Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Ramziy qadam: ishg‘olchilar tahqirlagan obida ziyoratgohga aylantirilmoqa

Ramziy qadam: ishg‘olchilar tahqirlagan obida ziyoratgohga aylantirilmoqa

XVIII asrga mansub xon saroyi interfaol muzey shaklida faoliyat yuritadi.

Ozarbayjonning qariyb 30 yil ishg‘ol ostida bo‘lgan Ag‘dam shahridagi «Imaret» majmuasi ziyoratgoh maskan – muzeyga aylantirilmoqda.

Qorabog‘ xoni Panohalixon saroyi ham Qorabog‘dagi boshqa diniy yodgorliklar kabi arman okkupatsiyasi davrida tahqirlangan. Ko‘shk hamda Qorabog‘ hukmdorlarining maqbaralarini o‘z ichigan olgan, XVIII asrga mansub majmua hududida cho‘chqaxona, harbiylar uchun muvaqqat hammom tashkil qilingan. Ibrohim Xalilxon maqbarasi va Qorabog‘ so‘nggi hukmdorining qizi Xurshidbonu Notavon qabrtoshi vayron qilingan. Tilla tish qidirgan ishg‘olchilar qabrlarni ochib, jasadlarni ham tahqirlagan.

Ishg‘ol davrida tarixiy majmua tahqirlangan va vayron qilingan.

Ozarbayjon armiyasi Qorabog‘da 2020 yilning kuzi bo‘lib o‘tgan 44 kunlik urush davomida qariyb 30 yil ishg‘ol ostida bo‘lgan hududlarini qaytarib oldi. Ag‘dam shahri ham o‘sha yilning 20 noyabrida ozod qilindi.

2022 yil 4 oktyabrda Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyevga xorijlik mutaxassislar tomonidan tayyorlangan majmuani tiklash bo‘yicha loyiha taqdim etilgan.  Unga ko‘ra, majmua Panohalixon saroyi, maqbara va Qorabog‘ tulporlari parkini o‘z ichiga oladi. Tiklash ishlaridan keyin xon saroyi interfaol muzey shaklida faoliyat yuritadi. 

«Imaret» majmuasi hududida ozarbayjonlik olimlar arxeologik qazishmalar ham olib bormoqda. Izlanishlar davomida hududdan ko‘plab musulmon qabrlari va qabrtosh parchalari topilgan. Qabr egalari shaxsini aniqlashtirish maqsadida jasad qoldiqlaridan DNK namunalari ham olingan.

Majmuada ta’mirlash, bunyodkorlik ishlari yakuni ilmiy tadqiqotlar va arxeologik qazishmalarga bog‘liq ekani xabar qilingan.

Ayni paytda ishg‘oldan ozod qilingan Qorabog‘ hududidagi vayron etilgan tarixiy obida va yodgorliklarni tiklash bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar qilinmoqda.

Ma’lumot o‘rnida, O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2021 yil mart oyida Turkiy kengash sammitidagi nutqida O‘zbekiston Qorabog‘ zaminidagi ko‘hna obidalar, madaniyat va ma’rifat maskanlarini tiklash ishlariga hissa qo‘shishga tayyor ekanini bildirgan.

O‘zbekiston qardoshlik va do‘stlik ramzi sifatida Fuzuliy shahriga 960 nafar o‘quvchiga mo‘ljallangan zamonaviy maktab sovg‘a qilgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring