Ramazon oyida Masjidul-Nabaviyga 15 yoshdan kichiklar kirishi taqiqlanadi
Ramazon oyida 15 yoshdan kichik bo‘lgan bolalarning Madinadagi Masjidul-Nabaviyning binolari va uning hovlisiga kirishlariga ruxsat berilmaydi. Bu taqiq koronavirus kasalligi tarqalishining oldini olish uchun ehtiyot chorasi sifatida joriy qilingan. Bu haqda ushbu masjid ma’muriyati xabar bermoqda.
Masjidul-Nabaviyning Bosh raisi Ramazon oyida taroveh namozi vaqtini ikki baravar qisqartirilgani, taroveh namozidan 30 daqiqa o‘tgach masjidni yopish va e’tikofni (masjidda bir necha kun davomida qilinadigan ibodat) bu yil ham to‘xtatib turish bo‘yicha ko‘rsatma bergan.
Masjidul-Nabaviyda bunday cheklovlar o‘tgan yili ham joriy qilingandi.
Shuningdek, Masjidul-Nabaviyda ro‘zasini ochishni istaganlarga faqat ularning o‘zi iste’mol qilishi uchun suv va xurmo beriladi, xolos. Iftorlik paytida ovqat tarqatish yoki odamlarning bir joyda yig‘ilishlarga, masjid hovlisida saharlik dasturxonini tashkil qilish va tarqatishga ham ruxsat berilmaydi.
Saudiya Arabistonida 31-mart kuni COVID-19 bilan bog‘liq yana yettita o‘lim holati qayd etilgan. Hozirda virus qurbonlarining umumiy soni 6676 kishini tashkil qilmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter