Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Rojer Federer. «Katta dubulg‘a». «Australian Open»...

Rojer Federer. «Katta dubulg‘a». «Australian Open»...

Foto: «Sports.ru»

Avstraliya ochiq chempionati finalida Rojer Federer Marin Chilichni mag‘lubiyatga uchratdi. Natijada u «Katta dubulg‘a» turkumidagi turnirlarning bosh mukofotini 20 marta qo‘lga kiritgan ilk erkak sportchi sifatida tarixga kirdi. Ungacha bunday natijaga uchta ayol tennischi Shteffi Graf (22), Serena Uilyams (23) va Margaret Kort (24) erishgan.

«Australian Open» Rojer uchun «Katta dubulg‘a» turnirlaridagi 30-final hisoblanadi. Bu ham erkaklar tennisi uchun rekord natija. U ketma-ket ikkinchi marta Avstraliyadagi turnirning bosh sovrinini qo‘lga kiritmoqda.

Federer 1968 yildan beri o‘tkazilgan «Katta dubulg‘a» turnirlarining 10 foizida g‘olib chiqqan. Federer, Nadal, Jokovich va Marreydan iborat kuchli to‘rtlik so‘nggi ellik yildagi 200 ta musobaqadan 51 tasini yutib olgan.

Melburndagi g‘alaba Rojer uchun oltinchi unvon bo‘lib, u  «Katta dubulg‘a» turnirlarining ikkitasida kamida olti marotabadan g‘olib chiqqan ilk tennischi hisoblanadi. U Novak Jokovich va Roy Emerson bilan birgalikda Avstraliya ochiq chempionatida eng ko‘p g‘alaba qozonganlar ro‘yxatining boshida turibdi.

Federer 36 yosh 5 oyu 20 kunlik davrda «Katta dubulg‘a» turnirida g‘alaba qozonib, bu borada faqatgina «Australian Open»ning 1972 yilgi g‘olibi Ken Rozuolldan ortda qolmoqda. Rozuoll yashil qit’ada chempionlikni nishonlaganida 37 yosh 2 oyu 1 kunlik edi.

Finalga qadar Rojerning eng kuchli raqibi bo‘lgan Tomash Berdix ATR reytingida 20-o‘rinda bormoqda. Maestro o‘z faoliyati davomida faqat ikki marta finalgacha bo‘lgan yo‘lni reytingi past tennischilar bilan o‘tkazgan. «Rolan Garros – 2008»da Fernando Gonsales (25) bilan bahslashgan Federer «Uimbldon – 2008»da Lleyton Xyuitt (27) bilan bosh sovrin uchun kurashgan. Ikkala finalda ham Federer mag‘lub bo‘lgan.

Federer to‘rtinchi marotaba finalda reytingda kuchli beshlikka kirmaydigan tennischini yutib «Katta dubulg‘a»da g‘alaba qozondi. Ammo u har safar reytingda oltinchi pog‘onada borayotgan sportchi bilan bahslashgan. «Australian Open – 2007» va «Uimbldon – 2009»da Endi Roddik bilan, «Uimbldon – 2017»da Milosh Raonich bilan kuch sinashgan Federer Melburndagi finalda Chilichni mag‘lub etdi.

Federer va Chilich o‘rtasidagi final bahsidan oldin havo keskin isib ketganligi sababli tashkilotchilar markaziy kort tomini yopishdi. Melburnda havo harorati 40 darajadan oshdi. Bir kun oldingi ayollar finalida mag‘lub bo‘lgan Simona Xalep ham issiq va nam havodan qiynalib, o‘yindan keyin mazasi qochib qolgan edi.

Federer «Katta dubulg‘a»dagi ilk g‘alabasini 16 yil oldin nishonlagan. Bu ko‘rsatkich bo‘yicha u yana o‘sha Serena Uilyams hamda Ken Rozuolldan ortda qolmoqda. Serenaning ilk va oxirgi g‘alabalari o‘rtasida 19 yillik farq bo‘lsa, Ken Rozuollniki 20 yilni tashkil etadi. Serena va Rojerda bu ko‘rsatkichni yanada yaxshilash imkoni bor.

Federerni ATR reytingi yetakchisi Rafael Nadaldan 155 ochko ajratib turibdi. Ispaniyalik tennischi fevral oyi oxirida Akapulkodagi  turnirda qatnashish istagini bildirgan. Bordi-yu, Nadal o‘sha turnirda yarim finalgacha yetib bormasa, Rojer 2012 yil 4 noyabrdan beri ilk bor dunyoning birinchi raqamli tennischisiga aylanadi. Shu kungacha erkaklar tennisida bunday uzoq yildan so‘ng hech kim reytingning eng yuqoriga qaytmagan.

Avstraliya ochiq chempionatida 4 million dollarni qo‘lga kiritgan Federerning butun faoliyati davomida ishlab topgan mablag‘i deyarli 115 million dollarga yetdi. Bu borada u sayyoramizning eng omadli sportchisi hisoblanadi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring