Qirg‘iziston: parlament raisi bosh vazirga davlat tili borasida tanbeh berdi
Bugun, 23 noyabr kuni Qirg‘iziston parlamenti spikeri Nurlanbek Shakiyev Jo‘qorg‘u Kenesh yig‘ilishida Vazirlar Mahkamasi raisi Oqilbek Japarovdan davlat tiliga to‘liq rioya etishni talab qildi.
«O‘z chiqishingizda «shkola», «doxod», «krisha», «stena», «kontrol», «sadik» kabi (ruscha) so‘zlarni ishlatdingiz. Sof qirg‘izcha gapirishga harakat qiling, aks holda tilimizga zarar yetadi. Bu borada barchaga namuna bo‘ling. Axir, qirg‘iz tilini yaxshi bilasiz-ku! Qonunni hurmat qiling», – deya bosh vazirga tanbeh bergan to‘rog‘a (parlament raisi).
Qonunchilik idorasi rahbari hukumat raisiga davlat tiliga oid konstitutsiyaviy qonun qabul qilinganini ham eslatgan.
Avval xabar berganimizdek, Qirg‘iziston parlamenti spikeri Nurlan Shakiyev rasmiy yig‘inda tabiiy resurslar, ekologiya va texnik nazorat vaziri Dinara Qutmanovaga rus tilida ma’ruza qilishga ruxsat bermay, undan davlat tilida gapirishni talab qilgan edi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yil may oyida Qirg‘izistonda davlat tiliga doir konstitutsiyaviy qonun qabul qilindi.
Ushbu qonun davlat tili siyosatini yuritish bo‘yicha huquqiy asoslarni mustahkamlashga yo‘naltirilgan. Unga ko‘ra, qirg‘iz tilini o‘rta (B1) darajada bilmaydigan fuqarolar davlat va mahalliy boshqaruv tizimida ishlashi mumkin emas.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter