Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Rossiya muhojirlar hayotini qiyinlashtirmoqchi. IIV qanday taqiqlar tayyorlamoqda?

Rossiya muhojirlar hayotini qiyinlashtirmoqchi. IIV qanday taqiqlar tayyorlamoqda?

Rossiya ichki ishlar vazirligi noqonuniy muhojirlarning hayotini murakkablashtiradigan va ular uchun nazorat ostida bo‘lish tartibini joriy etuvchi qonun loyihasini tayyorladi, bu esa ularga avtomobil haydash, haydovchilik guvohnomasini olish va pul o‘tkazishni taqiqlaydi. Bundan tashqari, Rossiyaning bir qator hududlarida 2024 yildan boshlab cheklovlar qo‘llanila boshlaydi, bu — ish ruxsatnomasi bo‘lgan muhojirlarga ham ta’sir qiladi.

Nazorat ostida qolish rejimini Rossiyada qolish huquqiga ega bo‘lmagan muhojirlarga nisbatan qo‘llash taklif qilinmoqda. Ularni tegishli reyestrga kiritish rejalashtirilgan. Bunga — vaqtinchalik yashash va yashash uchun ruxsatnomaning amal qilish muddati tugashi, chegarani noqonuniy kesib o‘tish yoki viza, vaqtinchalik boshpana va fuqarolikni bekor qilish sabab bo‘lishi mumkin.

Qonun loyihasiga ko‘ra, reyestrga kiritilgan muhojirlar yuridik shaxs va yakka tartibdagi tadbirkor sifatida davlat ro‘yxatidan o‘ta olmaydi, ko‘chmas mulkni ro‘yxatdan o‘tkaza olmaydi va avtomashina sotib olmaydi yoki egalik huquqini boshqalarga o‘tkaza olmaydi. Bundan tashqari, noqonuniy muhojirlar uchun avtomobil haydash huquqini cheklash rejalashtirilmoqda. Shuningdek, ular haydovchilik imtihonini topshira olmaydi yoki haydovchilik guvohnomasini almashtira olmaydi. Boshqa cheklovlar orasida bank hisobini ochish, pul o‘tkazish va turmush qurish mumkin emas.

Davlat Dumasi Ichki ishlar vazirligining noqonuniy muhojirlar uchun cheklovlar bo‘yicha tashabbusini qo‘llab-quvvatladi. Deputat Sulton Hamzayev bu fikrni asosli va haqiqatga mos deb atadi.

«Bu cheklovlarni jamoat xavfsizligi nuqtai nazaridan qo‘llab-quvvatlash kerak. Gap, birinchi navbatda, Rossiya qonunchiligiga 100 foiz rioya qilish haqida ketmoqda», — dedi deputat va bu qonun loyihasiga ovoz berishini ta’kidladi.

Davlat Dumasi, shuningdek, muhojirlarga shifokor, o‘qituvchi, farmatsevt va taksi haydovchisi bo‘lib ishlashni taqiqlamoqchi edi.

Oktyabr oyida «Adolatli Rossiya – Haqiqat uchun» partiyasi Davlat Dumasiga muhojirlarga, jumladan, mamlakatga qonuniy yo‘l bilan kelganlarga ham ta’lim, tibbiyot, farmatsevtika va taksida ishlashni taqiqlovchi qonun loyihasini kiritgan edi.

Sabab qilib Rossiyaga mehnat muhojirlari oqimi o‘sishda davom etayotgani qayd etilgandi. Shu bilan birga, ularning ish haqi ruslarning ish haqiga teng bo‘lgani tufayli Rossiya iqtisodiyoti uchun foydali bo‘lishni to‘xtatgani ta’kidlangan. Bundan kelib chiqib, deputatlar iqtisodiy faoliyatning har bir turida xorijiy ishchilarning ruxsat etilgan ulushini besh foizgacha cheklashni taklif qildilar.

O‘z navbatida, Davlat Dumasi spikeri o‘rinbosari Pyotr Tolstoy rus tili davlat tili bo‘lmagan mamlakatlar fuqarolari jamoat joylarida ishlamasligi kerakligini aytdi.

Noyabr oyida Chelyabinsk viloyati 2016 yilda joriy etilgan barcha yo‘nalishlarda muhojirlarning taksi va yo‘lovchi avtobuslarini boshqarishiga qo‘yilgan taqiqni uzaytirdi. Ushbu chora patent asosida ishlaydigan tashrif buyuruvchilarga ham tegishli.

2024 yildan boshlab Tula viloyatida ham shunga o‘xshash choralar joriy etilishi rejalashtirilgan. Hukumat jamoat transportini boshqarishdan tashqari, muhojirlarga umumiy ovqatlanish sohasida, shuningdek, alkogol va tamaki mahsulotlari, oziq-ovqat va ichimliklar chakana savdosida ishlashni taqiqlaydi.

Bundan tashqari, yanvar oyidan boshlab muhojirlar Magadan viloyatida jamoat transporti va taksi haydovchisi sifatida ishlay olmaydi. Viloyat rahbari Sergey Nosovning farmoyishiga ko‘ra, transport kompaniyalari uch oy muddatda tashish bilan bog‘liq barcha xorijliklarni ishdan bo‘shatishlari shart.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring