Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Rossiyadan O‘zbekistonga pul o‘tkazmalari tarmog‘i kengaytirilmoqda

Rossiyadan O‘zbekistonga pul o‘tkazmalari tarmog‘i kengaytirilmoqda

«AziyaEkspress» pul o‘tkazmalari tizimi va «Rosselxozbank» AJ Rossiyadan O‘zbekistonga pul o‘tkazmalari tarmog‘ini kengaytirmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy bankining sho‘’ba banki bo‘lgan «Aziya-Invest Bank» (AJ) Rossiya Federatsiyasining davlat ko‘p tarmoqli yirik banki — «Rosselxozbank» AJ bilan birgalikda «AziyaEkspress« va «RSXB-Ekspress» pul o‘tkazmalari tizimi ishtirokchilarining hamkorlik tarmog‘ini kengaytirish strategiyasini amalga oshirar ekan, hisob-raqam ochmasdan pul o‘tkazish bo‘yicha tizimni muvaffaqiyatli integratsiya qilganini ma’lum qiladi.

Ushbu loyiha 2020 yil, 23 iyundan boshlab O‘zbekistondagi banklar bo‘limlarida muvaffaqiyatli ishga tushirildi. Yil oxirigacha «AziyaEkspress« doirasidagi pul o‘tkazmalari ulushi Rossiya Federatsiyasidan O‘zbekiston Respublikasiga pul o‘tkazmalari umumiy bozorining qariyb 20 foiziga yetishi rejalashtirilgan.

Qo‘shma loyihaning ishga tushirilishi ikki bankning «Rossiya-O‘zbekiston» yo‘nalishi bo‘yicha hisob-raqam ochmasdan pul o‘tkazmalarini amalga oshirishga imkon beradigan texnologiyani joriy etish borasidagi o‘zaro hamkorligi natijasidir.

2020 yilning avgust oyi oxiriga qadar ushbu xizmat «Rosselxozbank»ning 1300dan ortiq bo‘limlarida ishga tushiriladi hamda «Aziya-Invest Bank»ning O‘zmilliybank, ATB Xalq banki, ATB Agrobank, ATB Turonbank, ATB «Qishloq qurilish bank», «DAVR Bank» kabi O‘zbekistondagi hamkor banklarda to‘lovlarni olish imkoni mavjud bo‘ladi.

«Shuni alohida ta’kidlash lozimki, ikkita davlat banklari — «Rosselxozbank» AJ va «Aziya-Invest Bank» (AJ) hamkorligi Rossiya Federatsiyasida ishlayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolariga ishonchli va kafolatlangan pul o‘tkazmalarini amalga oshirish imkoniyatini yaratmoqda», — dedi «Rosselxozbank» AJ Boshqaruv raisining birinchi o‘rinbosari Irina Vladimirovna Jachkina.

Foydalanuvchilarga 7/24 rejimida o‘zbek va rus tillarida har tomonlama yordam ko‘rsatiladi, «Rosselxozbank» AJ bo‘limlarida bankning boshqa xizmatlaridan ham foydalanish mumkin bo‘ladi. Shuningdek, «Rosselxozbank» AJ pul o‘tkazmalari tizimi foydalanuvchilari uchun bankning barcha xizmat va vositalari taqdim etiladi: mobil ilova, debet va kredit kartalari, xizmatlarga haq to‘lash, Rossiya Federatsiyasida ishlayotgan mehnat muhojirlariga kredit berish istiqbollari.
«Ushbu loyiha, shubhasiz, «AziyaEkspress» pul o‘tkazmalari tizimi uchun katta yutuq hisoblanadi, chunki bu hamkor bankning keng tarmog‘i orqali Rossiya Federatsiyasining butun hududini qamrab olish va to‘lovlarni O‘zbekiston Respublikasining pul o‘tkazmalari hamda to‘g‘ridan-to‘g‘ri hisob-kitoblar amalga oshiriladigan yirik davlat banklari ishtirokida amalga oshirish imkonini beradi, — deydi O‘zmilliybank Boshqaruvi raisi o‘rinbosari Qudratilla Asatullayevich To‘laganov. — Banklar o‘rtasidagi integratsiya jarayoni ikki yilga yaqin davom etdi, bu vaqt davomida «Rosselxozbank» AJ va Aziya-Invest Bank (AJ) texnik hamkorlik bo‘yicha katta ishni amalga oshirdi, natijada talabgir mahsulot — transchegaraviy pul o‘tkazmalariga ega bo‘ldi. Shubhasiz, RSXB bilan strategik hamkorlik masofaviy bank xizmatlarini kengaytirish, O‘zbekistonda plastik kartochkalarga pul o‘tkazmalarini o‘zbek so‘mida o‘tkazish imkoniyatini taqdim etishni ko‘zda tutadi. Hamkorlikning «yo‘l xaritasida« shuningdek, Rossiya Federatsiyasida istiqomat qilayotgan va ishlayotgan O‘zbekiston fuqarolari uchun kredit dasturi ko‘zda tutilgan».

Aziya-Invest Bankning (AJ) o‘z pul o‘tkazmalari tizimi sifatida 2006 yilda ro‘yxatga olingan «AziyaEkspress« pul o‘tkazmalari tizimi hajmlar va ishtirokchi hamkorlar soni o‘sib borayotgan sharoitda «milliy ahamiyatga ega» tizim maqomiga ega to‘lov tizimi sifatida ro‘yxatdan o‘tishga umid qiladi.

«Rossiyskiy Selskoxozyaystvenniy bank» aksiyadorlik jamiyati Rossiyadagi eng yirik banklardan biridir. Rossiya Federatsiyasining agrosanoat sohasi va qishloq joylari milliy kredit-moliya tizimini rivojlantirish maqsadida 2000 yilda tashkil etilgan bank bugungi kunda universal tijorat banki bo‘lib, barcha turdagi bank xizmatlarini taqdim etadi va Rossiya agrosanoat majmuasini moliyalashtirishda yetakchi o‘rinni egallaydi. Bankning ovoz beruvchi aksiyalarining 100 foizi Davlat mulkini boshqarish bo‘yicha Federal agentlik ko‘rinishida Rossiya Federatsiyasiga tegishli.

Aziya-Invest Bank (aksiyadorlik jamiyati) tomonidan 2006 yilda ro‘yxatdan o‘tgan «AziyaEkspress» pul o‘tkazmalari tizimi jismoniy shaxslardan hisobraqam ochmasdan pul mablag‘larini o‘tkazishni ta’minlaydi. «AziyaEkspress»® jismoniy shaxslar uchun hisob-raqam ochmasdan pul o‘tkazmalari tizimi savdo belgisi va xizmat ko‘rsatish belgisining Rossiya Federatsiyasi davlat reyestridagi raqami — № 347941.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring