Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Qozog‘iston prezidenti yanvar hodisalari ishtirokchilarini afv etishga doir qonunni imzoladi

Qozog‘iston prezidenti yanvar hodisalari ishtirokchilarini afv etishga doir qonunni imzoladi

Foto: Akorda.kz

Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev 2 noyabr kuni «Amnistiya to‘g‘risida»gi qonunni imzoladi. Bu haqda Zakon.kz prezident matbuot xizmatiga tayanib xabar berdi. Ushbu hujjatga binoan yanvar hodisalari ishtirokchilarining bir qismi butunlay ozod etilishi kutilmoqda.

Qonundan ko‘zlangan maqsad joriy yil 4-7-yanvar kunlari davom etgan ommaviy noroziliklar davrida provokatorlar ta’sirida jinoiy xatti-harakatlarni sodir etgani uchun mahkamaga tortilgan shaxslar, shuningdek, ommaviy noroziliklar vaqti qonunbuzarlikka yo‘l qo‘ygan harbiylar va huquqni muhofaza qilish idoralari xodimlarini ozod qilish yoki jazo muddatini qisqartirishdan iborat.

Hujjatda og‘ir bo‘lmagan jinoiy xatti-harakatlarni sodir etgan norozilik namoyishlari ishtirokchilariga nisbatan jinoiy ishlar yurituvini to‘xtatish, ularni ozod qilish va sudlanganlik holatini olib tashlash belgilangan.

Og‘ir jinoyat sodir etgan shaxslarga sud tomonidan tayinlangan jazo to‘rtdan uch qismga, o‘ta og‘ir jinoyatda ayblanganlarning jazosi esa ikki baravarga kamaytiriladi.

Terrorizm, ekstremizm, davlatga xiyonat, qiynoqlar, korrupsiyaga oid jinoyatlar, o‘ta xavfli sanalgan shaxslar tomonidan sodir etilgan, voyaga yetmaganlarning jinsiy daxlsizligiga qarshi jinoyatlarga amnistiya tatbiq etilmaydi.

Qozog‘iston bosh prokuraturasi qariyb bir yarim ming kishi afvi umumiyga tushishini ma’lum qilgan.

Prezident tomonidan ma’qullangan «Amnistiya to‘g‘risida»gi qonun joriy yil 27-oktyabr kuni mamlakat parlamenti yalpi majlisida qabul qilingan.

Eslatib o‘tamiz, joriy yil boshida Qozog‘istonning yirik shaharlarida ro‘y bergan, zo‘ravonlikka aylanib ketgan namoyishlarni prezident Q.To‘qayev mustaqillikning 30 yillik tarixidagi eng mushkul vaziyat deb baholagan.

Qozog‘iston rahbariga ko‘ra, zo‘ravonlik harakatlari avvaldan rejalashtirilgan holda, hokimiyatni bosib olish maqsadida, xorijda tayyorgarlikdan o‘tgan jangarilar tomonidan sodir etilgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring