Respublika bo‘ylab semizlikka qarshi ommaviy gimnastika tadbirlari o‘tkazildi (foto)
Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan bugun 4 may kuni «Ortiqcha vazn – qo‘shimcha kasallik» shiori ostida mamlakatimiz bo‘ylab, jumladan, Toshkent tibbiyot akademiyasining «Shifokor» sport majmuasida ham yurish va gimnastika tadbirlari aholi ishtirokida tashkil etildi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabar bermoqda.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida tashkil etilgan ushbu ommaviy tadbirlarda Sog‘liqni saqlash vazirligi xodimlari, yurtimizdagi tibbiyot muassasalari shifokorlari, hududlardagi hamkor tashkilotlar vakillari hamda mahalla faollari ishtirok etishdi.
Ma’lumki, yurish orqali yurak qon-tomir kasalliklari, insult, xavfli o‘smalar, nafas olish a’zolarining surunkali kasalliklari va qandli diabet kabi yuqumli bo‘lmagan kasalliklarning oldini olgan bo‘lamiz. Bundan tashqari, jismoniy faollik sabab nosog‘lom turmush tarzi, noto‘g‘ri ovqatlanish, chekish, ichish kabi salbiy illatlarga ham chek qo‘yiladi.
Gimnastika mashqlarini bajarish orqali esa mushak tizimini mustahkamlanadi, bo‘g‘imlar harakati yaxshilanadi, kuch, tezlik, chidamlilik tarbiyalanadi. Sog‘lomlashtiruvchi ta’sir kuchiga ega mashqlar tufayli qomatning tik va to‘g‘ri rivojlanishini ta’minlaydi.
Semizlik kasallik bo‘lib, teri osti va tananing boshqa joylarida me’yordan ortiqcha yog‘ to‘planishi natijasida kelib chiqadi. Kamharakatlanish, genetik faktorlar, endokrin kasalliklar, noto‘g‘ri ovqatlanish yoki psixologik buzilishlari, stresslarga beriluvchanlik kabi faktorlar semizlikni keltirib chiqaradi. Ushbu sabablardan eng ko‘p uchraydigani kam harakatlanish, noto‘g‘ri ovqatlanish va genetik faktorlardir.
Semizlik oqibatida metabolik sindrom, qandli diabet, yurak ishemik kasalligi, miokard infarkti, insult, gipertoniya kasalligi, surunkali vena qon-tomirlarining yetishmovchiligi, xoletsistit va o‘t-tosh kasalligi, artritlar, osteoxondroz va osteoartrozlar, umurtqa pog‘onasi churralari, jigarning yog‘li distrofiyasi hamda onkologik kasalliklarga sabab bo‘lishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan o‘tgan davrda «Yurish kuni», «Yurish bo‘yicha marafon kuni», «Salomatlik sari qadam», «Velosipedda sayr kuni», «5 kilometr masofaga faol yurish» hamda «Sog‘lom ozish kuni», «Faol yurish va muassasalararo sport musobaqalari» kabi ommaviy tadbirlari mamlakatimizning barcha hududlarida tashkil etilgan edi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter