Qozog‘istondagi portlashda ikki o‘zbekistonlik ham jabrlangani aytildi
30-yanvar, seshanba kuni Qozog‘istonning Qarag‘anda viloyati Buxar-Jirau tumanidagi ikki qavatli turar-joy binolaridan birida gaz-havo aralashmasining chaqnashi sodir bo‘lgan. Hududiy Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi jami 46 kishi yashab kelgan mazkur turar-joyda portlash vaqtida 35 kishi bo‘lganini va vayronalar tagidan 7 kishi chiqarib olinganini ma’lum qildi.
Hodisada ikki kishi halok bo‘lgan. Qutqarib qolinganlar orasida 3 nafar voyaga yetmagan bolalar bo‘lgan.
Portlash oqibatida binoning taxminan 300 kv.m maydoni – devorlari, tom va shift to‘liq qulab tushgan.
O‘zbekistonning Qozog‘istondagi elchixonasi ma’lumotiga ko‘ra, portlashdan jabrlanganlar orasida O‘zbekiston fuqarolari ham bor va ular og‘ir ahvolda kasalxonaga yotqizilgan.
Jabrlanganlar – 1989-yilda tug‘ilgan R.Xoldarovning tanasi 80 foiz, 1987-yilda tug‘ilgan N.Hakimovning tanasi 35 foizi kuyish, shuningdek, bosh miyaning yopiq shikastlanishi, umurtqaning yopiq sinishi kabi jarohatlarni olgan.
Ayni paytda Elchixona holatni nazoratga olgan va Qarag‘anda viloyati politsiyasi va Favqulodda vaziyatlar bo‘limlari bilan aloqa o‘rnatgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter