Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Qani bizning qahramonlar? Yoki oynai jahondagi «xasta» ko‘rsatuvlar

Qani bizning qahramonlar? Yoki oynai jahondagi «xasta» ko‘rsatuvlar

So‘nggi yillarda mamlakatimiz media bozorida qator o‘zgarishlar kuzatilib, yangicha formatdagi mahsulotlar ko‘lami kengayib bormoqda. Bu jarayonni biz bir qancha gazetayu jurnallar, radio va internet saytlarining faoliyat boshlashi va nodavlat telekanallarining ishga tushirilishida ko‘rishimiz mumkin. E’tirof etish joizki, aholimizga taklif etilayotgan har bir media mahsulot va teleko‘rsatuvlarning ortida yuzlab, hatto minglab ijodkor xodimlarning zahmatli mehnati yotadi.

Albatta, ommaviy axborot vositalarimizda zamon talablariga mos va rang-barang materiallarning ko‘payishi quvonarli hol. Ammo aholimizning aksar qismiga xizmat ko‘rsatish barobarida katta ta’sirga ega bo‘lgan ayrim nodavlat telekanallarimizda bugungi kunda efirga uzatilayotgan bir qator teledasturlar milliy mentalitetimiz va qadriyatlarimiz sarhadlarini qo‘pol ravishda toptab, yo‘rig‘ini topolmay har maqomga yo‘rg‘alayotgandek.

Afsuski, bu kabi xalqimizning milliy manfaatlari va o‘ziga xos qarashlariga zid bo‘lgan ko‘rsatuvlar soni kundan-kunga ko‘payib bormoqda. To‘g‘ri, e’tirofga loyiq yaxshi teledasturlar, ibratli seriallarimiz ham bor, ammo bugun ayrim kanallar efirlarida namoyish etilayotgan, o‘zligimizga, umuman insoniylikka yot yengil-yelpi qator ko‘rsatuvlar oldida yuqorida sanab o‘tgan, biz kutayotgan das­turlar juda ham kam.

Dard ustiga chipqon deganlaridek, shu kunlarda oynai jahonimizdagi ayrim «xasta» ko‘rsatuvlar qatoriga yana bir saviyasi sayozdan-sayoz ko‘rsatuv qo‘shilganligi achinarli. Yengil-yelpilikni targ‘ib etayotgan mazkur ko‘rsatuvning nomi «Ilk uchrashuv» emish. O‘zi «Yor, yor» kabi bachkana ko‘rsatuvlar, mazmuniga boqib beixtiyor «astag‘furilloh» deb yuboradigan «Alhazar» telenovellalari yetmay turuvdi! Agar mazkur ko‘rsatuvlarga sabringiz chidab, bir oz e’tibor qaratsangiz, ulardagi mazmun, mavzu, qo‘yingki, jarayonga taklif etilgan ishtirokchilarning efirda, millionlab tomoshabinlar oldida uyalmay-netmay aytayotgan gaplariga hayron boqib, yoqa ushlaysiz. Nahotki, ming yillardan buyon oilaning muqaddasligi, erkak oriyati, ayol-qizlarimiz sha’ni, nomusini asrab-avaylab, qadr­lagan millatning oynai jahonida shu qadar sharmandali holatlar ommaga namoyish qilinmoqda? 

«Ilk uchrashuv»da chiqqan bir qiz «Yigit menga yoqmadi, lapashang, bo‘sh ekan» desa (o‘sha lapashangning hamma tanish-bilishi ko‘ryapti-ku efirda), yana boshqa qizimiz chiqib ishtirokchi yigitga: «Menga baquvvat, kuchli erkaklar yoqadi, kuchlimisiz?» deyapti. Eng achinarlisi, omma oldida bu kabi tuturiqsiz gap­larni aytayotganlar orasida shu millatning, ziyoli ota-onalarning farzandlari, oliy ma’lumotli yigit-qizlarimiz ham bor. Bunday holatlarni ko‘rib qanday zamonga tushib qoldik, qani bizning o‘zligimiz, qani ko‘p asrlardan buyon qadr­lanib kelayotgan qadriyatlarimiz, deya og‘ir o‘ylarga toladi, odam.

Shu o‘rinda mazkur ko‘rsatuv va seriallarni «ijod» qilayotgan, uni ommaga, xalqimizga namoyish qilishga yo‘l qo‘yib berayotgan ayrim telekanallar ijodkorlari va mas’ullariga bir savolim bor: millatning e’tiboriga bunday g‘oyaviy-badiiy jihatdan qashshoq «asar»larni namoyish qilishga qanday haqqingiz bor? Nahotki bizning xalqimiz shunga loyiq bo‘lsa, nahotki sizlarning o‘zbek tomoshabinlariga bo‘lgan hurmatingiz shu qadar past? Yoki g‘oyaviy-badiiy jihatdan pishiq ko‘rsatuvlar, seriallar yaratishga bizning jamiyatimizda mavzu qurib qolganmi?

Aslini olganda, bugun jamiyatimizda aholimizga boy ma’naviy ozuqa beruvchi, yurtdoshlarimiz orasida mehr-oqibat, insoniy qadriyatlarni tarannum etuvchi, yoshlarimizni vatanparvar, har jihatdan barkamol qilib tarbiyalash borasida ibrat bo‘la oladigan mavzular talaygina. Bunday noyob mavzularni qidirib uzoqqa borish shart emas. Faqat millat va jamiyat taqdiriga daxldorlik hissi bilan atrofimizdagi yurtdoshlarimiz turmushiga, mehnat faoliyatiga e’tiboringizni qaratsangiz, kifoya.

Mana, birgina misol, yaqin o‘tgan davrdagi pandemiya holatida qanchadan-qancha shifokorlarimiz va sohaga aloqador boshqa kasb egalari har bir bemorning hayotini saqlab qolish, har bir fuqaroning salomatligini asrash yo‘lida tilsiz yov bilan mardonavor kurashib, o‘z xizmat vazifasini sid­qidildan bajarish chog‘ida kerak bo‘lsa salomatligini, hayotini o‘rtaga qo‘yib bo‘lsa ham fidoiylik namunasini ko‘rsatganiga barchamiz guvoh bo‘ldik. Aslini olganda, ularning har bir davrdagi faoliyatida ko‘p­lab qahramonliklar topiladi. Mana shularning faoliyatini yorituvchi ko‘rsatuvlar, ekran asarlari yaratsa bo‘ladi-ku! Yoki ob-havoning issiq-sovug‘iga qaramay, har qanday sharoitda fuqarolarimizning tinch­ligi, haq-huquqlarini himoya qilish borasida tun-kun o‘zining sharafli xizmat faoliyatini olib borayotgan Ichki ishlar va huquqni muhofaza qiluvchi boshqa organlar xodimlari safida ham minglab zamonamiz qahramonlari borki, ularning faoliyatiga oid ko‘p­lab ibratli asarlar yaratish mumkin.

Favqulodda vaziyatlar vazirligi tizimida ham ko‘plab o‘z kasbining fidoyilari faoliyat olib bormoqda. Ular fuqarolarimizning jonini, mulkini muhofaza qilish, turli ob-havoning injiqlik­lariyu insonlarning eh­tiyotsizligi oqibatida kelib chiqadigan falokatlardan asrash yo‘lida turli xavf-xatarlarga qaramay sharafli vazifasini namunali tarzda olib bormoqdalar.

O‘zim ham ko‘p yillar Favqulodda vaziyatlar vazirligi tizimida faoliyat olib borganligim uchun xizmat davrimda ko‘p bora insonlar hayotini asrab qolish yo‘lida o‘z jonini xavf ostiga qo‘yib bo‘lsa-da qahramonlik ko‘rsatgan insonlarni ko‘rdim.

Umuman olganda, bu ro‘yxatni uzoq davom ettirish mumkin, chunki atrofimizdagi har bir yo‘nalish, kasb-korga qarasangiz, o‘ziga yuklatilgan mas’uliyatni chuqur his qilib, mehnat faoliyatini fidoyilik bilan olib borayotgan zamonamiz qahramonlari chiqib kelaveradi. Bu yoshlarga sifatli ta’lim berish yo‘lida tinimsiz izlanib, beminnat mehnat qilayotgan o‘qituvchi yoki xalqimiz dasturxonini turli nozu ne’mat bilan ta’minlayotgan oddiy dehqon bo‘lsin, umuman, barcha yo‘nalishlarda Vatan taraqqiyoti, jamiyat farovonligi, turmushimiz to‘kinligi uchun o‘z umrini, salohiyatini sarf etib, bugungi kunimiz kechagidan, ertamiz bugundan yanada yaxshi bo‘lishi kerak deb zahmat chekayotgan qahramonlarimiz ko‘p-ku! Nega shularni ekranlarimizda ko‘rmayapmiz?

Agarda ko‘rsak ham bunday namo­yishlar efirlarga kam uzatilmoqda.

Afsuski, bugun oynai jahonimizdagi aksar ko‘rsatuv va seriallarning qahramonlari milliy maqsad u yoqda tursin, hali o‘zining yashashdan maslagini ham to‘liq ang­layolmagan «pufak» qahramonlardir. Ularning o‘rniga o‘zining halol va beminnat faoliyati bilan haqiqiy ibrat maktabini namoyon qilayotgan chin qahramonlarimizga oid namoyishlar ko‘proq berib borilsa, badiiy asarlar orqali xalqimizga, yoshlarimizga ibrat sifatida ko‘rsatilsa, ayni muddao bo‘lardi. Zero, bugun xalqimiz o‘z qahramonlarini ko‘rishni istaydi!

To‘ramirza Oripov,
«Jasorat» medali sohibi,
iste’fodagi podpolkovnik.
Adolat» gazetasidan)

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring