Mehmonxonadan tortib klinikagacha — O‘zmilliybank xizmatlar sohasi rivoji uchun bajargan ishlar haqida
Bugungi kunda mamlakatimizda xizmat ko‘rsatish sohasining rivoji hamda uning mamlakatimiz iqtisodiy o‘sishidagi ulushini oshirish uchun keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Ta’kidlash kerakki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 11 maydagi «Xizmatlar sohasini jadal rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida» gi qarori, mazkur soha rivoji uchun turtki bo‘ldi.
Jumladan, yuqoridagi qaror bilan tasdiqlangan 2021 yil uchun xizmatlar sohasini rivojlantirish bo‘yicha «yo‘l xaritasi» mamlakatimizning barcha viloyatlarini o‘z ichiga oladi.
Davlat rahbari qarori doirasida xizmatlar sohasining joylardagi «O‘zmilliybank» AJ ishtirokidagi rivojlanish jarayoni bilan Samarqand viloyati misolida tanishi maqsadida, joriy yilning 19 noyabr sanasida bank tomonidan OAV vakillari uchun press-tur tashkil etildi.
Dastlab ishtirokchilar aholiga sifatli va zamonaviy mehmonxona xizmatini taqdim etib kelayotgan «ZILOL-BAXT» MChJ faoliyati bilan yaqindan tanishdilar.
Ta’kidlash kerakki, Samarqand yurtimizdagi ko‘p asrlik tarixga ega hududlardan biri qatoriga kiradi. Mahalliy va chet ellik sayyohlar oqimi doimiy ravishda ortib bormoqda.
Qadimiy Samarqandning mehmonlari hamda sayyohlariga sifatli mehmonxona xizmatini ko‘rsatish maqsadida «ZILOL-BAXT» MChJ tomonidan mehmonxona qurish va jihozlash bo‘yicha biznes plan taqdim etildi. Mazkur loyihani amalga oshirish uchun «O‘zmilliybank» AJ tomonidan 2 mlrd. 400 mln so‘m miqdorida kredit mablag‘i ajratildi. Bugungi kunda mazkur mehmonxonada 15 nafarga yaqin hodimlar xizmat qiladi.
Yuqorida ta’kidlab o‘tilganidek, Prezidentning «Xizmatlar sohasini jadal rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori sog‘liqni saqlash tizimini ham chetlab o‘tmadi.
Ta’kidlash kerakki, Samarqandning administrativ markazida joylashgan «SOGDA MED CENTRE» MChJ «O‘zmilliybank» AJ tomonidan Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki orqali umumiy qiymati 1,5 mln. AQSh dollari miqdorida ajratilgan kredit evaziga Angliya, Turkiya, Latviya va Germaniyadan keltirilgan zamonaviy diagnostika uskunalariga ega bo‘ldi.
Hozir ushbu diagnostika markazida kardiologiya, ginekologiya, urologiya kabi sohalarda tadqiqotlar olib borilmoqda. Aholiga sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatilib, maslahatlar berilayotir. Shifo maskani rentgenoskopiya va rentgenografiya, doplerografiya, gastroskopiya kolonoskopiya, MSKT kabi yuqori texnologiyali uskunalar bilan ta’minlangan. Masalan, SOMATOM go.Up kompyuter tomografi pulmonologiya, otorinolaringologiya, jarrohlik, neyroxirurgiya, gastroenterologiya, terapiya, kardiologiya, oftalmologiyadagi keng ko‘lamli klinik vazifalarni hal qilish imkonini beradi. Innovatsion ishlanmalar past nurlanish ta’sirida skanerlashni amalga oshirishga yordam beradi.
Viloyatlarda zamonaviy diagnostika markazlarining tashkil etilishi aholi salomatligini mustahkamlash, sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish darajasini yanada oshirishga xizmat qiladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter