Qor tagida qolgan xazina
Mash’um voqea kutilmaganda yuz berdi. Podshoh baland jarlik yoqasidagi kaptarxonada kabutar boqar, ammo shu paytgacha biror noxush hodisa ro‘y bermagandi. Xullas, taqdiri azal sabab, Farg‘ona hukmdori Umar Shayx Mirzo 1494 yilning 9 iyunida navbatdagi kaptar uchirish paytida kaptarxona bilan birga jarga qulab, vafot etdi. Ertasiga hukmdorning endigina 12 yoshga to‘lgan o‘g‘li Zahiriddin Muhammad taxtga chiqdi...
Umar Shayx Mirzo temuriylar nasliga mansub Sulton Abusaid Mirzoning to‘rtinchi farzandi bo‘lib, 1456 yilda Samarqandda tavallud topgandi. Otasi Abusaid (1429 – 1469) Movarounnahr va Xuroson hukmdori sifatida dovruq taratgandi. U Umar Shayxga Kobul hokimligini topshirgandi. O‘sha paytlarda Umar Shayx yosh bo‘lgani tufayli uning nomidan Boboyi Kobuliy viloyatni boshqargan. Ammo ko‘p o‘tmay, Umar Shayx Samarqandga chaqirib olinadi. Keyin esa otasi uni Andijon viloyatiga hokim qilib jo‘natadi.
Shu taxlit Umar Shayx andijonlik bo‘lib qoldi va uning sakkiz xotinidan uch nafar o‘g‘li hamda besh qizi ham shu yerda tug‘ildi. Boburning yozishiga ko‘ra, u «past buyluq, tegirma soqollik, ko‘ba yuzluk, tanbal kishi edi. To‘nni bisyor tor kiyar edi, andog‘kim, bog‘ bog‘laturda qornini ichiga tortib bog‘latur edi, bog‘ bog‘lag‘ondin so‘ng o‘zini qo‘ya bersa, bisyor bo‘lur edikim, bog‘lari uzulur edi. Ul zamonda dastorlar tamom chorpech edi, bechin chirmab, aloqa qo‘yar edilar. Yozlari g‘ayri devonda aksar mo‘g‘uliy bo‘rk kiyar edi».
Shuningdek, u barcha temuriyzodalar singari ilmu ma’rifatli bo‘lib, masnaviy kitoblarni ko‘p o‘qir, tarixga ham qiziqardi. Eng ko‘p o‘qiydigan kitobi «Shohnoma» edi. Ayni paytda barcha movarunnahrliklar kabi hanafiy mazhabidagi muslim, besh vaqt namozni kanda qilmaydigan taqvodor, e’tiqodli banda ham bo‘lgan. Umar Shayx bobosi sohibqiron Amir Temurdek adolatli bo‘lib, har bir voqea-hodisani atroflicha tahlil etar va shundan keyingina xulosa chiqarardi.
«Boburnoma»da ibratli bir voqea qayd etilib o‘tadiki, bu Umar Shayx Mirzoning adolatparvarligidan darak beradi.
Kunlarning birida, Xitoydan Andijonga kelayotgan ming kishilik savdo karvoni Andijonning sharqiy tarafidagi toqqa yetganda qor ko‘chib, jamiki savdogarlardan faqat ikki kishi omon qolibdi. Qolgan bandalar esa vafot etgandi. Umar Shayx Mirzo mudhish voqeani eshitib, u yerga odamlarini yubordi va qor ostida qolgan mol-mulklarini hisoblatib, xazinaga qo‘ydirdi. Shu taxlit garchi mollarning egasi topilmasa-da, uni ikki yilgacha omonat saqlaydi. Nihoyat savdogarlarning Samarqand hamda Xurosonda yaqinlari topilgach, ularga omonatini topshirtiradi.
O‘sha davrlar g‘oyat ziddiyatli bo‘lib, urush va bosqinchilik qilish odatiy holga aylangan. XV asrdagi vaziyat bo‘yicha Umar Shayx Mirzo ham urushlar o‘tkazib turgan. Buni o‘g‘li Bobur shunday izohlaydi: «Mulkgirlik (bosqinchilik) dag‘dag‘asi jihatidan ko‘pgina (xeyli) yarashlar urushqa va do‘stluqlar dushmanliqqa mubaddal (aylanib) ketar edi».
Ana shu urushlar sabab, goh u, goh bu shaharlar qo‘ldan-qo‘lga o‘tib turardi. Dastlab otasi faqat vodiyni in’om etgan bo‘lsa, keyinchalik akasi Sulton Ahmad Mirzo Toshkent va Sayramni ham unga bergan. Shohruhiyani esa hiyla va urushlar bilan itoatiga kiritgandi. Ammo so‘nggi yillardagi urushlarda Toshkent va Shohruhiya qo‘ldan ketib, umar Shayx tasarrufida faqat Farg‘ona vodiysi, Xo‘jand hamda O‘ratepa qolgan edi.
Ana shu hududlarda hukmdorlik qilgan Umar Shayx Mirzo kamondan otish, kurash va kaptarbozlikka qiziqar, o‘yin-kulgini yaxshi ko‘ruvchi, nard, ba’zida qimor ham o‘ynaydigan kishi edi. Uning Qutlug‘ Nigor xonim, Fotima Sulton og‘o, Umid og‘ocha, Og‘o Sulton, Maxdum Sultonbegim, Ulus Og‘o, Qaroko‘zbegim, Tun Sulton ismli sakkiz nafar xotinidan uch o‘g‘il va besh nafar qizi bo‘lgan.
Umar Shayx Mirzoning avlodlari tarixda boqiy iz qoldirishdi. Otasining ishlarini davom ettirish o‘g‘li Bobur Mirzoga nasib etdi. U padarining o‘rniga Andijonda taxtga o‘tirgan bo‘lsa, keyin davr dovullari bois goh Samarqandga, goh Hirotga bordi. Raqiblari Boburni ota yurti mehriga zor qilganiga qaramay, u Hindistondek mo‘’jizakor davlatda hukmdorlik qildi, ulkan va qudratli saltanat hamda sulolaga asos soldi.
Umid Bekimmetov,
tadqiqotchi
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter