Qidiruvga berilgan jinoyatchi Polshadan O‘zbekistonga ekstraditsiya qilindi
Interpolning O‘zbekiston Respublikasidagi Milliy markaziy byurosi xodimlari tomonidan katta miqdorda firibgarlik sodir etgani uchun xalqaro qidiruvda bo‘lgan jinoyatchini ekstraditsiya qilish bo‘yicha protsedura amalga oshirildi.
Interpolning Varshava va Toshkent Milliy markaziy byurolarining hamkorlikdagi faol sa’y-harakatlari natijasida 2022 yilning mart oyida Polshada Interpolning Qizil xabarnomasiga aloqador shaxs sifatida hibsga olingan, huquq-tartibot idoralarimiz tomonidan firibgarlik uchun qidiruvga berilgan jinoyatchi O‘zbekiston Respublikasiga ekstraditsiya qilindi.
Qidiruvdagi shaxs jabrlanuvchi Janubiy Koreyaga ishlash uchun chet elga chiqish niyatida ekanini bila turib, hujjatlarni rasmiylashtirish va mamlakatga kirishga ruxsat olish bo‘yicha o‘z xizmatlarini taklif qilgan va bu ishlar sarf-xarajat talab qilishini bildirgan. Shu tarzda, qisqa vaqt ichida firibgar bir necha kishini pulga tushirgan.
Jinoyatchi pullarni o‘zlashtirgan hamda va’dasini bajarmagan holda chet davlatga qochishga muvaffaq bo‘lgan, biroq O‘zbekiston va Polsha davlatlari MMB xodimlarining hamkorlikdagi harakatlari natijasida qidiruvdagi shaxs aniqlandi va qo‘lga olindi.
O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasining ekstraditsiya to‘g‘risidagi so‘rovi qanoatlantirilgandan so‘ng, Interpol xodimlari hamrohligida shu kunlarda jinoyatchi O‘zbekistonga olib kelindi, uni oldinda adolatli sud kutmoqda, deyiladi Interpolning O‘zbekiston Respublikasidagi Milliy markaziy byurosi xabarida.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter