O‘tgan yilning oktyabr oyida poytaxtimizda o‘tkazilgan «Rossiya-O‘zbekiston ta’lim forumi»da Kostichev nomidagi Ryazan davlat agrotexnologiya universiteti va Namangan muhandislik-texnologiya instituti o‘rtasida hamkorlik shartnomasi imzolangan edi.
Mazkur hamkorlik shartnomasida belgilangan tadbirlarni amalga oshirish hamda institut professor-o‘qituvchilari, tadqiqotchilari va talabalar uchun master-klass va dars mashg‘ulotlari o‘tkazish maqsadida Ryazan davlat agrotexnologiya universitetining o‘quv ishlari bo‘yicha prorektori, texnika fanlari doktori, professor Sergey Nikolayevich Borechev Namanganga keldi.
Tashrif doirasida rossiyalik mehmon ishtirokida institut rahbariyati bilan rasmiy uchrashuv o‘tkazildi. Unda hamkorlik shartnomasi asosida 2019 yilda amalga oshiriladigan ishlar bo‘yicha muzokaralar olib borildi. Bundan tashqari Sergey Borechev ishtirokida fakultetlar dekanlari, kafedralar mudirlari va yetakchi professor-o‘qituvchilar bilan o‘zaro hamkorlikni rivojlantirish borasida qilinadigan ishlar bo‘yicha seminar tashkil qilindi.
Tashrif davomida Ryazan davlat agrotexnologiya universiteti prorektori institutning «texnologik mashinalar va jihozlar» yo‘nalishi talabalari uchun o‘zining uch kunlik dars mashg‘ulotlarini olib bordi. Mashg‘ulotlar texnologik mashinalar va jihozlar ta’lim yo‘nalishi 3-kurs talabalari uchun, «amaliy mexanika» hamda «yengil sanoat mahsulotlarini konstruksiyalash va texnologiyasi» yo‘nalishlari 2-kurs talabalari uchun texnik mexanika fanidan jami 16 soat o‘tkazildi.
Professor Sergey Borechevning Namanganga tashrifi davomida ikkita oliy ta’lim muassasalarining hamkorligini har tomonlama rivojlantirish, 2019 yilda NamMTI talabalari va professor-o‘qituvchilarini stajirovkaga yuborish, Rossiya Federatsiyasi oliygohidan professor-o‘qituvchilarni NamMTI o‘quv jarayoniga jalb qilish, onlayn seminarlar va mashg‘ulotlar o‘tkazish hamda hamkorlikda o‘quv-uslubiy adabiyotlar yaratish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.
Namangan muhandislik-texnologiya instituti matbuot xizmati
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter