Qonunchilik palatasi qo‘mita raisi: «prezident bizdan o‘n qadam oldinda, biz yetib ololmayapmiz»
4 iyun kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi anjumanlar zalida Oliy Majlis, Qishloq xo‘jaligi vazirligi, O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi mutasaddilari hamda deputatlar ishtirokida jurnalistlar bilan ochiq muloqot bo‘lib o‘tdi.
Agentlik matbuot xizmati xabariga ko‘ra, qonunchilik palatasi Agrar va suv xo‘jaligi masalalari qo‘mitasi raisi To‘lqin Eshnazarov quyidagicha gapirdi:
«Yurtboshimiz Toshkent viloyatini qancha tanqid qildilar. Nima uchun Toshkent viloyati rivojlanmayapti, nima uchun viloyat rahbarlari harakat qilmayapti, dedilar. Harakat bor, lekin muhtaram prezidentimiz bizdan o‘n qadam oldinda, biz yetib ololmayapmiz, yetib olib bo‘lmayapti.
Oxirgi uch yilda qishloq xo‘jaligini rivojlantirish, urug‘chilikni tizimli yo‘lga qo‘yish, yaylovlardan foydalanish va sohaning boshqa tarmoqlariga doir 30 ga yaqin qonun hujjatlari qabul qilindi. Bu ham davlatimiz rahbarining e’tibori.
Mazkur qonunlardan maqsad – mamlakatamizda yetishtirilayotgan oziq-ovqat mahsulotlarini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish. O‘zbekistonda oziq-ovqat xavfsizligi birinchi darajali masala hisoblanadi.
Bu masalaning poydevori esa – urug‘chilik. Shuning uchun ham bu borada alohida qonun qabul qilindi. Sirdaryoda ilmiy stansiya tashkil qilindi, u yerda urug‘larni yetishtirish, qayta ishlash, qadoqlash ishlari yo‘lga qo‘yilgan. Farg‘onada esa har yili 400-500 kg gibrid urug‘lar yetishtirilyapti».
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter