Rahbarlarga xizmat avtomashinasi sotib olishda cheklovlar o‘rnatiladi
Bu haqda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burxonov ma’lum qildi.
«Afsuski, ayrim mansabdor shaxslar bugungi murakkab (pandemiya) sharoitida davlat mablag‘larining samarali sarflanishi naqadar muhim ekanligini to‘la anglab yetmayaptilar. Ijtimoiy tarmoqlarda qizg‘in muhokama bo‘layotgan – qimmat narxlardagi xizmat avtotransportlarini xarid qilish – bunga yaqqol misol bo‘la oladi.
Bunday hollarda davlat xizmatchilariga «Halollik vaksinasi»ni normativ hujjatlar qabul qilib, tegishli cheklovlarni qo‘llash orqali singdirishdan boshqa chora qolmayapti.
«Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarida xizmat avtotransportlaridan foydalanish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qarori loyihasida aynan mana shu kabi holatlarning oldini olish rejalashtirilmoqda.
Loyihaga ko‘ra, Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari rahbar xodimlariga xizmat avtoransportlarni klassiga qarab biriktirish normativlari (eng yuqori narxlari) belgilanadi.
Jumladan, tuman, shahar hokimlariga biriktiriladigan xizmat avtotransporti narxi BHMning 1200 baravari (267 mln. 600 ming so‘m)dan oshmasligi, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahar bo‘linmalari rahbarlari xizmat avtomashinasi narxi esa BHMning 700 baravari (156 mln. 100 ming so‘m)dan oshmasligi kerak bo‘ladi.
Davlat tashkilotlarida foydalanishda mavjud bo‘lgan xizmat avtoransportlari xatlovdan o‘tkaziladi va belgilangan normativlardan ortiqcha bo‘lgan xizmat avtotransportlari «E-IJRO AUKSION» orqali auksion savdolarda sotilishi ta’minlanadi.
Xizmat avtoransportlarini sotishdan tushgan mablag‘lar esa tegishlicha respublika budjetiga va Qoraqalpog‘iston Respublikasi budjeti, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlariga yo‘naltiriladi.
Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarida xizmat avtotransportlarini yangisiga almashtirish undan kamida 5 yil foydalanilgandan so‘ng amalga oshiriladi. Bunda avtotransportning texnik holati, undan foydalanish xavfsizligi, shuningdek, yangisiga almashtirishning iqtisodiy maqsadi inobatga olinishi lozim bo‘ladi.
Bundan tashqari, xizmat avtotransportlaridan faqat xizmat maqsadlarida foydalanilishi jamoatchilik tomonidan nazorat qilinadi hamda xizmatdan tashqari maqsadlarda foydalanish holatlari aniqlanganda, O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining maxsus veb-portaliga, shuningdek, maxsus mobil dasturiy ta’minotiga foto va video materiallarni joylashtirish orqali xabardor qilinadi.
O‘ylaymanki, mazkur hujjatning qabul qilinishi bugungi kun uchun juda dolzarb masalaga aylangan — budjet mablag‘larining maqsadli sarflanishi, uning ustidan jamoatchilik nazoratining o‘rnatilishiga xizmat qiladi», deb yozadi Akmal Burxonov.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter