Qozog‘istonda zo‘ravonlik uchun javobgarlik kuchaytirilmoqda
Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev ayollar huquqlari va bolalar xavfsizligini ta’minlash masalalari bo‘yicha qonunchilikka o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritishga doir qonunni imzoladi.
Unga ko‘ra, xotin-qizlar va bolalarga nisbatan har qanday zo‘ravonlik uchun javobgarlikni kuchaytiruvchi, shuningdek, oila instituti va voyaga yetmaganlarning xavfsizligini ta’minlashni mustahkamlovchi normalar amalga kiritilmoqda.
Jumladan, sog‘liqqa qasddan yengil zarar yetkazish jinoiy huquqbuzarlik deb topildi, sog‘liqqa o‘rta va og‘ir darajada qasddan zarar yetkazganlik uchun esa javobgarlik kuchaytirildi.
Qonunchilikning nikoh va oila, ota, ona va bola institutini mustahkamlashga asoslangan yangi tamoyillari, shuningdek, umuminsoniy va milliy qadriyatlarga hurmat asosida bolalarning axloqiy va ma’naviy tarbiyasini ta’minlash tamoyillari joriy etildi.
Shuningdek, o‘z joniga qasd qilishga undash va uni targ‘ib qilish uchun jinoiy javobgarlik belgilandi.
16 yoshga to‘lmagan shaxslarga jinsiy tajovuz qilganlik uchun jinoiy javobgarlik belgilanib, voyaga yetmaganlarni o‘g‘irlash va qonunga xilof ravishda ozodlikdan mahrum qilish uchun jazo sezilarli darajada kuchaytirildi.
Qolaversa, voyaga yetmaganlarga nisbatan kiberbulling uchun ilk bor ma’muriy javobgarlik joriy etildi.
Yangi o‘zgartirishlarda ta’lim tashkilotlariga voyaga yetmaganlar tomonidan sodir etilgan yoki ularga nisbatan sodir etilgan g‘ayriqonuniy harakatlar to‘g‘risida darhol huquqni muhofaza qiluvchi organlarga xabar berish majburiyati yuklandi.
16 yoshgacha bo‘lgan bolalar xavfsizligini ta’minlash maqsadida yo‘l haqini to‘lamagani uchun ularni jamoat transportidan majburan tushirish ham taqiqlandi.
Yangi qonunda oila, ayollar va bolalar huquqlarini himoya qilish bo‘yicha aloqa markazi, oilalarni qo‘llab-quvvatlash markazlari faoliyatiga oid me’yoriy talablar ham ilgari surilgan.
Qayd etilishicha, qonunchilikka kiritilgan o‘zgartirishlar matni matbuotda e’lon qilinadi.
Ma’lumot o‘rnida, Qozog‘iston prezidenti Q.To‘qayev 2022 yil 16 mart va 2023 yil 1 sentyabr kunlari mamlakat xalqiga yo‘llagan murojaatlarida ayollar va bolalarga nisbatan zo‘ravonlik uchun jazoni kuchaytirish bo‘yicha ko‘rsatmalar bergandi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter