Rossiya TIV rasmiy vakili Zaxarova «O‘zbekiston fuqarolarining manfaati» haqida va’z o‘qidi
Rossiya tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Mariya Zaxarova O‘zbekistonda rasmiy doiralarda davlat tili ustuvor bo‘lishini belgilovchi qonun loyihasi atrofidagi muhokamalarga munosabat bildirdi. U jumladan shunday degan:
«Shunday taassurot uyg‘onyaptiki, ushbu qonun loyihasi tarafdorlari hozircha yaqqol ozchilikni tashkil etadi. Bildirilayotgan fikrlarning aksariyati rus tilining rasmiy muloqotda saqlanib qolishi munosabatlarimizning tarixiy ruhi va zamonaviy sifatiga, eng asosiysi — ko‘pincha Rossiyada o‘qish yoki ishlash uchun tanlov qilayotgan ko‘p sonli O‘zbekiston fuqarolari manfaatlariga to‘la mos kelishini ko‘rsatmoqda».
Ushbu holat O‘zbekistonda huquqshunos, jurnalist va blogerlar o‘rtasida haqli norozilikni keltirib chiqardi. Xususan, taniqli jurnalist Muhrim A’zamxo‘jayev ushbu holat haqida «Putin Rossiyasining eng yoqimsiz ovozlaridan biri — Mariya Zaxarova O‘zbekistonda rasmiy doiralarda davlat tili ustuvor bo‘lishini belgilovchi qonun loyihasi atrofidagi muhokamalarga munosabat bildiribdi», deya yozgan bo‘lsa, huquqshunos Xushnud Xudoyberdiyev Mariya Zaxarovaning gaplarini «la’nati propoganda» sifatida baholagan.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Akmal Burhonov bu borada shunday fikr bildirdi.
1. Suveren davlat hududida til masalasi tartibga solinishi uning ichki siyosati masalalariga kiradi.
2. Rus tili bo‘yicha Rossiya bilan hamkorlikda dasturlarning amalga oshirilishi bu yurtimizda boshqa millat vakillariga bo‘lgan hurmatimiz darajasini bildiradi. Lekin O‘zbekistonda davlat tili o‘zbek tili hisoblanadi va davlat organlarida ish davlat tilida yuritilishi qonunning talabidir.
3. Zaxarova qaysi asosga ko‘ra qonun loyihasining tarafdorlari kamchilikni tashkil qilishi va rasmiy ish yurituvida rus tili to‘liq saqlanib qolgan, degan xulosaga keldi?
4. Davlat idoralarida o‘zbek tilida ish yuritish O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi aloqalarimiz dinamikasiga hech qanday ta’sir ko‘rsatmasligi kerak. Rossiya rasmiy vakili bu masalaning O‘zbekiston fuqarolari manfaatlariga zid yoki zid emasligi bo‘yicha fikr bildirishga haqlimi?
Hozircha O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi, Oliy Majlisi va boshqa rasmiy idoralardan bu borada rasmiy javob bo‘lmadi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter