Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Ramazon oyi tuhfalari

Ramazon oyi tuhfalari

Foto: «Xabar.uz»

Mahallamiz masjidida o‘qilayotgan tarovihga nimjon, bemor bir otaxon qiynalib, arang chiqar, bilishimcha ancha uzoqdan, chorrahaning narigi tomonidan qatnardi. Otaxonning oqsoqlanib kelib-ketishiga bir necha marta guvoh bo‘lib, chidolmay o‘g‘limga yuzlandim: — Shu insonni har kuni uyidan olib, tarovihdan so‘ng olib borib qo‘ygin bolam. Savob bo‘ladi.

O‘g‘lim «xo‘p» dediyu, ikki kundan so‘ng xafsalasi pir bo‘lib qaytdi:

— Oyi, xaligi otaxon ko‘rinmay qoldi. Tinchlikmikan? U-bu kimdan so‘rasam, tanishmadi.

Xayolimga birgina o‘y keldi: Oqsoqlanib zo‘rg‘a yurardi. Ishqilib, dard yengib, yotib qolmagan bo‘lsin. O‘zing shifo ber!

Kecha bolam xursand bo‘lib, go‘zal xabar bilan kirib keldi:

— Haligi amaki borku, yotib qolmabdi. Tarovihga kelayotgan ekanlar. Faqat men ko‘rmabman. Savobtalab insonlar bizdan avval yaxshilik qilishga ulgurishibdi oyi. Besh-oltita o‘ziga to‘q mahalladoshi o‘rtaga pul tashlab, «Spark» olib berishibdi. Otaxonni xursandligini ko‘rsangiz edi. «O‘g‘illarim yo‘q edi, Ramazon sabab besh o‘g‘illik ham bo‘lib qoldim», — deb, Jamoatning duosini ham olib berdi.

Ramazondan so‘ng kasalxonaga yotqizib, dard azob berayotgan tizzasini ham operatsiya qildirishar ekan.

Dilim yorishib ketdi. Duoim jamoatnikichalik kuchli bo‘lmasada o‘sha savobtalablarning ikki dunyosi obod bo‘lishini so‘rab, astoydil kaft ochdim.

***

Kecha bir bemorning jarrohlik amaliyoti uchun yordam so‘ragandim. Lekin, muxtoj oila farzandining salomatligi uchun lozim bo‘lgan katta «pul» haqidagi postni yozdimu, darrov o‘chirdim. Sababi besh daqiqaga qolmay bir savobtalab inson aloqaga chiqib: «opa, men o‘sha mablag‘ning hammasini o‘tkazib beraman. Postni yopa qoling», deb qoldi va va’dasini bajardi.

Undan so‘ng yana ikki inson «postni nega o‘chirdingiz, yordam bermoqchi edik, karta raqamini yozib olishga ulgurmadik», deb qolishdi.

Ularga bo‘lgan voqeani aytib, boshqa ikki muhtojning telefon raqami, manzil va ma’lumotlarini berdim.

Iftor dasturxoniga ko‘tarinki kayfiyatda o‘tirib, xursandchilik bilan og‘iz ochdim. Chunki bugun yana uch kamxarj, bemor Vatandoshimning qalbiga ham ozgina bo‘lsada quvonch, umid tashrif buyuradi. Ertaga biri jarrohlik amaliyotiga kiradi. Biri anchadan buyon ololmagan «fistula»sini qo‘ydiradi. Yana biri qimmatroq tibbiy tahlillarini topshirib, serroz jigariga davo izlay boshlaydi...

***

Yonimizdagi do‘konda har doimgiday savdo avjida. Iftor yaqinligi sabab kassa oldida ancha odam yig‘ilib qolgandi. Ikkita non, bir kilo un, bir litrli yog‘ni arang ko‘tarib turgan qiltiriqqina, judayam odmi kiyingan onaxonga ko‘zim tushib, o‘z navbatimni berdim va kasbimga xos sinchkovlik bilan rang-ro‘yiga nazar tashladim. Holatidan muhtojligi, bemor va to‘yib ovqatlana olmayotgani ko‘rinib turardi.

Kassir qiz bilan iliq muomalasini ko‘rib, bir narsani dilimga tugdim:

Uning manzilini so‘rayman va qo‘limdan kelganicha yordam berib turaman.

Biroq ulgurmadim.

O‘sha kuni xolaning holatiga mendan boshqa insonlar ham befarq bo‘lmagan ekan. Bir savobtalab so‘rab-surishtirib, unga bir umr yordam berib turishini aytibdi.

—Kimligini oshkor qilishni istamay, allaqancha mablag‘ tashlab ketishibdi.  Bugun yana ikkitagina nonga chiqqan xolaning xursandchiligini ko‘rsangiz edi. U anchadan buyon birinchi marta bir kilo go‘sht, sariyog‘, xolva, xurmo oldi. Qator oralayabdiyu, ko‘zlari jiqqa yosh, tinmay pichirlab duo qiladi. Kassa oldiga yetib kelguncha yordam qo‘lini cho‘zgan sahiy insonni duolarga ko‘mib tashladi. Bugun u uzatgan pulini biz ham olmadik. To‘g‘risi, ololmadik. Har kuni ikkita non uchun qaltirab uzatgan tangalarini bittalab sanab olar ekanmizu, biror marta rang-ro‘yiga ko‘z tashlamagan ekanmiz. E’tiborsizligimizdan uyalib ketdik. Endi xaridorlarning qo‘ligagina emas, yuziga ham nazar tashlab turamiz opa, — deydi kassir qiz.

***

Dugonamizning turmush o‘rtog‘i avtohalokatga uchrab, kasalxonaga tushib qoldi. Uch-to‘rt kishi bo‘lib hol so‘rab borganimizda u jo‘jabirdek to‘rt bolasini quchoqlab izillab yig‘lab o‘tirgan ekan.

Juda oriyatlida. Baholi qudrat yig‘ib, xatjildga solib uzatgan mablag‘imizni olmadi.

— Hammalaringizni bola-chaqangiz bor. Boyvachcha ham emassiz. Undan ko‘ra, biror narsa xarid qilsangiz xursand bo‘laman, — deb mo‘jazgina do‘konchasiga boshladi.  — U shu do‘kon ro‘zg‘orimizni tebratib turibdi. Lekin oxirgi paytlar odamlar kiyim-kechak emas, qorin g‘amida. Anavi ko‘ylak, ro‘mol, sumkalarni ko‘ringlar. Yoqsa olarsizlar. Pulini bo‘lib-bo‘lib bersangiz ham mayli. Shunchaki ehsonni esa qabul qila olmayman. Chunki bizdan muhtojroqlar ham bor.

Har birimiz nimadir tanlab, imkon darajasida to‘lab, qolganini oyma-oy uzishga kelishib, xullas uni qarz qilmay, o‘zimiz qarz bo‘lib do‘konchadan chiqdik.

Bor daromadi dorilarga ketayotgan dugonamiz xursand:

—Alloh mehribonda. Har kuni ilohim muxtoj qilib qo‘ymagin deb duo qilaman. Qaranglar, shaharni to‘rt burchagida yashovchi xaridorlarni o‘z oyog‘i bilan boshlab kelyapti.

Eri shifo topsin, mushkullari yanayam oson bo‘lsin deb, chin dildan duo qildik.

...Tunov kuni qarzimdan bir qismini uzgani borsam xursand bo‘lib kutib oldi.

— O‘sha kuni astoydil duo qilgansizlar shekilli, nasiyaga bo‘lsada molimiz sotilib turibdi. Erim kasalxonadan chiqdi, eng muhimi bolalarim xursand! Xullas, Ramazon chiroyli o‘tyapti o‘rtog‘!

***

Yo‘l tirband. Iftorlik vaqtiga oz qolgan. Ulgurmaymiz deb, asabiylasha boshlagan o‘g‘limni tinchlantirib, mashinaga bir-ikki «baklashka» suv va xurmo solib qo‘ymagani uchun koyigan bo‘ldim.

— Endi yozg‘irma, asabiylashma! Hamma ham bizdaka iftorlikka shoshyapti. Ana qara, yo‘lda nimadir bo‘lgan. Shunga tirbandlik bor.

Darhaqiqat yigirma qadamcha oldinda ikki mashina to‘qnashib, tartibsizlikka sabab bo‘lgan ekan. Arang o‘tvolib, yo‘lda davom etdik. Ammo bir chaqirimcha yurmay, YPX xodimi yo‘l to‘sdi:

— Uffff, qanaqa kun bugun oyi. Birorta qoyidani buzganim yo‘qku! Hech bo‘lmasa Ramazonda to‘xtatishmasa bo‘lardi. Hozir yana biror kamchilik topishmasa go‘rga edi.

U g‘udrangancha hujjatlarni olib jahl bilan eshik ochdi, ammo chiqishga ulgurmadi. Mashinaga yaqinlashib, tirjayib o‘zini tanishtirgan «komandir» uzrnamo bosh egdi:

— Hujjatlarni joyiga qo‘yavering. Qoyidani buzganingiz yo‘q!

Zo‘rg‘a turgan o‘g‘limning asabi dosh bermadi:

—Jarimam ham yo‘q! Nima, hazillashyapsizmi? Insof ham kerakda! Ro‘za paytida-ya!

YPX xodimi yanayam halimlik bilan uzr so‘rab, ochiq turgan oynadan bir yelim xaltani uzatdi:

— Og‘iz ochish payti bo‘ldi hurmatli haydovchi. Ramazon muborak!

O‘g‘lim angrayib, yelim xaltani menga uzatdi. Shoshib ochdim. Qarasam ikkita qadoqlangan suv va bir quticha quritilgan xurmo turardi. O‘g‘lim o‘z muomalasidan uyalib, hijolat tortdi.

Og‘zimizni ochdik. Shundagina atrofga diqqat qilib, boshqa haydovchilarga ham iftorlik tarqatayotgan yana besh-oltita YPX xodimiga ko‘zimiz tushdi.

YPXchilarni birinchi marta, chin ko‘ngildan duo qilib yo‘limizda davom etdik.

Muazzam Ibrohimovaning Facebook sahifasidan olindi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring