Quruq gap nimaga kerak? Borini bor deb ko‘rsataylik! (foto)

Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universitetida «Innovatsion g‘oyalar, texnologiyalar va loyihalar» yarmarkasi tashkil etildi. Talaba va magistrlar, yosh olimlar dasturiy va texnologik, jami 100dan ortiq ishlanmalarini taqdim etishdi. Bular shunchaki loyiha emas — tayyor, qo‘llash boshlab yuborilgan ishlanmalar.
— Mening loyiham — «Tibbiy tashxis qo‘yishda avtomatlashtirilgan tizim» asosan bolalar kasalligiga ixtisoslashgan, — deydi loyiha muallifi, TATU IV bosqich talabasi Feruza. Umaraliyeva. — Bu avtomatlashtirilgan tizim orqali qon tahlillari va analiz natijalarisiz ham mahalliy keng tarqalgan kasalliklarni aniqlash mumkin. Hozircha komppyuterlarda ishlaydi. Agar loyihamiz foydali deb topilsa mobil ilovasini ham ishlab chiqamiz.

Yarmarkada foydalanishga tayyor, barcha texnik jihatlari ishlab chiqilgan «Aqlli issiqxona» loyihasi ham e’tiborimizni tortdi. «Aqlli issiqxona»da havo harorati, yer va havo namligi, suv darajasi muntazam o‘lchab boriladi. «Aqlli issiqxona»ning android telefonlar uchun ilovasi ham bor. Ilovada yuqorida sanalgan barcha ko‘rsatkichlar aks etib turadi. Eng muhimi, u real vaqt davomiyligida bu jarayonlarni masofadan boshqarish imkonini beradi.
— Loyihani takomillashtirib kamera va turniketlar o‘rnatishni rejalashtirganmiz, — deydi «Aqlli issiqxona» muallifi, IV bosqich talabasi Zoirxo‘ja O‘lmasxo‘jayev.


TATU maxsus fakulteti talabasi Alisher Ibragimovning «Universal kuzatuv moslamasi» ishlanmasi tungi ko‘rish moslamasi, suvda kuzatish moslamasi kabi uskunlar bilan ishlaydi. Tashqi ta’sirlarga, ayniqsa, zarbaga chidamli ekanligi bilan ajralib turadi.

«Atrof-muhit ekologik monitoringi» ishlanmasi suv-havo, tuproq sharoitlarini real vaqt rejimida o‘lchab borishda qo‘l keladi. Har bir vazifa uchun turli ko‘rsatkichlar (datchiklar) o‘rnatilgan. Ular havo haroratini, tuproqning namligini, shuningdek, yer osti suvining ko‘tarilishi va pasayishini, yerning sho‘rlanish darajasini aniqlaydi. Ushbu ko‘rsatkichlarni onlaynda maxsus uskuna va dastur ma’lumotlar bazasiga yetkazib turadi.
— Bu dastur va uskunalar qishloq xo‘jaligimiz uchun foyda keltirishiga, bir qancha muammolarni yechishiga ishonaman, — deydi loyiha mualliflaridan biri Temur Qo‘chqorov.

— «Ichat.uz» dasturi hamma ijtimoiy tarmoqlar singari ishlaydi, — deydi TATU III bosqich talabasi Jasurbek Bahodirov. — Asosiy farqi — bazasi va serveri O‘zbekistonda joylashgan. Bu uning axborot xavfsizligi va ishonchliligini ta’minlaydi. Buni bemalol yoshlarimizga tavsiya qilish mumkin.



— Bu yil talabalarimiz har yilgiga nisbatan ham keng ko‘lamliroq va aniq bir muammoni yechishga qaratilgan dasturiy ishlanmalarini yaratishdi, — deydi TATU ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori Botir Usmonov. — Masalan, «Veb-resurslarni DDoS-hujumlardan himoya qiluvchi dastur», «My School» dasturi, «Internet TV», «Aqlli katakcha», «Smart Credit», «goTrip.uz» kabi amalda ishlab turgan bir qancha dasturlarni sanab o‘tishim mumkin. Yarmarkada taqdim etilgan dasturlar va ishlanmalar ham deyarli foydalanishga tayyor. Bu dasturlarning katalogini ishlab chiqdik, katalogni korxona-tashkilotlarga taqdim etamiz. O‘zlariga ma’qul dasturni tanlab olib biz bilan hamkorlik qilishlari mumkin. Yarmarkani o‘tkazishdan maqsadimiz ham shu — quruq gap nimaga kerak? Borini bor deb ko‘rsatamiz.
G‘ulomjon Nazarov, TATU talabasi
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter