Ronaldudan baland sakraganlar bormi?!
Amerikaning nufuzli Sportico jurnali tarixdagi eng boy 50 sportchi nomini e’lon qildi. An’anaviy yillik ushbu reyting 2023-yil yakuni bo‘yicha tuzildi. Sportchilarning daromadlari faoliyati va undan keyingi davrlarni o‘z ichiga oldi. Daromadlar inflyasiyani hisobga olgan holda tahrirlandi.
Yakuniy natijalar turli manbalarni — ish haqi, bonuslar, mukofot pullari, kitob noshirlari bilan shartnomalar, gonorarlar va hatto homiy-kompaniyalardagi ulushlargacha qamrab oldi. Reytingga an’anaviy sarmoya kiritishdan olingan foydalar kiritilmadi.
Sportdagi faoliyatiga 2003-yilda nuqta qo‘ygan basketbol afsonasi Maykl Jordan sayyoramizning eng boy sportchisi maqomini saqlab qoldi. NBA tarixidagi eng yaxshi sportchilardan sanalmish Jordan yalpi $3,75 mlrd daromad bilan birinchi o‘rinni egalladi. Ammo u eng ko‘p pulni to‘pni savatga aniq uloqtirishdan emas, balki Nike kompaniyasi bilan uzoq muddatga tuzilgan shartnoma ortidan qo‘lga kiritdi — 1,8 milliard dollar.
Ikkinchi o‘rinni ham amerikalik — golf qiroli Tayger Vuds egalladi ($2,66 mlrd). Qizig‘i, u sportchilik paytida ishlagan pullar «atigi» $121 million. Tadbirkorlikda golf maydonidagidan-da ustamonroq chiqqan Vuds millionlarini milliardlarga aylantira oldi. Golf maydonlarini barpo etish va dizayniga ixtisoslashgan TGR Design firmasi, The Woods restorani, elita uchun Popstroke mini-golf tarmoqlari, tadbirlar o‘tkazuvchi TGR Live kompaniyasi, ko‘chmas mulk biznesi, investitsiyalar — Vudsga hammayoqdan pul oqib kelyapti.
«Hammadan baland sakrovchi» Krishtianu Ronaldu Saudiya Arabistoni futboliga o‘tib, bu nomga qanchalik loyiqligini isbotladi. Bir yil ichida naq ikki pog‘ona yuqorilab, uchinchi o‘rindan mustahkam joy egalladi. «Al-Nasr» bilan 2,5 yillik shartnoma futbolchiga yiliga $200 milliondan ortiq daromad keltiradi. Saudiyaga o‘tish Ronalduning pullarini $1,92 milliardga yetkazdi, qani ayting-chi, baland sakrash yana qanaqa bo‘lishi mumkin?!
Top-10 ga kirgan qolgan sportchilar:
- Arnold Palmer (golf) — $1,76 mlrd;
- Lebron Jeyms (basketbol) — $1,70 mlrd;
- Jek Niklaus (golf) — $1,67 mlrd;
- Lionel Messi (futbol) — $1,67 mlrd;
- Devid Bekhem (futbol) — $1,5 mlrd;
- Rojer Federer (tennis) — $1,17 mlrd;
- Floyd Meyvezer (boks) — $1,48 mlrd.
Top-50 ga 17 mamlakatdan 9 sport turi bo‘yicha atletlar kirdi. Hammadan ko‘p basketbolchilar (12 sportchining jami daromadi $13 mlrd). Ro‘yxatda 8 nafar golfchi, 7 nafar bokschini ko‘rishimiz mumkin. Futbolchilar atigi 4 nafar: milliarderlar uchligi — Ronaldu, Messi va Bekhem va millioner Neymar — $ 855 mln.
Qizig‘i, ushbu reytingdagi yagona MMA vakili Konnor Makgregor $555 million daromad bilan so‘nggi 50-o‘rinni band qildi.
To‘liq ro‘yxat bu yerda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter