Qirolicha Yelizaveta II ning sog‘lig‘i yomonlashgani xabar qilinmoqda
Buyuk Britaniya qirolichasi Yelizaveta II ning shifokorlari uning sog‘lig‘idan xavotirda. Bu haqda bugun, 8-sentyabr kuni Bukingem saroyida ma’lum qilindi.
«Bugun ertalab qo‘shimcha tekshiruvdan so‘ng, Qirolicha shifokorlari uning sog‘lig‘idan xavotirda va unga tibbiy nazorat ostida qolishni tavsiya qilishdi.
Qirolicha hozirda Balmoral qasrida va u yerda o‘zini qulay his qilmoqda», – deyiladi xabarda.
Birlashgan qirollikning yangi Bosh vaziri Liz Trass o‘zining Twitter’dagi sahifasida bu haqda to‘xtalib, Bukingem saroyidan chiqqan bu xabar «butun mamlakatni xavotirga solganini» aytadi.
«Men va barcha britaniyaliklar iirolicha va uning oilasi bilan», – deydi u.
Eslatib щtamiz, joriy yil 6-sentyabr kuni 96 yoshli Yelizaveta II sobiq Bosh vazir Boris Jonsonning iste’fosini Bukingem saroyida emas, balki Balmoral qasrida qabul qilgan edi. Bu uning hukmronligining 70 yilida birinchi marta sodir bo‘ldi. Ma’lum qilinishicha, tegishli qaror qirolichaning «qulayligi» uchun qabul qilingan.
Avvalroq, 2-sentyabr kuni esa Britaniya qirolichasi Shotlandiyada an’anaviy tarzda o‘tkazib kelinadigan Bremar tog‘li o‘yinlarini o‘tkazib yuborishi ma’lum bo‘lgan edi. Sky News telekanalidagi manbaning so‘zlariga ko‘ra, qirolichaning sog‘lig‘i bilan bog‘liq muammolar tufayli uning harakatlanishi qiyinlashib bormoqda.
2021-yil sentyabr oyida Yelizaveta II vafot etgan taqdirda Britaniya rasmiylari va qirollik oilasining qanday harakatlanishi to‘g‘risidagi tartiblar ishlab chiqilgan edi. «London ko‘prigi» deb nomlangan operatsiyaning asosiy maqsadi mamlakatdagi tartibsizliklar va milliy xavfsizlikka tahdidlarning oldini olishga qaratilgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter