Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Qishda yovvoyi hayvonlarni saqlab qolish uchun biotexnik ishlari olib borilmoqda

Qishda yovvoyi hayvonlarni saqlab qolish uchun biotexnik ishlari olib borilmoqda

Qish mavsumida yovvoyi hayvonlarni saqlab qolish maqsadida tabiiy milliy bog‘ va qo‘riqxonalar xodimlari tomonidan mamlakatimizning ko‘plab hududlarida biotexnik ishlari olib borilmoqda.

Xususan, Zarafshon milliy tabiat bog‘ining 7 ta bo‘limi hududida sun’iy oziqlantirish hududlari tashkil qilindi. Milliy bog‘ rahbariyati tomonidan biotexnik tadbirlari davomida Buxoro bug‘ulari va boshqa yovvoyi hayvonlarni boqish uchun 5 tonnadan ortiq omuxta-yem va kepak, shuningdek, 2 mingta xashak zaxirasi yaratildi. Shuningdek, Surxon davlat qo‘riqxonasining sovuq kuchli bo‘lgan, qishda hayvonlar ozuqa topishi qiyinlashgan baland tog‘li hududlariga tuz va yem yetkazib berilmoqda.

Bundan tashqari, «Nurota» va «Zomin» davlat qo‘riqxonalariga pichan va dag‘al ozuqalar hayvonlar yashash joylariga qo‘yib chiqilmoqda. Yuqori To‘palang milliy tabiat bog‘i hududida ham xodimlar alohida muhofaza etiladigan tabiiy hududlar departamenti bilan hamkorlikda yovvoyi hayvonlarni yumshoq yem va dag‘al pichan mahsulotlari bilan oziqlantirish bo‘yicha biotexnik tadbir o‘tkazildi.

Bu tadbirlar Hisor davlat qo‘riqxonasining Qizilsuv uchastkasi hududida ham olib borilmoqda, u yerda xodimlar qor bosgan joylarda hayvonlar uchun oziq-ovqat yetkazib berishadi.

Ta’kidlash joizki, biotexnik tadbirlar hayvonlarning yashash joylari, ko‘chib yurish yo‘llari va ular iste’mol qiladigan oziq-ovqat turlari kabi omillar hamda olimlarning tavsiyalarini inobatga olgan holda maxsus ajratilgan hududlarda olib boriladi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring