Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Respublika «Tez tibbiy yordam»i uchun yana yuzdan ortiq Volkswagen Caddy yetkazib berildi

Respublika «Tez tibbiy yordam»i uchun yana yuzdan ortiq Volkswagen Caddy yetkazib berildi

Bugun, 23-fevral kuni Jizzakh Auto tomonidan Volkswagen Caddy tez tibbiy yordam mashinalarining 117 donadan iborat navbatdagi partiyasi hududlarga taqdim etildi.

Qayd etilishicha, beshinchi avlod A toifali Volkswagen Caddy avtomobillari mutlaqo yangi MQB platformasida ishlaydi. Ular 1,6 MPI atmosferali motor bilan jihozlangan bo‘lib, 6 pog‘onali mexanik uzatmalar qutisi va 110 ot kuchiga ega. 100 kilometr masofaga avtomobil aralash siklda 7 litr yonilg‘i sarflaydi.

SSV axborot xizmati bergan ma’lumotga ko‘ra, hozirgacha qariyb 340 ta Volkswagen Caddy avtomobillari joylarga yetkazib berilgan. Ushbu avtomobillar taqsimoti hududlardagi aholi soni va tez tibbiy yordam mashinalarini yangilash ehtiyojidan kelib chiqqan holda shakllantirilmoqda.

Shuningdek, birinchi bosqichda 230 dona B toifadagi Ford reanimobillari Tez tibbiy yordamni rivojlantirish jamg‘armasi hisobidan Toshkent va Samarqand shaharlarida foydalanish uchun yetkazib berildi. Natijada 2022-yilga kelib bunday zamonaviy avtoulovlar soni 541 taga yetdi. Ularni jihozlashda shifokor hamda bemorlarga qulaylik yaratishga alohida e’tibor berilgan.

Ikkinchi bosqichda esa 1 ming dona A toifali tez tibbiy yordam mashinasi xarid qilinishi ko‘zda tutilgan bo‘lib, ushbu maqsadda Osiyo taraqqiyot banki loyihasi asosida kredit mablag‘lari ajratilgan. Bu orqali tizimdagi ma’nan eskirgan Damas avtomobillarini yangilash ko‘zda tutilmoqda. 

Respublika tez tibbiy yordam markazi direktori Abduvoit G‘afurovning ma’lum qilishicha, xarid qilinishi rejalashtirilgan yana 640 ta tez tibbiy yordam mashinasi ham Hunday, Ford, Volkswagen, Iveco kabi jahon brendlariga tegishli bo‘lishi kutilmoqda.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring