«Qurbonlarsiz koronavirus». Vetnamda bir haftadan beri yangi kasallar aniqlanmadi
Vetnam koronavirus sababli kiritilgan cheklovlarni yumshatishni boshladi — bir haftadan beri yangi kasallar aniqlanmadi. Bu haqda «Izvestiya» Vetnam OAVlariga asoslanib xabar berdi.
Ammo cheklovlar bekor qilinishi — hamma o‘zini emin-erkin tutsin degani emas, buni mamlakat bosh vaziri Nguyen Suan Fukan kecha, 22-aprel kuni milliy qo‘mita yig‘ilishida yana bir ta’kidladi.
«Ha Noi Moi» nashri Xanoydagi sog‘liqni saqlash departamentiga asoslanib yozishicha, Vetnamda koronavirus tizgini qo‘lga olingan.
Vetnamda festivallar, sport musobaqalari, tungi klublar, karaoke, do‘konlar, hayvonot bog‘lari hozircha cheklovlar ro‘yxatidan chiqarilgan emas. Supermarketlarda odamlardan kerakli masofani saqlash talab etilmoqda.
Poytaxt Xanoyning koronavirus tarqalishi xavfi e’lon qilingan tumanlarida karantin 30-aprelgacha kuchda qoladi.
Xitoyga yon qo‘shni Vetnam koronavirusdan o‘zini yaxshi himoyalay oldi: COVID-19 birinchi marta 23-yanvar kuni aniqlangandi, oradan uch oy o‘tib kasallikka chalinganlar soni 268 nafarga yetdi. Hozirgacha bemorlarning 224 nafari yoki 83,5 foizi shifo topgan, vafot etganlar bittayam yo‘q! Oxirgi marta koronavirus 15-aprel kuni ikki nafar fuqaroda aniqlandi, shundan beri hech kim kasallikdan shikoyat qilgan emas.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter