59 nafar bank mansabdori jazolandi
Tadbirkorlik sub’yektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil tomonidan tadbirkorlar murojaatlarining o‘z vaqtida ko‘rib chiqilishi tahlil qilinganda, ayrim banklarning mansabdor shaxslari tomonidan qonun buzilishi holatlari aniqlandi.
Vazirlar Mahkamasining 2024 yil 20 yanvardagi 37-son qarori bilan tasdiqlangan «Kichik biznesni uzluksiz qo‘llab-quvvatlash» kompleks dasturi tashabbuskorlarini tanlash, ularning loyihalarini qo‘llab-quvvatlash va moliyalashtirish to‘g‘risidagi Nizomga asosan, tijorat banklarining mansabdor shaxslari tadbirkorning kredit olish uchun arizasini 5 ish kuni ichida ko‘rib chiqib, kredit (lizing) ajratish yoki uni rad etish haqida qaror qabul qilishi shart.
Biroq Surxondaryo viloyatidagi 59 nafar tijorat banki mansabdor shaxsi ushbu talabga rioya qilmagan. Ularning harakatsizligi oqibatida 108 dan ortiq tadbirkorning murojaati o‘z vaqtida ko‘rib chiqilmagan.
Misol uchun, Uzun tumanidagi bank rahbari tadbirkorlik sub’yektlarining murojaatlarini ko‘rib chiqishda qonun buzilishiga yo‘l qo‘ygan. Xususan, mansabdor shaxs Uzun tumanida faoliyat yurituvchi yakka tartibdagi tadbirkorning kredit ajratish haqida Yagona elektron platforma orqali yo‘llagan arizasini belgilangan 5 kunlik muddatdan 38 kun kechiktirib ko‘rib chiqqan va kredit ajratish to‘g‘risida xulosa bergan.
Qonun buzilishi holatlariga yo‘l qo‘ygan mas’ul shaxslar ma’muriy javobgarlikka tortildi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter