Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Saudiya Arabistoni Rog‘un GES qurilishi uchun 100 mln dollar ajratadi

Saudiya Arabistoni Rog‘un GES qurilishi uchun 100 mln dollar ajratadi

Foto: Facebook /khadamotimatbuot

Saudiya taraqqiyot jamg‘armasi Tojikistondagi Rog‘un GES qurilishiga 100 million dollar ajratadi. Ushbu mablag‘ 2002 yildan buyon jamg‘arma tomonidan Tojikistonga ajratilgan investitsiyaning 50 foizini tashkil qiladi.

Tojikiston energetika vazirining ma’lum qilishicha, Rog‘un GESini butunlay ishga tushirish uchun 5 milliard dollar miqdorida mablag‘ kerak bo‘ladi. Hozirgacha ushbu suv elektrostansiyasi uchun 40 milliard somoni (3 milliard 336 million dollar) sarflangan.

Rog‘un GES Dushanbedan 110 kilometr uzoqlikda Vaxsh daryosida joylashgan bo‘lib, mintaqadagi eng yirik hisoblanadi. Uning qurilishi 1976 yilda boshlangan, ammo SSSR parchalanganidan so‘ng to‘xtatilgan. Keyinchalik Tojikistonda GES qurilishi davom ettirilgan, loyihada ko‘zda tutilgan 600 megavatt quvvatga ega olti blokdan hozirgacha ikkitasi ishga tushirilgan.

2008-2021 yillarda Rog‘un GESini rekonstruksiya qilish, qurish va o‘rnatish uchun Tojikiston budjeti va boshqa manbalar hisobidan qariyb 3 milliard dollar ajratilgan. U ishga tushirilgandan so‘ng stansiyaning quvvati 3,6 gigavattni tashkil qiladi va balandligi 335 metr bo‘lgan to‘g‘on dunyodagi eng baland to‘g‘onga aylanadi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring