Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Rossiya O‘zbekistonda rus maktablarini qurmoqchi. Hukumat izoh berdi

Rossiya O‘zbekistonda rus maktablarini qurmoqchi. Hukumat izoh berdi

Bosh vazir matbuot kotibi Bekzod Hidoyatov Rossiyaning O‘zbekistonda maktab qurish taklifi ijtimoiy tarmoqlarda noto‘g‘ri talqin qilinayotganini bildirdi.

«Bugun Moskva shahrida O‘zbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi hukumat rahbarlari darajasidagi Qo‘shma komissiyaning 4-majlisida madaniy-gumanitar yo‘nalishdagi hamkorlik bo‘yicha bildirilgan muayyan taklif mohiyati noto‘g‘ri talqin qilinmoqda.

Davlatlar o‘rtasidagi o‘zaro rasmiy kelishuvlarga asosan, bir davlat hisobidan boshqa davlat hududida maktab va shunga o‘xshash ijtimoiy ob’yektlar qurish an’anasi jahon tajribasida mavjud. Bu o‘zaro ijtimoiy yordam sifatida tasniflanadi» – deya yozgan Bosh vazir matbuot kotibi.

Uning aytishicha, davlatlar bir-birining hududida maktab qurishi jahon tajribasida bor va shunday maktab qurilsa ham, uning dasturi har tomonlama o‘rganib chiqiladi.

«Shuni alohida qayd etish lozimki, xorijiy mamlakatlar tomonidan qurib beriladigan  maktablarning ta’lim dasturlari dastlab soha mutaxassislari tomonidan milliy urf-odat, qadriyat va an’analarimiz, tariximiz, amaldagi qonun hujjatlarimiz, mavjud ta’lim standartlarimiz nuqtai nazaridan chuqur o‘rganib chiqiladi.

Agar qurib berilishi taklif etilayotgan maktab va uning dasturi yuqorida nazarda tutilgan talablarga mazmunan mos kelsa, ushbu ta’lim muassasasining faoliyat yuritishi uchun o‘rnatilgan tartibda litsenziya beriladi», – degan Bekzod Hidoyatov.

Ma’lumot uchun, 18 sentyabr kuni Moskva shahrida O‘zbekiston va Rossiya hukumat rahbarlari darajasidagi Qo‘shma komissiyaning 4-majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda Rossiya o‘zbek tomoni manfaatdor bo‘lsa, O‘zbekistonda Rossiya dasturlari bo‘yicha rus tilida ta’lim beriladigan bir nechta maktablar qurishga tayyorligini ma’lum qilgan edi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring