Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Raqamli transformatsiya – bugun boshlanib, ertani belgilovchi jarayon» — SAP bo‘yicha yetakchi mutaxassis Viktor Yugov bilan suhbat

«Raqamli transformatsiya – bugun boshlanib, ertani belgilovchi jarayon» — SAP bo‘yicha yetakchi mutaxassis Viktor Yugov bilan suhbat

Bugungi raqamli transformatsiya sharoitida korxona va tashkilotlarning SAP kabi integratsiyalashgan axborot tizimlariga bo‘lgan talabi tobora ortib bormoqda. Sababi, ushbu tizim kompaniyalarga yagona platformada turli bo‘limlar ishini muvofiqlashtirish, ularni samarali boshqarish imkonini beradi.  Bu borada nafaqat texnik bilim, balki keng ko‘lamli amaliy tajribaga ega bo‘lgan professionallar ayniqsa qadrlanadi. Viktor Yugov ana shunday mutaxassislardan biri.

U 2004-yilda Moskva Davlat Industrial Universitetining iqtisodiyotda axborot tizimlari yo‘nalishida tahsil olib, keyinchalik o‘z faoliyatini SAP sohasiga bag‘ishladi. Dastlabki ish faoliyatini 2008-yilda «Victoria-Baltiya» kompaniyasida boshlagan Viktor, bu yerda SAP Retail tizimini turli mintaqalarda joriy etish va rivojlantirish bilan shug‘ullandi. Ushbu kompaniyada u muvaffaqiyatli faoliyat olib borib, katta tajriba to‘pladi. 2016-yilda «Yil xodimi» mukofoti bilan taqdirlandi.

Keyinchalik u dasturiy ta’minotni joriy etish bilan shug‘ullanuvchi «MIT» MChJ konsalting kompaniyasida faoliyat olib bordi. So‘ng O‘zbekistonga qaytib, yirik korxonalar uchun IT-tizimlarni ishlab chiqish, joriy etish va texnik xizmat ko‘rsatish bilan shug‘ullanadigan «T4DATA» kompaniyasida yetakchi konsultant bo‘lib ishladi. Hozirda «EPAM Uzbekistan» IT-kompaniyasida mehnat qilib kelmoqda. Viktor Yugov bu yerda SAP MM/SD modullarida yetakchi mutaxassis sifatida yirik xalqaro loyihalarda ishtirok etib keladi. Quyida Viktor biz bilan SAP tizimlari, raqamli transformatsiya, o‘zining yirik loyihalari hamda sohaga oid amaliy maslahatlari bilan o‘rtoqlashadi.

— Viktor, o‘quvchilarimizga tushunarliroq bo‘lishi uchun dastlab SAP tizimi haqida qisqacha ma’lumot berib o‘tsangiz.

 — SAP (Systems, Applications, and Products in Data Processing) integratsiyalashgan axborot tizimi bo‘lib, o‘tgan asrning 70-yillarida Germaniyada yaratilgan. Hozirda u dunyoda eng mashhur ERP – korxona resurslarini rejalashtirish (Enterprise Resource Planning) tizimlaridan biri hisoblanadi. SAP turli sohalardagi jarayonlarni avtomatlashtiradi va ularni yagona ma’lumotlar bazasida boshqaradi.

Masalan, moliyaviy hisobotlar, moddiy resurslar boshqaruvi, savdo va ta’minot zanjiri, omborxona logistikasini boshqarish, inson resurslarini boshqarish, loyihalarni boshqarish, zamonaviy tahlil va sun’iy intellekt vositalari va hokazo. SAPning asosiy afzalliklari shundaki, u har xil o‘lchamdagi kompaniyalar uchun moslashtirilgan bo‘lib, uning yordamida kompaniyaning barcha bo‘limlari yagona platformada ishlaydi, bu esa ma’lumotlar aniqligi va ishlov berish tezligini oshiradi.

Hozirda SAP tizimidan dunyo bo‘lab 180dan ortiq mamlakatda turli yo‘nalishdagi kompaniyalar faol foydalanib kelishmoqda. SAP tizimi yirik kompaniyalar, banklar, ishlab chiqarish korxonalari, chakana savdo tarmoqlari, logistika firmalari va hatto davlat idoralarida juda yaxshi samara beradi. Hozirda O‘zbekiston bozorida ham SAP tizimini joriy qilayotgan tashkilotlar soni oshib bormoqda, jumladan: Grandpharm, Macro va boshqalar.

— SAP sohasida ko‘p yillik tajribaga mutaxassis sifatida aytingchi, bugun raqamli transformatsiyaning biznesdagi roli qanday?

— Bugungi biznes dunyosida raqamli texnologiyalar hayotning ajralmas qismiga aylandi. Asosiy tendensiyalarni sanab o‘tsak, birinchi o‘rinda sun’iy intellekt va mashinali o‘qitishni aytgan bo‘lardim. Ular endilikda biznesda real vositalarga aylangan. Raqamli tizimlar mijozlarning talab va istaklariga moslashtirilgan takliflar, avtomatlashtirilgan jarayonlar va tezkor tahlillarni generatsiya qilish orqali kompaniyalarga katta ustunlik beradi. Shuningdek, bulutli texnologiyalar kompaniyalarga IT-infratuzilmani yaratish va takomillashtirishda katta yengilliklar bermoqda. Bular samaradorlikka ijobiy ta’sir etmay qolmaydi, albatta.

Masalan, Rossiyada ishlab yurgan vaqtlarimda o‘zim bilgan yirik ishlab chiqarish xoldinglaridan biri hujjatlar aylanmasini avtomatlashtirish tizimini joriy qilganidan so‘ng, hujjatlarni qayta ishlash vaqtini qariyb 78 foizga qisqartirgan, xatoliklar soni 92 foizga kamaygan, qog‘oz hujjatlar bilan bog‘liq oylik xarajatlar esa 1,7 million rublga qisqargan. Kompaniyaning tizimni yaratishga sarflagan 12 million rubl miqdoridagi investitsiyasi atigi bir yildan kamroq vaqt ichida o‘zini oqladi.

Yana bir korxona ish jadvalini avtomatik rejalashtirish va ombor zaxiralarini optimallashtirish tizimini joriy qilgach, tizim ishga tushganining ilk choragidayoq xarajatlarini 23 foizga kamaytirishga muvaffaq bo‘lgan. Loyihaning qiymati 8,5 million rubl edi, ular yil davomida 32 million rubldan ortiq mablag‘ iqtisod qilishdi. Bunday misollar juda ko‘plab topiladi. Aytmoqchi bo‘lganim, samaradorlik ancha yuqori. Shuning uchun raqamlashtirish dunyo bo‘ylab, jumladan, O‘zbekistonda ham, juda tez ommalashyapti.

— Nima uchun aynan SAP? ERP tizimlari bozorida SAP yetakchi, degan fikrga siz ham qo‘shilasizmi?

— Korporativ dasturiy ta’minot olamida SAP alohida o‘rin tutadi. Uning ERP tizimlari bozorida bir necha o‘n yillar davomida yetakchilikni bermay kelayotgani tasodif emas. SAP tizimlari o‘zining kengayuvchanligi, sanoatga moslashuvchanligi va global qo‘llab-quvvatlovi bilan ajralib turadigan ekotizim. Tizim real vaqt rejimida ma’lumotlarni tahlil qilish qobiliyati orqali zamonaviy biznes uchun moslashuvchanlik va stabil rivojlanib borish imkonini beradi. U nafaqat korporativ miqyosdagi yirik kompaniyalar, balki o‘rta va kichik biznes uchun ham tegishli yechimlarni taklif qila oladi. Yuqoridagi omillardan kelib chiqsak, savolingizga javobim: Ha. SAP yetakchi degan fikrga to‘liq qo‘shilaman.

— Nima uchun O‘zbekistonda SAP dolzarb deb o‘ylaysiz?

— Birinchidan, hozirda ushbu tizimga talab yuqori va kun sayin oshib boryapti. Xususan, katta hajmdagi ma’lumotlar bilan ishlaydigan kompaniyalar ko‘paymoqda. Bundan tashqari, O‘zbekiston hukumati ham so‘nggi yillarda raqamlashtirishga katta urg‘u beryapti, soha rivoji uchun tegishli qaror va farmonlar qabul qilinyapti. Eng muhimi, mahalliy kompaniyalar SAP orqali jarayonlarni maksimal avtomatlashtirish, resurslarni tejash va inson omili bilan bog‘liq xatolarni kamaytirish mumkinligini allaqachon tushunib yetishdi.

Ya’ni tizimni joriy qilishdan birinchi navbatda kompaniyalar manfaatdor. Bundan tashqari, mazkur tizim tizim xalqaro standartlarga mos ravishda faoliyat ko‘rsatish imkonini beradi. Aniqroq aytadigan bo‘lsam, SAP bu shunchaki oddiy dastur emas, balki kompaniyani boshqarishga ko‘maklashadigan aqlli tizim. U orqali har bir bo‘lim, moliyaviy masalalardan tortib logistikagacha, yagona ma’lumotlar oqimida ishlaydi. O‘zbekistonda ham bu texnologiya katta tezlikda joriy qilinyapti va xalqaro tajriba asosida rivojlanyapti.

— Shaxsiy tajribangizdan kelib chiqib, SAP bilan bog‘liq eng esda qolarli loyihangiz haqida gapirib bersangiz.

— Faoliyatim davomidagi eng muhim loyihalardan biri «Grandpharm» kompaniyasi uchun yaratilgan kompleks yechim. Ular butun O‘zbekiston bo‘ylab 7500dan ortiq dorixona bilan ishlashadi, xalqaro gigantlar – Pfizer, Novartis, Sanofi kabi hamkorlarga ega.

Bu loyiha doirasida biz mobil ilova, veb-platforma, portativ skanerlash uskunalari va SAP ERP integratsiyasiga asoslangan noyob tizim yaratdik. Bu tizim mahsulotlarni partiya, yaroqlilik muddati va shtrix-kodlar orqali aniqlik bilan nazorat qilish imkonini beradi.

Shuningdek, biz hatto oflayn rejimda ham ishlaydigan sinxronizatsiya tizimini joriy qildik, bu mintaqaviy omborlar uchun ayniqsa muhim. Loyiha natijalari barcha kutilmalardan oshib ketdi:

  • Hujjatlar aylanish vaqti sezilarli darajada qisqardi;
  • Mahsulot yig‘ishdagi xatoliklar ancha kamaydi;
  • Hisobga olish aniqligi deyarli mukammal darajaga yetkazildi.

Loyiha shu qadar muvaffaqiyatli bo‘lib chiqdiki, 2024-yil dekabr oyida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev shaxsan Grandpharm logistika markaziga tashrif buyurdi va shu qatorda biz yaratgan tizim faoliyati bilan ham tanishdi. Albatta, shaxsan o‘zim bu loyihaning butun jamiyat uchun ahamiyati va foydasini anglab yetdim. Bizning «T4DATA» jamoamiz natija uchun bor kuchini sarfladi.

— Sizningcha, hozirda butun dunyo bo‘ylab biznes jarayonlarini avtomatlashtirishni taqazo qilayotgan asosiy omillar nimalarda ko‘rinadi?

— Asosiy omillardan biri – to‘xtovsiz o‘sib borayotgan raqobat bo‘lib, bu kompaniyalarni mijozlarga o‘z raqobatchilarinikiga qaraganda arzonroq narxlarni taklif qilishga undamoqda. Bu esa, o‘z navbatida, xarajatlarni kamaytirish va ayni paytda samaradorlikni maksimal oshirishni taqazo etadi. Raqamlashtirish esa bu maqsadga erishishda eng maqbul yechim.

Yana bir muhim sabab – bozordagi o‘zgarishlarga tezkor reaksiya ko‘rsatish zarurati. Avtomatlashtirilgan tizimlardan foydalanuvchi kompaniyalar yangi sharoitlarga tezroq moslasha olishadi, katta hajmdagi ma’lumotlarni tezlik bilan tahlil qilishadi va ular asosida mantiqiy, to‘g‘ri qarorlar qabul qilish imkoniyatiga ega bo‘lishadi.

Shuningdek, mijozlarning o‘sib borayotgan ehtiyojini ham unutmaslik kerak. Bugungi iste’molchi:

  • darhol javob olishni;
  • individual yondashuvni;
  • mukammal xizmatni kutadi.

Bularning barchasini esa avtomatlashtirilgan tizimlarsiz ta’minlash deyarli imkonsiz.

— Faoliyatini raqamlashtirish haqida o‘ylayotgan kompaniyalarga qanday maslahatlar bergan bo‘lardingiz?

— Ishni avvalo kompaniyaning holatiga to‘g‘ri tashxis qo‘yish va aniq maqsadlarni belgilashdan boshlash kerak deb hisoblayman. Avtomatlashtirishni joriy etishga kirishishdan avval:

  • mavjud jarayonlarni batafsil tahlil qilish,
  • muammoli nuqtalarni aniqlash
  • loyiha muvaffaqiyatini ta’minlovchi ko‘rsatkichlarini belgilab olish zarur.

Tegishli tajribaga ega mutaxassislarni jalb qilish ham muhim. Ko‘pincha kompaniyalar qimmat kadrlardan qochib, pulni tejashga harakat qilishadi va aksariyat hollarda bu loyihalarning muvaffaqiyatsiz yakunlanishiga olib keladi. Malakali jamoaga kiritilgan investitsiya – raqamli transformatsiya muvaffaqiyatining garovi.

Raqamlashtirish yo‘lidagi eng katta to‘siqlardan biri – o‘zgarish va islohotlarga qarshilik, biznes egalaridagi konservativ kayfiyat. Xodimlarni o‘qitish va yangi tizimlarga moslashish bo‘yicha kompleks dasturlar ushbu to‘siqni yengib o‘tishga, yangi texnologiyalar joriy etilishidan maksimal foyda olishga yordam beradi.

Aytgancha, yana bir muhim jihat — hammasini birdan avtomatlashtirishga shoshilmaslik kerak. Bosqichma-bosqich yo‘l tutgan ma’qul: birinchi navbatda asosiy jarayonlarga e’tibor qaratgan holda xavflarni ehtiyotkorlik bilan boshqarish va yangi texnologiyalarga silliq o‘tishni ta’minlash.

Raqamlashtirishni bir marta joriy qilsam bo‘ldi, uyog‘iga o‘zi ishlab ketadi, degan yondashuv katta xato. Buni uzluksiz takomillashtirish jarayoni sifatida qabul qilish kerak. Sababi, texnologiyalar juda tez rivojlanyapti, shuning uchun kompaniyalar doimiy yangilanish va o‘z tizimlarini bozordagi yangi shart-sharoitlariga moslashtirib borishlari lozim. Unutmang, raqamli transformatsiya bugun boshlanib, kompaniyaning ertasini belgilab beradigan doimiy jarayondir.

Va nihoyat, juda muhim fikr: raqamlashtirish — bu bir marta joriy etiladigan emas, balki doimiy takomillashtirib boriladigan jarayonidir. Texnologiyalar shiddat bilan rivojlanmoqda, kompaniyalar yangi bozor sharoitlariga moslashish uchun muntazam yangilanishda bo‘lishlari kerak. Shuni tushunish kerakki: raqamli transformatsiya — bugun boshlanib, kompaniyaning ertasini belgilab beradigan doimiy jarayon.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring