Robotlarni yig‘ish hamda ularni dasturlashni o‘rganmoqchimisiz? «Barkamol avlod»ga boring!
STEM (Science, Technology, Engineering and Mathematics — fan, texnika, muhandislik va matematika) ta’lim uslubini joriy qilish va keng qamrovda targ‘ib qilish maqsadida, Xalq ta’limi vazirligi tomonidan «Barkamol avlod» Respublika bolalar o‘lkashunoslik va ekologiya markazi tarkibida robototexnika bo‘yicha ta’lim kurslari tashkil etilmoqda.
Bu kurslar «RoboCraft» maxsus kurslari bo‘lib, mashg‘ulotlarda o‘quvchilar robotlarni yig‘ish hamda ularni dasturlashini o‘rganishi mumkin. Mazkur kurs asoschilari tomonidan o‘quv jarayonida o‘ziga xos yondashuv joriy etilishi, shuningdek, mashg‘ulotlarni zamonaviy ta’lim modellariga tayangan holda o‘tish taklifi berilgan. Xususan, kurs mashg‘ulotlari STEM metodikasi asosida o‘tiladi. Ushbu ta’lim modeli o‘quvchilarga nafaqat bilim olish, balki ularni amalda qo‘llashda ham ko‘mak beradi. Bu esa yoshlarning bilim va ko‘nikmalarini rivojlantirib, kelajakda o‘zi tanlagan kasbga oson moslashishiga zamin yaratadi.
— Hozirgi zamon va uning talablari jadal ravishda rivojlanib bormoqda. Kelgusi 30 yil ichida dunyo qay tarzda o‘zgarishini aniq bilmaymiz, hatto kelgusi 30 yil ichida mutlaqo yangi kasblar paydo bo‘ladi. Masalan, rabototexnika, nanotexnologiyalar, bioinjenering, sun’iy intellekt, tarmoq texnologiyalari, internet texnologiyalari va boshqa kasblar paydo bo‘ladi. O‘z o‘rnida ushbu sohada faoliyat yuritadigan mutaxassilarga ham talab ortadai. Hatto ularning mehnat qiymati, ya’ni oylik maoshlari ham yuqori bo‘ladi. Vaholanki, ushbu o‘zgarishlarga va innovatsiyalarga hozirdan kelajak avlodni tayyorlash, bizning eng ustuvor vazifalarimizdan biridir, — dedi markaz direktori Ma’sumxon Hakimov.
STEM uslubidagi ta’lim keng fikrlashga o‘rgatib, yangiliklar yaratilishiga, keng dunyoqarashdagi ixtirochilar paydo bo‘lishiga turtki bo‘ladi. Ya’ni yangi mahsulotlar va xizmatlar paydo bo‘lishi iqtisodiyot rivojini tezlashtiradi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter