Qatar-2022: Mundialning eng qimmat terma jamoalari e’lon qilindi
Qatarda 20-noyabr kuni start oladigan futbol bo‘yicha jahon chempionati arafasida jurnalistlar va ekspertlar turli reytinglarni e’lon qilishmoqda. Ularning navbatdagisi — eng qimmat tarkibga ega terma jamoalar.
Jahon futbolini tizimli ravishda iqtisodiy va moliyaviy baholab boruvchi Xalqaro sport tadqiqotlari markazi (CIES) tarkibdagi futbolchilar umumiy qiymati bo‘yicha terma jamoalarning reytingini tuzdi.
Eng qimmat tarkib — Angliya terma jamoasi. Yakuniy ro‘yxatga kiritilgan 26 futbolchining umumiy qiymati 1,499 mlrd yevro yoki 1,560 mlrd dollarni tashkil etdi.
Ikkinchi o‘rinda — Braziliya: Neymar va boshqa futbolchilarning yalpi qiymati 1,455 mlrd yevro yoki 1,510 mlrd dollar.
Uchinchi o‘rindagi Fransiya terma jamoasi 1,337 mlrd yevro (1,390 mlrd dollar) qiymatiga ega 26 futbolchidan iborat.
CIES talqini bo‘yicha qimmat o‘nlikka, shuningdek, Ispaniya (1,201 mlrd yevro), Portugaliya (1,154 mlrd), Germaniya (1,020 mlrd), Niderlandiya (756 mln yevro), Argentina (748 mln), Urugvay (590 mln) va Belgiya (562 mln) terma jamoalari kirdi.
AQSh (365 mln yevro, qimmatligi bo‘yicha 15-o‘rinda) — Yevropa va Janubiy Amerikadan bo‘lmagan eng qimmat terma jamoa.
Senegal (351 mln yevro, 16-o‘rin) — Afrikaning, Yaponiya (205 mln yevro, 20-o‘rin) — Osiyoning eng qimmat terma jamoasi.
Eng arzon uchlik — Avstraliya (38 mln yevro), Qatar (29 mln yevro) va Kosta-Rika (23 mln yevro).
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter