Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Rektor oilaviy yotoqxonani bo‘shatishni talab qilmoqda. 49 ta oila karantinda qayerga boradi?

Rektor oilaviy yotoqxonani bo‘shatishni talab qilmoqda. 49 ta oila karantinda qayerga boradi?

Foto: TDIU

Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti rahbariyati poytaxtning Algoritm dahasidagi 19-sonli oilaviy yotoqxonada istiqomat qiluvchilarni tom ma’noda ko‘chaga haydamoqda. Bu yerdan boshpana topgan 49ta oilaning (jami 200 nafar fuqaro!) boshqa borar joyi yo‘q.

Yotoqxona unversitetga qarashli ekan, uning tasarrufi, bu joyda kimlar yashash-yashamasligi kabi masalalar mazkur oliy o‘quv dargohi rahbariyati tomonidan hal etiladi, albatta.

Biroq hozirgi murakkab davr – yo‘g‘on cho‘zilib, ingichka uzilayotgan paytda «ko‘ch-ko‘ch»ni kun tartibiga chiqarilishi qanchalar maqsadga muvofiq? Ikkinchidan, «surgun qilinayotganlar» bu joyga noqonuniy kirib olishmagan. Aksincha, vaqtida unversitet taqdim etgan order orqali o‘rnashib, salkam 20 yildan beri yashayotganlar ham bor. Ularning ko‘pchiligi yaqin-yaqingacha shu unversitetda faoliyat ko‘rsatishar edi.

Iqtisodiyot unversiteti faoliyati jiddiy elakdan o‘tkazilishi natijasida eskilar ketib, yangilar keldi. Yangilarning ishlarni yangicha tashkillashtirishi natijasida shu yerdan rizqini terib yurganlarning ko‘piga chiqish eshiklari ko‘rsatildi. O‘sha «chiqish eshiklari» ko‘rsatilganlarning aksariyati bola-chaqasi bilan unversitet yotoqxonasida istiqomat qilardiki, ular qisqa vaqt ichida ham ishidan, ham boshpanasidan ayrilmoqda. Bunday sinovlar hozirgi murakkab sharoitda to‘g‘ri kelgani esa dard ustiga chipqon bo‘layotir.

Unversitet rahbariyati esa «tashqarida nimalar bo‘layotganidan» go‘yoki bexabardek. Koronavirus infeksiyasiga chalinganlar soni ko‘payib, karantin talablari kuchaygan paytda yotoqxonada istiqomat qilayotganlarga ogohlantirish xatlari berib, so‘ng fuqarolik ishlari bo‘yicha Uchtepa tumanlararo sudiga esa ularni majburiy ko‘chirish haqida da’vo-ariza kiritdi!

Bu o‘rinda gap masalaning huquqiy jihatlari haqida emas, ma’naviy-axloqiy qirralari ustida ketmoqda. Oliy o‘quv dargohi ma’rifiy maskan hisoblanadi. Ma’rifiy maskanda esa zalolatga dalolat qiluvchi xatti-harakatlarning hatto sharpasi ham bo‘lishi kerakmas. Ayniqsa, hozirgiday sinovli paytda! Vaholanki, masalaning huquqiy jihati borasida ham savollar bor. Yotoqxonada yashovchilar orasida bu yerga doimiy propiska qilinganlar ham mavjud. Bu masalaning huquqiy yechim talab qiladigan og‘riqli nuqtasidir. Qolaversa, o‘n-o‘n besh yildan beri istiqomat qiluvchilar yotoqxona xonalari xususiylashtirilishiga oid gaplarga ishonib, shuncha paytdan beri «tishini tishga qo‘yib», umid bilan yashab kelashayotgan ekan...

Bu yog‘i nima bo‘ladi endi?!

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring