«Quriyotgan daryolar yili»: navbat Osiyoning eng uzun daryosiga(mi)?
Xitoy janubida anomal issiq va qurg‘oqchilik oqibatida Osiyodagi eng uzun daryo — Yanszi (6 300 km) suv sathi rekord darajada pasayib ketdi. Ulkan daryo mamlakatning uchdan bir qismi yashovchi hududlaridan oqib o‘tadi.
Yanszi kuzatiladigan asosiy nuqta — Uxan (koronavirus tarqalgan shahar — tahr.)da mutaxassislar daryo sathi 17,54 metrga tushganini qayd etishdi, bu o‘tgan yillarga qaraganda 6 metr past.
Kuzatuvlar boshlangan 1865-yildan beri Yanszi suv sathi bu qadar pasaymagandi.
Qolaversa, Xitoydagi chuchuk suvli yirik ko‘llar — Poyanxu va Duntinxuda ham suv sathi keskin pasaygan. Chunki ko‘llar Yanszi bilan tutash. Ko‘llarni kuzatish 1951-yilda boshlangan, bu yerlarda ham tarixiy antirekord qayd etildi.
Bu yil Yanszi havzasida quruq mavsum odatdagidan 100 kun ilgari boshlangani ham xavotirlanishga asos bo‘ladi. Umuman olganda, Xitoy janubidagi boshqa daryolarda ham suv ko‘p emas.
Xitoyda jazirama iyul oyidan beri hukm surmoqda. Ayrim provinsiyalarda harorat 40 darajadan yuqori. Milliy meteorologiya markazi o‘tgan hafta mintaqa uchun eng yuqori — «qizil» darajani belgilagandi.
Global iqlim isishi oqibatlariga bu yil dunyoning ko‘plab nuqtalari misolida guvoh bo‘lish mumkin. Yevropaning bosh suv arteriyasi — Reyn sathi 40 santimetrdan pasayib ketib, daryo transporti uchun deyarli yaramay qoldi, Italiyaning eng uzun daryosi Po deyarli qurib qoldi, Luara (Fransiya) daryosi ham Reyn qismatiga sherik bo‘ladigan ko‘rinadi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter