolalikdan do‘stmiz. Sog‘ligim yomonlashib qolganida ana shu Po‘lat yonimda turdi, meni qo‘llab-quvvatladi. Hozir ham uyimga tez-tez kelib turadi. Soatlab suhbatlashamiz, u boks haqida gapirishni yomon ko‘rishimni bilib, boshqa qiziqroq mavzulardan so‘z ochadi (kuladi).

– Nahotki hayotingizni bag‘ishlagan boks siz uchun ahamiyatsiz bo‘lsa?

– To‘g‘ri, men boksga hayotimni bag‘ishladim. O‘ylab qarasam, hozir 69 yoshda bo‘lsam, 59 yilimni sport uchun sarflabman. 40 yilimni professional boksda o‘tkazdim. Ammo juda charchadim. Men uchun endi u qiziq emas. Ba’zi-ba’zida sport kanallarida boks uchrashuvlarini ko‘rib qolaman. Shunda birorta nabiram kelib, multfilm ko‘raylik desa, ikkilanmay aytganini qilaman.

– Sir emas, yurtimiz bokschilari boshqalardan ancha o‘zib ketishdi. Ular xonadoningizga kelib, duongizni olishgani haqidagi xabarlarga ko‘zimiz tushgandi. Yosh bokschilardan qaysilari yaxshi natija ko‘rsatishiga ko‘zingiz yetadi?

– To‘g‘ri, ular kelishdi, hattoki bu tashriflarini rasmlarga muhrlab, dunyoga jar solishdi. Bari ko‘zbo‘yamachilik! Yuqorida aytganimdek, eshigim hamisha ochiq. Istagan bokschi kelib, bilganlaringizni o‘rgating desa, yo‘q demayman. Buning uchun haq ham olmayman. Balki, ishonmassiz, ammo Ruslan Chagayevga bergan saboqlarim uchun yo‘lkira haqiga 10 000 so‘m olganman, xolos (kulib qo‘yadi).

– Hayotda irodali insonmisiz?

– Irodaliman, ammo har narsaning, hatto metin iroda, sabrning ham chegarasi bor ekan. Men og‘riqqa chidamli ekanimdan oyog‘imga e’tibor bermadim. Alamimni boshqa narsadan oldim, baxtga qarshi, tunda og‘riqlar zo‘rayib... oqibati... ko‘rib turganingizdek!

– Nega farzandlaringiz izingizdan borishmadi?

– Ikki o‘g‘lim bor. Kattasini boksga bergandim – eplab ketolmadi. Rostini aytsam, uni majburlashni o‘zimiz ham istamadik. Shukrki, olti nabiram bor, ehtimol, ular bobosining faoliyatini davom ettirishar. Lekin sportning yakuni – fojia, o‘zim ko‘rgan qiyinchiliklarni ular ham his qilishlarini istamayman. Qadri baland sohalarda ishlashlarini xohlayman. Karerada muvaffaqiyatga erishmasa ham, oilada o‘z o‘rnini topishadi.

Men katta natijalarni qo‘lga kiritdim, charchab, kuchdan qolganimdan so‘ng farzandlarimga vaqt ajratdim. Jonimni bergan O‘zbekiston boks federatsiyasiga bir kuni qo‘ng‘iroq qildim. Go‘shakni ko‘targan yigit o‘zini «Falonchi Palonchiyev» deb tanishtirdi. «Tanishganimdan xursandman. Men Rufat Risqiyevman», desam: «Kim u? Uzr, tanimadim», dedi. Ichimda nimadir chirs etib uzilgandek bo‘ldi. Ortda qolgan yillar ko‘z o‘ngimdan kino tasmasidek o‘tdi...

– Rufat aka, ko‘nglingizni cho‘ktirmang, hammasi yaxshi bo‘ladi. Besh barmoq barobar bo‘lmaganidek, insonlar ham bir-biriga o‘xshamaydi.

Nargiza Murodova
suhbatlashdi


Suhbatning video talqinini quyida tomosha qilishingiz mumkin. Videointervyu «Muvad Video» tomonidan tayyorlangan.

Ogohlantirish: Manba materiali (video)da reklama bo‘lishi mumkin.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring