Rim papasining bayonoti Ukrainada noxush kutib olindi
Ukraina tashqi ishlar vaziri Dmitriy Kuleba uning mamlakati Rossiya Federatsiyasi bilan urushda «oq bayroq» ko‘tarish niyatida emasligini aytdi. Mamlakat tashqi siyosat departamenti rahbarining X (sobiq Twitter) ijtimoiy tarmog‘idagi akkauntida tegishli mazmundagi post paydo bo‘ldi.
Shu tariqa u Rim papasi Fransiskning urush zonasidagi vaziyat haqidagi so‘zlariga izoh berdi. Kulebaning ta’kidlashicha, uning davlatida faqat bitta bayroq bor - ko‘k va sariq.
9-mart kuni Rim-katolik cherkovi rahbari Shveysariyaning RSI telekanaliga intervyu berib, Moskva va Kiyevni tinchlik muzokaralarini boshlashga chaqirgandi. Pontifikning so‘zlariga ko‘ra, to‘qnashuvda yutqazgan tomon jasorat to‘plashi va «oq bayroq» ko‘tarishi kerak.
«Biz boshqa bayroqlarni ko‘tarmaymiz», dedi vazir.
Ukraina Tashqi ishlar vazirligi rahbari, shuningdek, Vatikanni «tarixiy xatolarni takrorlamaslikka» chaqirdi. Biroq Kuleba aynan nima muhokama qilinayotganiga aniqlik kiritmadi.
Yakunda u Rim papasi Fransisk yaqin orada Ukrainaga tashrif buyurish imkoniyatini topishiga umid bildirdi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter