Qishloq ayoli haqida uch hikoya
yoxud qishloq ayoli chiroyli suratdagidek emas, hayoti ularning ko‘zlaridek, qo‘llaridek, yuzlaridek...
Birinchi hikoya. KIR YuVISh MAShAQQATI
«Qishli qirovli kunlarda hovlida kir yuvish biram azob. Bir dunyo kirni, mag‘zavani har yoqqa oqizib uyning ichida yuvib bo‘lmasa. Ayniqsa, qishda yuviladigan og‘ir kurtkalar, og‘ir kiyimlarni yaxlagan muzday, qorda kir chayganday suvda chayish undan-da azob».
Ayol shularni o‘yladi. Garchi kichkina stulchada o‘tirib kir yuvayotgan bo‘lsa-da, oyoqdan yerdan zax o‘tishi-chi. Qizi bilan qo‘llarini kuh-kuhlab kirlarni yuvib bo‘lgan onlarida og‘ir bir yukdan qutulgandek bo‘lardi. Aslida qishloq ayoliga buloq suvlarini chelaklab tashib yo tog‘ora-tog‘ora kirlarni pastga olib tushib, kir chayganlari oldida bu kir yuvishlar yaxshiroq. Har holda gaz bor, sirli chelakka suv isitib yuvsa bo‘ladi. To‘rt yil hammom bitguncha ayol qor, yomg‘irning tagida kir yuvdi, oxirgi yillari hatto qo‘l barmoqlari sovuqda og‘riydigan bo‘ldi, har tugul uzoq kutilgan hammom bitdi. Gar hammom bitgan bo‘lsa-da qizi bilan issiqqina hammomda issiqqina suvga kirlarni chayganida sharoitning yaxshiligi qanchalar yaxshi bo‘lishini ta’kidlashdan charchashmaydi.
– Oyijon, o‘sha paytlari rostdan qiynalgan ekanmiz, ammo o‘sha paytlari bizga bilinmagan, – deydi qizi.
– Ha hayot shu deb o‘ylaganmizda qizim.
– Ayniqsa suvog‘iyam yo‘q, chala bitgan hammomga suv isitib boshimizni yuvganlarimiz... brrrrrrr....
– Gapirma, endi esa kafellangan, top-toza chiroyli hammomda yuvinish qanday yoqimli-a.
Har safar kir yuvilganda o‘sha paytlari qiynalganlari, ammo buni qiyinchilik deb bilmaganlari, aslida yaxshi sharoit baribir odamni yanada chiroyli yashashga undashini bir bor ta’kidlab oladilar.
Va nihoyat, bir oy oldin ayolga tug‘ilgan kuniga o‘g‘li va turmush o‘rtog‘i kir mashina sovg‘a qildi. O‘zi yuvadi, o‘zi chayadi, o‘zi siqib beradi. Shu paytgacha bunday yaxshi sharoitning yaxshi bo‘lishini bilmagan ayol bir oydan beri qo‘liga kir sovun ushlamaydi. Hatto mashinaning funksiyasi ko‘pligidan ishlatishga qiziqib ham ko‘rgani yo‘q. Bolalari, turmush o‘rtog‘i o‘zlari qancha kir bo‘lsa mashinaga tiqib aytmayam yuvib qo‘yishmoqda. Avval haftaning shanba yoki yakshanbasi alohida kir yuvish uchun ketgan bo‘lsa, ayol uchun shanba yoki yakshanba yoniga qoladigan bo‘ldi. Chunki kir mashinaning qulayligi kirni haftaning istalgan kuni, istalgan soati, erta tongmi, yarim tunmi poroshok solib qo‘ysa bo‘ldi, o‘zi bilib yuvib qo‘yadi. Ayolning sharoiti yaxshilanganidan, shunday yengil hayot borligidan ko‘ngli yorishib ketdi. Ya’ni, bolalariga ko‘proq vaqt ajratar, balki... vaqti ko‘paya boshlagan ayol kinoga borishni, dugonasi bilan do‘kon aylanishni o‘ylay boshladi. Hozir qor, yomg‘irning tagida oyog‘idan zax o‘tib, qo‘llari qaqshab, zil-zambil kirlarni siqishga kuchi yetmay chala siqib, charchab horigan ayolni ko‘z oldiga keltirib rahmlari keldi, qanchalar qiyin bo‘lgan ekana, deb qo‘yadi, ammo o‘sha payti qiyinligini shunday yaxshi sharoitni ko‘rmaguncha bilmagan ayol. Shunda beixtiyor ayol qishloqda bir umr ana shunday qiyinchilik bilan yashayotgan ayollarni, o‘tgan momolarini o‘ylab yig‘lagisi keldi. Ularning qiynalayotgani uchun emas, mana shunday yaxshi sharoit borligini, yaxshi sharoitning zavqi o‘zgacha ekanligini hech qachon bilmay, anglamay, istamay, istasayam imkon topolmay (svet, suv muammo joyda hech qachon yaxshi sharoit bo‘lmaydi) o‘tib ketayotgan qishloq ayollari, o‘tib ketgan momolar uchun o‘kindi... Kun ko‘rmay o‘tib ketgan momolar, garchi nolimagan bo‘lsalar-da chiroyli hayot ko‘rmay, ko‘lmakni dengiz deb o‘ylab yashab o‘tayotgan, o‘tgan O‘zbekiston ayollari uchun xo‘rligi keldi...
O‘zini boshidan o‘tgan hikoyani facebook sahifasiga post sifatida qo‘ygan ayolning o‘sha kuni ko‘plab dugonalari mana shunday izohlarni yozib qoldirdi:
«Mening ham boshimdan o‘tgan, garchi avtomat kir mashina olishga qurbimiz yetsa-da, uni o‘rnatadigan joyning qurilishi tugallanmagani uchun ortga surardik. Birdan turmush o‘rtog‘im boshlagan biznes o‘xshamay qoldi, banklarga kattagina qarz to‘lardik. Shu orada qaynonamning bexos o‘limi oila erkaklarini hayotga qiziqishlarini so‘ndirib tashlagan, bunday vaziyatda men ham kam-ko‘stimni aytishga iymanib yuraverardim. Qo‘limda yosh go‘daklarim, kattasi endi 2 yosh, kichigi chaqalok, oldinda uzun qish kunlari, tongda sumkalarga kirlarni joylab viloyat markaziga ota-onam qishlash uchun olishgan uyga kir yuvishga ketardim. Kirning ko‘pligidan erkaklar va bolalar ishtonlarini kir mashinaga solmay qo‘lda yuvardim, kechgacha ishim shu, ota-onam bilan ham gaplashmay sumka-sumka kirni yuvish, torgina uyda shuncha kirni quritish muammo, kech bo‘lishi bilan ishdan qaytayotgan turmush o‘rtog‘im bilan uyga qaytish, uyga kelib yana kirlarni qaytadan dorga ilish, kechasi 11-12 gacha davom etardi. O‘ylasam, juda sodda bo‘lgan ekanman, kunlar isigach erta azonda bolalar turguncha kirlarni yuvib qo‘yardim, alal-oqibat poliartirit degan dard ortirdim...»
«Mendayam poliartrit boshlandi. Hozir kir mashinada yuvsam ham vaqtida muzdek suvda yuvardim», deydi yana bir hamsuhbatdoshimiz.
Yana bir dugonamiz izohlarda suhbatga qo‘shiladi:
«Bu kasallikda issiq suv ham, sovuq suv ham odamning dushmani, vanna mumkin emas, dush tagida tezdagina yuvinib chiqish kerak, sovuqdan, namlikdan, asabiylashishdan o‘zingizni asrang, har olti oyda davolansiz, ko‘proq bu kasalni garmonlar bilan davolashadi, shuning uchun dardni og‘irlashtirmay, ehtiyot choralarini qilib yuravering».
Umida ismli ayol sekingina «xo‘rsinadi»:
«Qishlogimizda hozir ham aholining deyarli yarmi shunaqamiz, qishni yomon ko‘raman shuning uchun ham... azob... o‘sha azobdan chiqish uchun bolaligimdan beri intilaman(((»
«Bizam onam bilan sovuq kunlarda qo‘lda kir yuvib, hovlidagi dorga ilib, qotib quriganlarini qo‘limmi kux-kuxlab uyga tashigan vaqtlarim bo‘lgan. Ko‘z oldimga bolaligim bir zum o‘tib ketdi. Ammo o‘sha xotiralarni deb yana shu qiyinchilikni qaytarmagan bo‘lardim, qizlarim ham shuni ko‘rishi kerak, deb shunday ishlarni qildirishim ham shartmas deb o‘ylayman».
Muqaddas esa ayol o‘zini qadrlash kerakligini eslatib o‘tadi:
«Ayollar kasalligi, mioma, kista, matkani olib tashlash kabilar ko‘pi shu qishloq ayollarida uchrarkan. Yaqinda bir ginekolog tanishim shunaqa dedi, – hech narsaga sharoiti yo‘q. Xaqiqatan ham to‘g‘ri, o‘zim ham qishloq ayoliman. Mana endi shu 5-6 yil ichida sharoit qilishayapti qishloqdayam, lekin ungacha ayolni sog‘lig‘i ketib bo‘ldi. Ayol kishi o‘zini, avvalo qadrlashi kerak ekan. O‘zi uchun sharoit talab qilishi kerak ekan. O‘zi talab qilmasa hech kim o‘ylamaydi ham sharoit ham qilmaydi. Qiynalib oyog‘idan zax o‘tib o‘choqda suv qaynatib kir yuvib, tez ishimni tugatay deb sovuq suvlarda kirni chayib, suv bo‘masa ariqlardan tashib oyog‘idan suv o‘tsa ham almashtirishga vaqtini qizg‘anib tezroq ishim bitsin, derkan. Nonimni yopvolay, uyimni tozalay, deb bir umrga sog‘lig‘ini yo‘qotishidan xabari bo‘lmaskan. Sog‘lig‘i ketganidan keyin kimga ham kerak bo‘ladi. O‘shaning uchun ham eriga injiqlik qilib bo‘lsa ham hamma sharoitlarni qildirishi kerak. Hammom, kir yuvish uchun avtomat kir mashina, oshxona... Mana shular ayollar uchun eng kerakli ehtiyojlar, chunki eng ko‘p vaqti shu joylarda o‘tadi».
Ikkinchi hikoya. KO‘MIRLI TAPPI PEChKADA YaXShI YoNADI
15 oktyabr – Butunjahon qishloq ayollari kuniga ijodkor G‘ayrat Omon hikoya yozdi:
«Bu kunni issiq ofislarida pista chaqib, internetda serial ko‘rib o‘tiradigan «ofis xonimlari» qaysidir tashkilot tashabbusi bilan balandparvoz «Yangi O‘zbekistonda qishloq ayollari bag‘riga shamol tegdi» mavzusidagi simpoziumda ishtirok etib nishonlashadi.
Furshet stolidagi falon pechene yaxshiyu, falon pishiriq semirtirishi haqida ma’no va matrasiz suhbat asnosida o‘zlarining elektr, gaz va issiqlik muammosi bo‘lmagan uylariga qaytishadi.
Bu kunning haqiqiy «aybdor»i, qishloq ayoli esa quyosh chiqmasidan uyg‘onib, xamir qorib, tandirda non yopdi. Sigir-buzoq, qo‘y-echkiga qaradi. Uy sovuqligidan qat-qat ko‘rpa tagida qunishib yotgan bolalarini uyg‘otib, qornini to‘ydirdi. Farzandlarining loydan rangini yo‘qotgan poyafzallarini to‘g‘rilar ekan, hali paxta terimiga borishi kerakligini esladi.
Bolalarini maktabga jo‘natib, fartugiga yarimta non va ikkita pomidor solib, paxta dalasiga jo‘nadi.
Paxta termasa bo‘lmaydi, mahalla raisi paxta termaganlarga bola po‘li yo‘q degan. Bir narsa deb ko‘rsinchi, mahalla raisi bobillab beradi. «Sen Hafiza, ovozingni chiqarma. Ering Rossiyada bo‘lsayam, bola puli chiqarib berdim. G‘ing deyishga haqing yo‘q».
Er ham o‘lsin, Rossiyaga ketganiga 3 yildan oshdi. Yuborgan pulining tayini yo‘q. Qo‘shni qishloqdagi Salima dugonasi har ko‘rganida «Ering Rossiyada xotin topgan chiqar» deb asabini buzadi.
Er o‘lgur, faqat oshna-og‘aynisiga telefon qiladi. Bolalarim bormi, deb eslamaydi ham. Kamiga erining onasi bilan opasi har hafta kelib uni tergashadi. «Rossiyadan kelgan kalboshlarni qayerga berkitding», deya uni yig‘latishadi.
O‘tgan kuni qishga g‘amlagan tezaklarini chamalab, yuragi orqaga tortib ketdi. O‘tgan yilgi tezakni yarmini ham g‘amlay olmabdi. Oktyabrda shuncha sovuq, bu yil qish qattiq keladi shekilli, o‘tin topish kerak qayerdan bo‘lmasin.
Svet o‘chmayapti harna, choy-ovqatga elektr plita qulayda. Lekin Salimaning aytishicha, saylovdan keyin elektrni tushimizda ko‘rar ekanmiz.
Paxta dalasiga ham yetib keldi, oktyabrni yarmiga keldik ham mana ikkinchi terim kutib turibdi. «Fermer bova» har yuz kilo paxtaga bir kilo yog‘ va’da qilgan. Hali bolalarni kalishlarini yangilay olmadi. Mol-holga xashakni ham yetarli g‘amlay olmadi. Hali mingta tashvish... Ko‘proq paxta terish kerak.
Qorong‘u tushib, uyiga qaytar ekan, bolalari tushlikda ham quruq non bilan choy ichishganini, yovg‘on piyovaga unnamasa, bolalari ochqorin bilan uxlab qolishlari mumkinligini o‘yladi.
Dasturxon boshida yovg‘on sho‘rvaga non to‘g‘rar ekan, televizorda «Axborot» boshlandi. Ikki yuzi yaltirab, qirmizi rangni lablaridan ayamagan bir opaxon tinmay bir narsalar deb gapirar edi.
«...mamlakatimizda xotin-qizlarga ko‘rsatilayotgan e’tibor, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash borasida olib borilayotgan oqilona siyosat natijasida, bugun o‘zbek ayollarining ko‘ksiga shamol tegdi. Birgina bizning tumanimizda «Ayollar daftari»ga kiritilgan xotin-qizlarga 4,5 milliard so‘mlik moddiy yordam ko‘rsatildi. Xotin-qizlarni ish bilan ta’minlash va ularni kasb-hunarga o‘qitish bo‘yicha alohida yo‘l xaritasi ishlab chiqdik. Sektor rahbarimiz tomonidan qiynalgan ayollarga tikuv mashinalari sovg‘a qilindi...»
Shu joyida aksiga olib, chiroq o‘chib qoldi. Har kuni shu ahvol, odamlar ayni ovqat yeyishga o‘tirishganida, biror soat chiroq o‘chmasa bo‘lmaydi. Yovg‘on sho‘rva bilan ichiga ozgina issiq kirgan bolalari esnay boshlashdi. Dars qilishga ham ulgurishmadi.
Qishloq ayolining ko‘zida ikki tomchi yosh ko‘rindi. Yo‘q, u daragi ham yo‘q Rossiyadagi erini eslamadi, uyqisirab turishgan bolalari chiroq yorug‘ida dars qila olishmaganidan ranjidi. O‘zi ham yosh boladek, qizining rasm daftariga surat sola olmaganidan ranjidi.
Shu sukunatni Salimaning qo‘ng‘irog‘i buzdi. «Alyo, xo‘jayinim ko‘mir bazaning direktorini baliqxo‘rlikka olib boribdi. Gap orasida keliningiz shu ko‘mirni changini supurib olsin, yo‘q demang degan ekan, rozi bo‘libdi. Erta tongdan ko‘mir changini supurishga boramiz, paxtani bir kunga qo‘yib tur. Ko‘mir changidan tappi qilib olaylik, qishda hali rahmat aytasan »...
Qishloq ayoli sekin, jilmayib uyquga ketdi: «Ko‘mirli tappi pechkada yaxshi yonadi-da...»
Uchinchi hikoya. BIR KUNLIK QUVONCh
Shu kunlarda O‘zbekistonning barcha hududlarida Xalqaro qishloq ayoli kuni nishonlanmoqda. Farg‘onaning O‘zbekiston tumani hokimligi ham qishloq ayollari uchun quvonch ulashdi.
Ana shunday madaniy-ma’rifiy tadbirlardan biri bugun Oxta Tagob mahallasidagi «Karimjon Ergashev» fermer xo‘jaligi dala shiyponida o‘tkazildi, deb xabar beradi hokimlik matbuot xizmati.
Xabarda ta’kidlanishicha, tuman hokimligi, oila va xotin-qizlar bo‘limi, ma’naviyat va ma’rifat tarkazi hamda boshqa muassasalar hamkorligida tashkillangan kechada ko‘plab qishloq ayollari ishtirok etishibdi.
Tadbirda so‘z olgan mutasaddilar ayollarimiz, munis onaxonlarimiz har qancha e’tibor va e’zozga munosibligi, davlatimiz tomonidan yaratilgan sharoit va imkoniyatlar tufayli qishloq ayollari ham barcha jabhalarda faollik ko‘rsatayotganini ta’kidlab, sana munosabati bilan barchaga iliq va samimiy tilaklar bildirildi.
Qishloq xo‘jaligi, hunarmandchilik va boshqa sohalarda ibrat namunalarini ko‘rsatib kelayotgan opa-singillarga tashkilotchilarning esdalik sovg‘alari va ziyo ulashuvchi kitoblar sovg‘a qilindi.
Nima deymiz, juda chiroyli tadbir, ammo qachonlardir qishloq ayollari mana shu bayram munosabati bilan xorijga sayohatga chiqib kelar. Kelarmikan....
Ungacha esa mana bunday she’rlar, ash’orlar bitiladi qishloq ayoliga atab:
Otash O‘rmon yozadi:
Pardozni yuzlari hech ham ko‘rmagan,
Qimmat restoranga bir bor kirmagan.
Ro‘zg‘orning tashvishidan bo‘yin burmagan,
Sabringizga ta’zim qilay qishloq ayoli...
Sabringizga ta’zim qilay qishloq ayoli.
Xurshid Abdurashid yozayapti:
...Ha, u kino ko‘rmas kinosaroyda,
«Istiqlol»ga tushmas bir bora hatto.
Kesakka to‘qanab yursa shu foyda,
Bolasin ustini butlamoq avlo.
Minbarda kerilib hayqirgan shovvoz,
Qanday bekitasan kemtiklaringni?
Vijdoning uyg‘onib bermasmi ovoz,
Haqiqat sasidan entikmadingmi?
Yurtni to‘kis deya madh etgan oning,
Ular o‘tov qilar biyday dalada.
Yolg‘ondan og‘rinmas nahotki joning,
Yelkadosh bo‘lmaysan, bermaysan dalda...
Qishloq ayoli haqida yana necha yillar shunday she’rlar yoziladi. Men Boysunda qishloq ayollari haqida yozishga borganimda 75 yoshli momo bilan gaplasharkanman: – Nima deyman, yashadik, mana shu purviqor tog‘lardek baland qaddimiz mehnatda bukildi...
Qo‘llarini ortiga qilgancha mendan uzoqlasharkan aytadi: – Qizim hokim bovaga ayt, bizga ko‘mir bersin, sovuq tushsa oyoq og‘rig‘i, qo‘limning bo‘g‘inlari qaqshab og‘rib qiynaydi meni...
Barno Sultonova
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter