Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Qo‘shiqchi Sanjayning «ishi» sudga oshirildi

Qo‘shiqchi Sanjayning «ishi» sudga oshirildi

Qo‘shiqchi Sanjayga nisbatan ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi bayonnoma rasmiylashtirildi va tegishliligi bo‘yicha sudga yuborilgan. Bu haqda Intellektual mulk agentligi xabar berdi.

Qayd etilishcha, Sanjay taxallusi bilan ijod qiluvchi xonanda Djavberdiyev Sanjar «Gulbadan», «Atirgulim atringni soch», «Karvon» nomli qo‘shiq va she’rlarni  mualliflarning roziligisiz, asar yaxlitligining buzgan holda ijro etgani sababli O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Intellektual mulk agentligiga ariza kelib tushgan.

Ma’lum bo‘lishicha, xonanda Djavberdiyev Sanjar qo‘shiq muallifi –O‘zbekiston halq artisti Sherali Jo‘rayev hamda she’rlar muallifi – O‘zbekiston xalq shoiri Usmon Azimovdan hech qanday rozilik olmasdan va ular bilan shartnoma tuzmasdan qo‘shiq aslini o‘zgartirgan holda ijro etib kelgan.

Bu esa O‘zbekiston Respublikasi Mualliflik va turdosh huquqlarni himoya qilish jamiyatining O‘zbekiston halq artisti Sherali Jo‘rayev va muallif Usmon Azimovning ishonchli vakili sifatida xonanda Djavberdiyev Sanjarga «Mualliflik huquqi va turdosh huquqlar to‘g‘risida»gi Qonunni buzganligi uchun chora ko‘rish yuzasidan ariza bilan murojaat qilishiga sabab bo‘lgan.

«Mualliflik huquqi va turdosh huquqlar to‘g‘risida»gi Qonun 18-moddasiga ko‘ra, asar (qo‘shiq)ni omma oldida ijro etish yoki undan boshqacha tarzda foydalanishda asarning o‘ziga, nomiga va muallifning ismi-sharifi ko‘rsatilishiga biron-bir o‘zgartish kiritishga faqat muallifning roziligi bilan yo‘l qo‘yiladi.

«Ammo bizning holatimizda buning aksi bo‘lgani tufayli qo‘shiqlarga bo‘lgan mualliflik huquqi jiddiy ravishda buzilgan. Natijada O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksi 177(1)-moddasining birinchi qismida belgilangan asarlardan yoki turdosh huquqlar ob’yektlaridan qonunga xilof ravishda foydalanish, xuddi shuningdek asarlarning yoki turdosh huquqlar ob’yektlarining kontrafakt nusxalarini takrorlash, tarqatish holatlari mavjud deb hisoblanib, unga nisbatan ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi bayonnoma rasmiylashtirildi va tegishliligi bo‘yicha sudga yuborildi», deyiladi xabarda.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring