Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Qashqadaryoda gidrometorologik xavfli jarayonlar yuzaga keldi — FVV

Qashqadaryoda gidrometorologik xavfli jarayonlar yuzaga keldi — FVV

Foto: FVV

Bugun, soat 09:00 dan 12:00 ga qadar Qashqadaryo viloyatining Shahrisabz, Qamashi, Dehqonobod, Yakkabog‘ va Kitob tumanlarida (20 m/s gacha tezlikda) kuchli shamol esishi va yog‘ingarchilik qayd etildi.

FVV xabariga ko‘ra, noqulay ob-havo natijasida viloyatning bir nechta tumanlarida gidrometorologik xavfli jarayonlar yuzaga keldi:

  • soat 11:03 larda Shahrisabz tumani «Chorshanbi» qo‘rg‘onidagi oziq-ovqat savdo do‘konining tom qoplamasini shamol uchirib yuborgan;
  • soat 11:25 larda Qamashi tumani «A.Navoiy» MFYda joylashgan yelim idishlarni yig‘ish punktining tom qoplamasi kuchli shamolda qulab tushgan. Voqea oqibatida uch nafar fuqaro turli darajada jabrlanib, tuman tibbiyot birlashmasiga murojaat qilgan;
  • soat 11:48 larda kuzatilgan shamol Yakkabog‘ tumani «Uchtepa» MFY, «Tosh» qishlog‘idagi uyning, «Navro‘z» MFY, «Navro‘z» qishlog‘idagi ikkita xonadonning qo‘shimcha binolaridagi tom qoplamalarini uchirgan;
  • soat 11:50 larda Kitob tumani «Qaynar», «Motmon» va «Qavzixona» qishloqlari hududidagi 4 dona elektr simyog‘ochi hamda «Tepaboshi» MFY hududida 1 ta yashash uyining tom qismi kuchli shamol natijasida qulab tushgan.

Yuzaga kelgan vaziyatlarni bartaraf etish uchun Qashqadaryo viloyati FVBning tarkibiy tuzilmalari hamda Favqulodda vaziyatlarning oldini olish va bunday vaziyatlarda harakat qilish davlat quyi tizimlarining 169 nafar qutqaruvchilari, avariya-tiklash brigadalari shaxsiy tarkibi va 26 ta maxsus texnika jalb etilgan.

Respublikamizning qolgan hududlarida, xususan, Jizzax, Navoiy, Sirdaryo va Toshkent viloyatlarida qisqa muddatli yog‘ingarchiliklar kuzatilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Dehqonobod tumani «Otkamar» MFYda 3 nafar fuqaroni yashin urgani xabar qilingandi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring